1-noyabrdan bosqichma-bosqich tajriba-sinov tariqasida pullik to‘xtash joylari tashkil etiladi

1-noyabrdan bosqichma-bosqich tajriba-sinov tariqasida pullik to‘xtash joylari tashkil etiladi

Xalq deputatlari Toshkent shahar kengashining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda jamoat transportlarini yangilash hamda yer maydonlarini nazorat qilishdagi masalalar ko‘rib chiqildi.

Qayd etilishicha, poytaxtda jamoat transportlari harakat tarkibini zamonaviy, ekologik toza avtobus va elektrobuslar bilan yangilash maqsadida 20 ta elektrobuslar xarid qilingan. Undan tashqari «Samarqand avtomobil zavodi» 60 ta zamonaviy avtobuslarni yetkazib berdi. Kelgusida yana 200 ta pastpolli avtobuslarni olish yuzasidan shartnoma imzolangan.

Joriy yilning 9 oyi yakuni bo‘yicha 211 dona, yil yakunigacha esa jami 390 dona yangi zamonaviy avtobuslar poytaxtga olib kelinishi ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, 2023-2025-yillarda sotib olinishi rejalashtirilgan 653 ta elektrobuslarni xarid qilish uchun Jahon banki va Osiyo taraqqiyot banki bilan muzokaralar olib borilmoqda.

Shu bilan birga, 10 ta markaziy ko‘chalarda avtomobillarning yo‘l bo‘yida pullik to‘xtash joylarini tashkil etish ishlari ham olib borilmoqda. Bunday pullik to‘xtash joylari 2022-yilning 1-noyabridan bosqichma-bosqich tajriba-sinov tariqasida ishga tushirilishi rejalashtirilgan.

Majlisda Yer nazorati bo‘yicha ham monitoring tadbirlari amalga oshirilgani yuzasidan ma’lumot berildi. Ta’kidlanishicha, ushbu tadbirlar davomida 1123 ta (18,78 gektar) qonun buzilish holatlari aniqlangan. Xususan, o‘zboshimchalik bilan yer maydonlarini egallab olish yuzasidan 448 ta, yer tuzish loyihalaridan o‘zboshimchalik bilan chetga chiqish, davlat yer kadastri yuritish qoidalarini buzish bo‘yicha 16 ta va davlat ro‘yxatidan o‘tmaganlik yuzasidan 425 ta holat qayd etildi. Qonunbuzarlarga nisbatan jarimalar qo‘llanildi.

Мавзу:

#янгилан