Avtomobil tarixiga oid ma’lumotlarni olish mumkinmi?

Avtomobil tarixiga oid ma’lumotlarni olish mumkinmi?

Hozirgi kunda savdo aylanmasi bo‘yicha avtomobil savdosi  ichki bozorda eng yuqori o‘rinlarda turadi.

Buning katta qismini ikkilamchi(foydalanilgan) avtomobillar savdosi hisoblanadi. Shuning uchun fuqarolarda sotib olayotgan avtomobillari haqida to‘liq malumot olishga bo‘lgan talab hamisha yuqori bo‘lgan.  Shu kungacha to‘liq malumot olish fuqarolarda birqancha ovoragarchiliklarni ham keltirib chiqarayotgan edi. Joriy yilning 9-mart kuni hukumatning “Avtomobil tarixi” ma’lumotlarini taqdim etish bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti tasdiqlandi.

Qarorga ko‘ra, 2022-yil 1-maydandan boshlab “Avtomobil tarixi” ma’lumotlarini shartnomaviy asosda DXM, YIDXP (my.gov.uz) yoki veb-saytlar va ularning ilovalari orqali aniqlash bo‘yicha davlat xizmati yo‘lga qo‘yiladi, hamda  avtotransportni texnik ko‘rikdan o‘tkazish jarayonida avtotransportning bosib o‘tgan masofasi haqidagi ma’lumotlar, jumladan, texnik ko‘rikdan o‘tkazuvchi tadbirkorlar tomonidan ham majburiy tartibda axborot tizimiga kiritiladi.

“Avtomobil tarixi” ma’lumotlari quyidagilarni o‘z ichiga oladi: avtotransportning agregat ma’lumotlari, bosib o‘tgan masofasi, shartnoma tuzilganligiga oid ma’lumotlar (ishonchnoma, ijara, hadya), yo‘l-transport hodisasi sodir etilganligi, qoidabuzarliklar holati, garovga qo‘yilganlik holati, taqiq borligi yoki yo‘qligi, bojxona rasmiylashtiruviga oid ma’lumot, litsenziya olinganlik holati (yo‘lovchi tashish uchun).

Uning uchun davlat xizmatidan foydalanish uchun so‘rovnoma to‘ldiriladi (DXM, YIDXP, veb-sayt yoki ilova orqali) va ushbu ximat uchun  BHMning 10 foizi (27 ming so‘m) miqdorida yig‘im undiriladi. Ma’lumotlar real vaqt rejimida tayyorlanadi va ariza beruvchiga taqdim etiladi. Ma’lumotnoma shaxsga doir ma’lumotlar oshkor etilmagan holda beriladi (avtotransport mulkdori tomonidan o‘z “Avtomobil tarixi”ni bilish uchun yo‘llangan so‘rovnomalar bundan mustasno). Ariza beruvchilar O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tgan istalgan avtomobil haqida ma’lumot olishi mumkin.

Shayxontohur tuman adliya bo‘limi yetakchi maslahatchisi Yakubov Mirsamad

Мавзу:

#Avtomobil