O‘zbekistonda 10 oyda YTHlar oqibatida 226 nafar bola halok bo‘ldi

O‘zbekistonda 10 oyda YTHlar oqibatida 226 nafar bola halok bo‘ldi

O‘zbekistonda 2022-yilning yanvar-oktabr oylari davomida 7 636 ta yo‘l-transport hodisasi (YTH) qayd etilib, ular oqibatida 7 174 kishi jarohatlangan, 1 931 kishi halok bo‘lgan. Halok bo‘lganlarning 226 nafari bolalardir. Ushbu ma’lumotlar Senatning Mudofaa va xavfsizlik qo‘mitasida 29-noyabr kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda ma’lum qilindi.

Qo‘mita raisi Qutbiddin Burhonov bolalar o‘limi bilan bog‘liq holat haqida to‘xtalarkan, jumladan, shunday dedi: «Bu holat barchamizda birdek tashvish uyg‘otadi. Biz 200 dan ziyod bolaning o‘limi haqida gapiryapmiz, vaholanki tinch zamonda bir nafar bolaning ham bu tarzda halok bo‘lishi – fojia».

Yig‘ilishda tuman (shahar)lar kesimida «Xavfsiz yo‘l» indeksini yuritish amaliyoti yo‘lga qo‘yilgani, «Umr tezlikdan muhimdir» va «Xavfsizlik kamari — hayot garovi» shiorlari ostida kompleks targ‘ibot va tashviqot ishlari tashkil etilganiga qaramay, o‘limga olib kelgan YTHlar soni kamaymayotgani ta’kidlab o‘tilgan.

Ma’lumot uchun, butun 2021-yil davomida O‘zbekistonda 10 001 ta YTH yuz bergan bo‘lib, ushbu hodisalar oqibatida 9 230 kishi tan jarohati olgan, 2 426 kishi halok bo‘lgan. Mamlakatda 2019 va 2020-yillarda YTHlar oqibatida mos ravishda 1 915 va 1 962 kishi halok bo‘lgan edi.