Yurtimizda yo‘l harakati xavfsizligi haftaligi boshlandi

Yurtimizda yo‘l harakati xavfsizligi haftaligi boshlandi

Maktabgacha ta’lim vazirligi, Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamenti Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati, Xalq ta’limi vazirligi, UNICEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi hamda Sog‘liqni saqlash vazirligi global kampaniya doirasida O‘zbekistonda yo‘l harakati xavfsizligi haftaligi boshlanganini e’lon qildi.

Jahon yo‘l harakati xavfsizligi haftaligining maqsadi ko‘plab o‘lim va jarohatlanishlarga sabab bo‘layotgan yo‘l-transport hodisalari muammosiga e’tibor qaratishdir. Bu yil global miqyosdagi kampaniya yuqori tezlikni kamaytirishga qaratilgan. Chunki aynan shu holat jiddiy jarohatlar va o‘limga olib keladigan asosiy sabablardan biridir. 

– Maktabgacha yoshdagi bolalar uchun, ularning atrofidagi transport visotalarini sezish qiyinroq. Ular atrofdagi vaziyatni baholay olmaydilar. Shu bois transport vositalaridan foydalanayotganda ota-onalar bolalar o‘rindiqlaridan foydalanmasliklari va bolaga xavfsizlik kamarini taqmasliklari, shuningdek, piyodalar yo‘lagida qarovsiz qoldirishi ko‘pincha yo‘l-transport vositalarida bolalarning jarohatlanishi va halok bo‘lishiga sabab bo‘ladi. Piyoda bolalar o‘zlarining e’tiborsizligi tufayli aksariyat hollarda avtomobil g‘ildiraklari ostiga tushib qolishadi, kattalar aybi bilan avtomobillarda yo‘lovchi bolalar jarohatlanib halok bo‘ladi, – deydi maktabgacha ta’lim vaziri Agrippina Shin. 

Ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda joriy yilning dastlabki uch oyida 1 ming 469 ta yo‘l-transport hodisasi qayd etilgan bo‘lib, ulardan 204 tasi bolalar ishtirokida sodir bo‘lgan, 39 tasi o‘limga sabab bo‘lgan. Qurbonlarning aksariyati o‘smirlardir. Yo‘l-transport hodisalarining asosiy sabablari tezlikni oshirish (455 ta), yo‘l harakati qoidalariga rioya qilmaslik (110 ta) va zarur infratuzilmaning yo‘qligi (250 ta), jumladan, piyodalar o‘tish joyining yo‘qligi (804 ta) bo‘lgan. 

Ayrim mamlakatlar tajribasi shuni ko‘rsatadiki, oqilona sarmoya evaziga yo‘l-transport hodisalarining to‘liq oldini olish mumkin. Ta’kidlanishicha, quyidagi chora-tadbirlar yo‘l-transport hodisalarida bolalar o‘limini sezilarli darajada kamaytirishga ko‘mak berishi mumkin: 

– yo‘l harakatining barcha qatnashchilari, jumladan, o‘smirlar va yoshlar uchun qonunlar ijrosini ta’minlaydigan milliy qonunchilik va siyosatni mustahkamlash; 

– infratuzilma va avariyadan keyingi xizmatlar; 

– maktab hududini yaxshilash dasturlari va maktab hududida yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun jarimalar tizimini ishlab chiqish; 

– yangi haydovchilarga haydovchilik guvohnomalarini berishning ishonchli tizimini ishlab chiqish va joriy etish; 

– maktab o‘quvchilari uchun yo‘l harakati xavfsizligi bo‘yicha o‘quv dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirish; 

– aholi xabardorligini oshirish bo‘yicha samarali tizimini ishlab chiqish va joriy etish; 

– fuqarolik jamiyati tashkilotlarini qo‘llab-quvvatlash.

Сайтимиз хабарларини Одноклассникидаги саҳифамизда кузатиб боринг!