Avtoishqibozlarga qanday sovg‘a bеrgan ma’qul?

Avtoishqibozlarga qanday sovg‘a bеrgan ma’qul?

Hayotda kim bo‘lishidan qat’iy nazar, yetti yoshdan yetmish yoshgacha  bo‘lgan har bir inson  turli sanalar va voqealar munosabati bilan yaqinlariga unutilmas  sovg‘alar qilishni yoqtiradi. O‘z o‘rnida ulardan ham ana shunday sovg‘alar olishni istaydi. Biroq shuni unutmasligimiz kerakki, yoshimiz ulg‘aygani sari sovg‘alar ham «ulg‘ayib» boraveradi. Masalan avtomobillarni yoqtiradigan bolaga yoshligida yaqinlari tomonidan qilingan o‘yinchoq o‘t o‘chirish mashinalari yoki  poyga avtomobillari rusumlari bir olam quvonch bag‘ishlagan bo‘lsa, vaqt o‘tib ulg‘ayganidan so‘ng,  bunday sovg‘alar unga  kerak bo‘lmay qoladi.

Demak har bir sovg‘aning o‘z o‘rni va  tortiq qilinadigan vaqti bor. Bu jihatdan olib qaraganda, yaqin insonlariga sovg‘a olish borasida har bir inson bosh qotiradi. Biroq avtoishqibozlar  uchun sovg‘a tanlashda bosh qotirish shart emas.  Ularga xuddi bolalikdagi kabi  bir olam quvonch bag‘ishlaydigan  ko‘ngilochar va foydali  sovg‘alar haqida esa ushbu  maqolamizda bilib olasiz. 

Sayohatga o‘ch avtoishqibozlar uchun sovg‘alar

Bunday insonlar doim yo‘lda o‘zlarining asosiy vaqtlarini o‘tkazishadi. Shu bois, avtomobil ular uchun nafaqat harakatlanish vositasi, balki ikkinchi uy ham hisoblanadi. Ular avtomobilda turli elektron qurilmalarni quvvatlantirishga, ovqatlarni saqlash va olib yurishga, kiyim hamda boshqa kerakli narsalarni avtomobilda saqlashga, hattoki, zaruriyat bo‘lganda avtomobilda tunashga ham ehtiyoj sezishadi. Bunday insonlarga sayohatning  juda qulay o‘tishini ta’minlovchi har qanday avtomobil jihozlari: termokrujkalar, termos, muzlatgich sumkalar,  ixchamgina yostiqchalar, avtomobil belkuragi,  GPS-navigator, o‘rindiqlarni isitgich va shu kabilar, aynan ko‘ngildagi sovg‘a  hisoblanadi.

Ulardan ayrimlari, misol uchun  termokrujka, isitgich, fonar nafaqat  sayohatni hush ko‘ruvchi avtohavaskorlarga, balki asosiy vaqtini  avtomobil boshqarish bilan o‘tkazadigan aksariyat haydovchilarga ham asqotadi. Yana bir shunday sovg‘alar toifasiga kiruvchi  ajoyib narsa – bu uskunalar paneliga qo‘yiladigan  gilamcha - (avtomobilnaya lipuchka) bo‘lib, uncha  katta bo‘lmagan  bu gilamchaning bir tarafi  avtomobil salonida haydovchiga qulay  joyga yopishtiriladi. Misol uchun  uskunalar paneliga. Uning boshqa  tarafiga esa haydovchining qo‘l ostida turishi lozim bo‘lgan narsalarni biriktirib  qo‘yish mumkin.  (Qo‘l telefoni, kalitlar, yozuvchi buyumlar va hokazo)

Havaskor avtoustalar uchun sovg‘alar

Avtoishqibozlar orasida  shunday toifadagi insonlar borki, ular doimo  o‘z avtomobillarini yanada mukammallashtirish yoki texnik ta’mirlash ishlari bilan band bo‘lishadi. Bu kabi insonlarga avtomobildagi nosozliklarni tuzatish, ularni hosil bo‘lishdan oldin aniqlash va bartaraf etish rohat bag‘ishlaydi. Shuning uchun ular tez-tez o‘z vaqtlarini garajda dvigatel ta’mirlash yoki o‘z avtomobillarining elektron jadvalini  o‘rganish bilan o‘tkazishadi. Bunday avtoishqibozlarga esa  albatta,  zamonaviy ta’mirlash qurollari  to‘plami, avtokompressor yoki so‘nggi rusumdagi  avtomobil odeyallari (avtoodeyalo) munosib sovg‘a bo‘ladi.  

Tozalikni xush ko‘ruvchi avtomobilsozlar uchun sovg‘alar:

Siz sovg‘a bilan siylamoqchi bo‘lgan tanishingiz tozalik va tartibni yoqtiradigan bo‘lsa, u holda unga avtomobilda bunday holat hukmron bo‘lishini  ta’minlaydigan  jihoz (devays)lar juda ham ajoyib sovg‘a bo‘ladi. Masalan, bu avtomobillar uchun mo‘ljallangan changyutgich bo‘lishi mumkin. Bugungi kunda  ushbu qurilmaning  har biri o‘ziga xos funksiyalarni o‘zida mujassamlashtirgan ko‘plab turlari bor. Ozodalikni xush ko‘ruvchilar uchun yana avtomobil uchun mo‘ljallangan sayqal berish vositalari (polirollar) ham juda munosib sovg‘a bo‘ladi. Havo tozalovchi vositalarni ham bunday sovg‘alar sirasiga kiritish mumkin. Sifatli muqobil havo tozalagichlar avtomobil ionizatorlari hisoblanadi.

Avtomobil salonida bunday vositalarning mavjudligi nafaqat haydovchilarga, balki yo‘lovchilarga ham birdek xush yoqadi. Chunki avtomobil ionizatorlari salondagi havoni turli yoqimsiz hidlardan, balki changdan ham tozalaydi va yopiq avtomobil salonida havo oqimini to‘g‘ri yo‘lga soladi.

Texnik yangiliklarni qadrlovchi avtohavaskorlar uchun sovg‘alar

Nafaqat o‘z avtomobilini, balki  turli ko‘rinishdagi  texnik ishlanma va  yangiliklarni yoqtiruvchilar uchun nima sovg‘a qilish mumkin? – degan savolga  esa javob berish biroz murakkabroq. Chunki avtomobillar uchun mo‘ljallangan zamonaviy elektron qurilmalar va turli yangiliklarning narxi anchagina baland.  Bular avtomagnitafon, DVD-proigrivatel, radar detektor va videoregistratorlardir. Eng asosiysi,  siz tanlayotgan bunday qurilmalar sifatli va haydovchining did va qarashlariga mos bo‘lsin.

Ayol avtoishqibozlar esa  avtomobil saloni uchun mo‘ljallangan ichki bezaklarga alohida e’tibor bilan qarashadi. Biroq yuqorida aytib o‘tgan  sovg‘alarni aynan ular uchun ham  tanlasak bo‘laveradi. Agar siz ayol  haydovchilar uchun  sovg‘a qilmoqchi bo‘lsangiz, bu albatta, avtomobilning old oynasiga yopishtiruvchi moslama o‘rnatilgan ayiqchalarni xarid qilish degani emas.  Avtomobil boshqaruvchi xotin-qizlar ham  termokrujka, yopishqoq gilamcha va sifatli  magnitafonlarga  ehtiyoj sezishadi va bunday sovg‘alarni yaqinlaridan olish ular uchun ham yoqimlidir.

Сайтимиз хабарларини Одноклассникидаги саҳифамизда кузатиб боринг!