Elеktr yoki gidrokuchaytirgichli chambarak: qay biri afzal?

Elеktr yoki gidrokuchaytirgichli chambarak: qay biri afzal?

Keyingi yillarda dunyo avtomobil sanoatiga fan va texnika hamda axborot texnologiyalarining so‘nggi yutuqlarini joriy etish sababli sohada butunlay yangi bosqich boshlangani hech kimga sir emas. Buning natijasida, avtomobillardagi yon oynalarni avtomatik ko‘tarib tushirish yoki yonilg‘i datchiklari hamda o‘z davrida yangilik  sifatida zo‘r quvonch bilan qarshi olingan funksiyalar, bugungi kunda o‘tmishning ixtirosi sifatida esga olinadigan bo‘ldi.

Bir paytlar avtomobil boshqarishdan oladigan zavq hisobiga mexanik rul chambaragini burish uchun qancha energiya sarflashimiz xayolimizga ham kelmasdi. Ayni paytda rul boshqaruvi turli kuchaytirgichlar bilan jihozlangan zamonaviy avtomobillarni boshqarishga ko‘nikib qolgan aksariyat yurtdoshlarimiz bunday kuchaytirgichlarsiz avtomobillarda rul chambaragini aylantirish biroz kuch talab etgani bois, ularni boshqarishdan butunlay voz kechib qo‘ya qolishmoqda.    

Bugungi kunda  nafaqat dunyodagi zamonaviy avtomobillar, balki  yurtimizda ishlab chiqarilayotgan avtomobillar ham gidrokuchaytirgichli (gidravlik) yoki elektrkuchaytirgichli rul boshqaruvi bilan jihozlanmoqda.  Ularning fuksiyasi juda oddiy bo‘lib, avtomobil old g‘ildiraklarining rul chambaragi orqali burilishini yengillashtirish bilan birga  haydovchiga nafaqat qulaylik yaratish, balki haydovchi va yo‘lovchilarning xavfsizligini ta’minlashdan iborat.

Gidrokuchaytirgichli rul boshqaruvi − yuqori va past bosim ostida  maxsus suyuqlik harakatlanishi uchun mo‘ljallangan  o‘zaro birikuvchi o‘tkazgich quvurlarni o‘zida jamlagan bo‘lib, ulardagi suyuqlik nasos yordamida tizimga haydaladi. Gidrokuchaytirgichli rul boshqaruvining maxsus  suyuqligi nasos bilan birikkan qutida saqlanadi.  Rul chambaragini burish jarayonida  mazkur suyuqlik bosim ostida taqsimlagich orqali  boshqaruv mexanizmiga uzatib beriladi.   Bu yerda suyuqlik  rul chambaragi burilishini osonlashtirishga imkon beradigan bosimni hosil qilish maqsadida gidrosilindrga tortiladi.

Qachonki avtomobil to‘g‘ri yo‘nalish bo‘yicha harakatlanayotganda  boshqaruv mexanizmiga uzatilgan maxsus suyuqlik yana  qutiga kelib tushadi. 

Elektrkuchaytirgichli rul boshqaruvi  elektr dvigatel va  elektron boshqaruv blokidan iborat tizimni o‘z ichiga oladi. Gidrokuchaytirgichli rul boshqaruvidan farqli ravishda elektrokuchaytirgichli rul boshqaruvi  bevosita rul chambaragiga yoki rul valiga o‘rnatiladi. Burash lahzasi esa rul boshqaruvi tizimiga  ko‘ndalangiga o‘rnatilgan val orqali amalga oshiriladi. 

Agar gidrokuchaytirgichli  rul boshqaruvida rul chambaragiga tushadigan kuch tizimda harakatlanuvchi suyuqlik yordamida yengillashtirilsa, elektrkuchaytirgichli rul boshqaruvida esa  bu ish bevosita elektr energiyasi yordamida amalga oshiriladi.  Misol uchun  rul chambaragi burilayotgan paytda  kuch  ko‘ndalang val orqali  rul mexanizmiga  uzatilsa,  elektrkuchaytirgichning burash lahzasi datchigi bu harakatni  boshqaruv blokiga yuborish orqali vaziyatdan chiqadi. 

Gidrokuchaytirgichli rul boshqaruvining afzalligi

1.    Narxining arzonligi bilan alohida ajralib turadi. 
2.    Elektrkuchaytirgichli  rul boshqaruviga qaraganda rul mexanizmiga burash lahzasini uzatish quvvati  ancha katta bo‘lib,   bu yuqori  bosim ostida ushlab turishni ta’minlaydi.

Gidrokuchaytirgichli rul boshqaruvining kamchiliklari

1.  Gidrokuchaytirgichli rul boshqaruvi bilan jihozlangan avtomobillarda  rul chambaragini eng oxirgi holatda  besh soniyadan ortiq ushlab turib bo‘lmaydi.  Chunki bunday holatning ko‘p takrorlanishi  tizimdagi maxsus suyuqlikning  qizishiga hamda  rul gidrokuchaytirgichining ishdan chiqishiga olib keladi. 

2.    Gidrokuchaytirgichli rul boshqaruvini  kamida yiliga ikki marta  muntazam nazorat qilib yurish zarur.  Shuningdek, doimo  tizimdagi maxsus  suyuqlikni ma’lum muddatlarda almashtirish uning darajasini kuzatib borish hamda shlang va o‘tkazgichlarda yoriqlar paydo bo‘lmaganini  nazorat qilib zarur.   

3.    Gidrokuchaytirgichli rul boshqaruvi to‘g‘ridan-to‘g‘ri dvigatelning ishiga qaram bo‘lib, qachon nasos  faoliyatini boshlaganda  dvigatel quvvatining bir qismini o‘zi uchun tortib oladi.  To‘g‘ri yo‘lda katta tezlikda harakatlanayotganda esa  nasos tortib oladigan dvigatelning  ma’lum quvvati bekor sarflanadi.  Chunki bunday paytda  gidrokuchaytirgichli  rul boshqaruviga deyarli, ehtiyoj sezilmaydi. 

4.     Gidrokuchaytirgichli rul boshqaruvi bilan jihozlangan avtomobillarda  haydovchi tomonidan  avtomobilning harakatlanishi va  foydalanish  holatidan kelib chiqib,   gidrokuchaytirgich ishini sozlash imkoni yo‘q.  Katta tezlikda harakatlanayotganda  gidrokuchaytirgichning rul chambaragi harakatiga  ta’sirchanligi kamayadi. Bu esa bunday paytda haydovchi to‘satdan qisqa manevrlarni  amalga oshirishiga imkon bermaydi. 

Elektrkuchaytirgichli rul boshqaruvining afzalligi

1.    Tuzilishi va foydalanishning oddiyligi.  Bunday rul boshqaruvi bilan jihozlangan avtomobillarni boshqarayotgan haydovchidan faqatgina  tebranib turuvchi podshipniklarning holatini kuzatib turish talab etiladi. 

2.    Elektrkuchaytirgichli rul boshqaruvining ixcham o‘lchamlari joyni tejash uchun imkon beradi.  Bir qancha avtomobillarga aynan, kapot ostiga emas, balki rul vali bilan yaxlit holda avtomobil saloniga o‘rnatiladi.

3.    Elektrkuchaytirgichli rul boshqaruvi tufayli  yonilg‘ini tejash imkoni paydo bo‘ladi. Chunki elektrkuchaytirgichli rul boshqaruvida gidrokuchaytirgichli rul boshqaruvidan farqli ravishda, nasos motori faqatgina rul burilayotganda faol holatga keladi. Bundan tashqari, u dvigatelni zo‘riqtirmaydi va uning quvvatini tortib olmaydi.

4.    EBU yordamida  elektrkuchaytirgichning ishlash holatini ehtiyojingizga va  ma’lum bir foydalanish sharoitiga qarab sozlash mumkin. 

5.    Elektrkuchaytirgichli rul boshqaruvi o‘rnatilgan avtomobillarda rul chambaragini  eng oxirgi  holatda  vaqt cheklovlarisiz bemalol ushlab turish mumkin. 

6.     Katta tezlikda harakatlanayotganda  rul chambaragining  kichik harakatiga ham ta’sirchanlik ortadi.  

Elektrkuchaytirgichli rul  boshqaruvining kamchiliklari

1.    Narxining balandligi.

2.    Elektr motorning quvvati kamligi bois, uni  biroz  og‘irroq bo‘lgan transport vositalari, jumladan, yirik krossover, pikap va yuk avtomobillariga o‘rnatib bo‘lmaydi.

Shuni alohida ta’kidlash kerakki, har ikkala  kuchaytirgichli rul bosharuviga ega bo‘lgan avtomobillar ham haydovchilarga  qulaylik yaratish bilan birga,  ularning xavfsizligi uchun xizmat qilishi turgan gap.  Shuning uchun avtomobil xarid qilishda,  aynan mana shu jihatga alohida e’tibor qaratishni maslahat bermaymiz. “GM Uzbekistan” avtomobil zavodida ishlab chiqarilgan avtomobillardan Matiz, Nexia, Cobalt, Lacetti, Captiva  avtomobillari va Sparkning LS M/T, LT M/T modifikatsiyalari gidrokuchaytirgichli rul boshqaruvi bilan jihozlangan. 

Malibu, Orlando avtomobillari va Sparkning LT A/T modifikatsiyasi elektrokuchaytirgichli rul boshqaruvi bilan jihozlangan.

Хабарларни тез ва осон ўқиш учун Андроид иловамизни сақлаб олинг.