“Avtomobilimning bo‘yog‘i ikki oydayoq ko‘chib tusha boshladi…”

“Avtomobilimning bo‘yog‘i ikki oydayoq ko‘chib tusha boshladi…”

YANGI “SPARK”NING SIFATSIZ BO‘YOQLARI

O‘tgan yilning oxirida sotib olgan “Spark M-Elegant/AT Plus” avtomobilimning bo‘yog‘i ikki oy ichida ko‘chib tusha boshladi. Mashina xarid qilingan “Lion Motors” MCHJga darhol murojaat qildim, biroq haligacha bu muammoyimga aniq yechim qilib berilmayapti… Men qanday yo‘l tutishim kerak?
N.B., Toshkent shahri

— Avtomobilning bo‘yog‘i sifatsiz chiqdi,  endi uni qanday almashtirish mumkin? Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligiga bunday dolzarb mavzularda ham ko‘plab iste’molchilar murojaat qilishadi. Endilikda qanday yo‘l tutish kerak: iste’molchi bo‘yoq nuqsonlari ma’lum bo‘lgan avtomobil bilan qolaverishi kerakmi yoki uni almashtirish huquqiga egami? Muammo tafsilotlari agentlikning hududiy tuzilmasi tomonidan o‘rganildi.

QARORGA ASOSAN…

Chakana savdo qoidalariga asosan kafolat muddati mobaynida avtomobillarni almashtirish, kuzov yoki kamida ikkita agregatni almashtirish zarur bo‘lgan taqdirda, ekspert komissiyasi qaroriga ko‘ra (ushbu qoidalarning 130-bandiga muvofiq) amalga oshiriladi.

NATIJADA…

Ishchi guruhi (iste’molchi, xizmat ko‘rsatuvchi va avtosalon xodimidan iborat) tomonidan o‘tkazilgan ekspertiza natijasida ko‘chayotgan bo‘yoqlar tuzatib bo‘lmaydigan nuqsonlar ekanligi ma’lum bo‘lib, iste’molchining da’volari tasdiqlandi. Masala qisqa fursatda hal etildi va eng muhimi “Lion Motors” MCHJ bilan iste’molchi o‘rtasida tuzilgan shartnoma asosida “Spark M-Elegant/AT Plus” nuqsonli avtomobil xuddi shunday rusumdagi yangi avtomobilga almashtirildi.

 AVTOSALONDAYOQ RAD ETILGAN YANGI AVTOMOBIL

— “Auto Center Namangan” MCHJ bilan tuzilgan shartnomaga asosan, 78 mln. 283 ming so‘mlik “Damas” rusumli avtomashina o‘z vaqtida yetkazib berildi. Ammo avtosalonda mazkur avtomashinani ko‘zdan kechirarkanman, hayratga tushdim: faralari qiyshiq va bo‘yoqlari ham sifatsiz, ya’ni ishlab chiqarishdagi nuqsonlar bor. “Damas”ni salondan olib ketishni xohlamadim va o‘zimga nuqsoni bo‘lmagan, sifatli avtomobil berishlarini talab qildim. Avtosalon xodimlari mening qonuniy talablarimni qo‘pol ravishda buzgan holda rad etishdi. Avtosalonga qayta-qayta qilgan murojaatlarim besamar ketdi…

X.M., Namangan viloyati

— Shartnoma bilan tanishib chiqilgach, yangi avtomashina ko‘zdan kechirildi. Barcha kamchiliklar  aniq bo‘lgani sababli ekspertizaga ehtiyoj bo‘lmadi. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi “Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunning 13-moddasiga asosan, nuqsonli tovar sotilganda iste’molchi, agar bu hol shartnoma tuzish paytida aytib o‘tilmagan bo‘lsa, o‘z xohishiga qarab quyidagilardan birini talab qilishga haqli:

tovarni ayni shunday markali (modelli, artikulli) maqbul sifatli tovarga almashtirib berish;
tovarni boshqa markali (modelli, artikulli) shunday tovarga almashtirib, uning xarid narxini tegishlicha qayta hisob-kitob qilish;

tovarning nuqsonlarini bepul bartaraf etish yoki iste’molchining yoxud uchinchi shaxsning nuqsonlarni bartaraf etishga qilgan xarajatlarini qoplash;

xarid narxini nuqsonga mutanosib ravishda kamaytirish;

shartnomani bekor qilib, ko‘rilgan zararni qoplash.

Qisqa vaqt ichida iste’molchining buzilgan huquqlari tiklandi: nuqsonlari bo‘lgan avtomobil xuddi shu rusumdagi, ammo sifatli, yangi avtomobilga almashtirildi.

Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi

bosh mutaxassisi Mahliyo MAHMUDOVA.

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!

Мавзу:

#Spark