22-sentyabr - Avtomobilsiz kun. Nega hamma avtomobilda ishga otlandi?

22-sentyabr - Avtomobilsiz kun. Nega hamma avtomobilda ishga otlandi?

Bugun 22-sentyabr yurtimizda avtomobilsiz kun sifatida nishonlanadi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining  2020-yil 19-noyabrdagi “Aholining sog‘lom turmush tarzini qo‘llab-quvvatlash va jismoniy faolligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 735-sonli qaroriga ko‘ra har yili 22-sentyabr yurtimizda “avtomobilsiz kun” sifatida nishonlanishi belgilab qo‘yilgan. Bunda asosan yurtimizda ekologiyani asrash, insonlarning salomatligini saqlash, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish kabi ezgu maqsadlar ko‘zlangan edi.

Dastlab, ushbu sana Turizm va madaniy meros vaziri Aziz Abduhakimov  tashabbusi bilan aksariyat rahbarlar ishga velosipedda kelishi bilan nishonlangandi. Bu yil  mazku sana nishonlangani umuman sezilmadi.  Poytaxtimizda birgina  Maxtuquli ko‘chasidan “Yangi O‘zbekiston” bog‘igacha bo‘lgan masofada “Velosiped kuni” aksiyasi o‘tkazilganini aytmasa, deyarli barcha yurtdoshlarimiz odatdagidek o‘z avtomobillarida ishga  kelishdi. Ho‘sh, transport vositasi ko‘pligi bo‘yicha birinchi o‘rinda turadigan poytaxtimizda hukumat qaroridagi 22 sentyabrni “Avtomobilsiz kun” sifatida nishonlash to‘g‘risidagi bandining ijrosi nega bu yil ta’minlanmadi? Buning asosiy sababi nimada?

Men birinchi navbatda Respublika IIV JXD YXXB, Transport vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Sanitariya va epidemiologik osoyishtaligi agentligi, “Toshshahartransxizmat” AJ rahbarlarining mana shu kuni jamoat transportida ishga kelishlarini xohlardim. Chunki xalqimiz tomonidan avtomobilsiz kun sifatida munosib nishonlanmaganining asosiy aybdorlari aynan mana shu tizim rahbarlari deb bilaman. Keling batafsil tushuntirib beraman.  Bundan bir hafta yoki 10 kun oldin aynan mana shu davlat tashkilotlari tomonidan 22-sentyabr avtomobilsiz kun sifatida nishonlanishi, shu kuni  yurtdoshlarimiz  o‘z avtomobillarida emas piyoda, velosipedda, jamoat trasportlarida harakatlanishi lozimligi  targ‘ib qilinishi, aynan mana shu kuni piyoda va velosipedda harakatlanuvchilarga qanday qulayliklar yaratilishi-yu, avtomobilsiz harakatlanish natijasida ularning salomatligida qanday ijobiy o‘zgarishlar bo‘lishi, poytaxtda qatnovchi jamoat transportlari soni qanchaga oshirilishi-yu ularning oraliq  vaqti  qanchaga qisqartirilishi, jamoat transportlaridagi ozodalikning bugungi holati  haqida ma’lumotlar berib borishi, bir so‘z bilan aytganda yurtdoshlarimizni qiziqtirishi kerak edi.  

Birgina poytaxtimizda boshqa viloyatlarga nisbatan jamoat transport qatnovi yaxshi yo‘lga qo‘yilgan bo‘lishiga qaramasdan hali ham talab darajasida emas. Shaharning chekka hududlaridan  markazga  qatnovchi  avtobuslarning oraliq vaqtlari juda katta. Shuningdek bu yo‘nalishlarning aksariyatida asosan yillar davomida yaroqsiz ahvolga kelib qolgan avtobuslar harakatlanadi.

Darvoqe,  bu avtobuslar sanitariya talablariga deyarli javob bermaydi. Bu avtobuslar hattoki bir haftada ham bir marotaba “moyka” qilinmasa kerak. Qatnov yaxshi yo‘lga qo‘yilgan yo‘nalishlarda ham yurtdoshlarimiz boradigan manziliga  avtobuslarda  bir-birining yelkasi yelkasiga tegib yetib olishga majbur.  Shu bois aksariyat insonlar jamoat transportiga chiqishni qo‘yaturing, ular haqida eslashni ham xohlamaydi.  Tasavvur qiling, ishga avtomobilsiz borishni bir kun oldin rejalashtirdingiz. Veloyo‘laklar talab darajasida bo‘lmagani uchun  jamoat transportidan foydalanishga qaror qildingiz. Ho‘sh, ertaga ishxonaga yetib olish uchun erta bilan qaysi avtobusga chiqish kerak?

Jamoat transportidan foydalanmaganingiz uchun qaysi avtobus qaysi yo‘nalishlarda yurishini bilmaysiz. Shuning uchun “Toshshahartransxizmat” AJning  avtobuslar yo‘nalishlari sahifasiga kirasiz. Bu sahifa esa 404 bo‘lib tursa nima qilasiz? Tag‘in yana axborot texnologiyalari rivojlangan bir asrda,  yurtimizning chekka bir viloyatida emas aynan poytaxtda-ya. Albatta qaroringizni o‘zgartirasiz va  yana avtomobilda ishga otlanasiz.

Velosiped yo‘laklarining ahvoli va yo‘l harakati qatnashchilarining  velosipedchilarga bo‘lgan munosabatini esa yaxshisi gapirmay qo‘ya qolay. Velosiped yo‘laklarini qurish bo‘yicha boshlangan ishlar ham oxiriga yetmasdan o‘lda-jo‘lda qolib ketdi.

Bu bora hali ko‘p ishlar qilinishi kerak. Bugun “Avtomobilsiz kun”da men ham avtomobilsiz ishga borib poytaxtimizning ekologiyasiga chiqadigan zaharli gazlarni kamaytiray, deb jamoat transportida ishga otlangandim. Mavjud muammolarni inobatga olgan holda odatdagidan barvaqt ishga otlangan bo‘lishimga qaramasdan ish joyimga yarim soat kech qolib  keldim va  kechikkanim uchun tushuntirish xati yozib berishga majbur bo‘ldim.  Shu bois bugun ham aksariyat yurtdoshlarimiz o‘zlarining shaxsiy avtomobillarida ishga o‘qishga otlanishdi. 

Albatta ma’lum bir sanani “avtomobilsiz kun” sifatida   nishonlash bu yaxshi odat. Lekin buning uchun  piyodalar yo‘lakchasi va veloyo‘laklar talab darajasida bo‘lishi, jamoat transportlari qatnovi yaxshi yo‘lga qo‘yilishi  va eng asosiysi bunga mas’ul bo‘lgan tashkilotlarning rahbarlari o‘zlari  piyoda, velosipedda yoki jamoat transportidan foydalangan holda ishga kelib,  boshqalarga o‘rnak bo‘lishi kerak.

Otamurod Abdullayev

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!