Avtomototransportni boshqa shaxsga o‘tkazish shartnomasini tasdiqlashdagi davlat boji kamaymoqda

Avtomototransportni boshqa shaxsga o‘tkazish shartnomasini tasdiqlashdagi davlat boji kamaymoqda

Avtomototransport vositasini boshqa shaxsga o‘tkazish shartnomasini tasdiqlaganlik uchun (dvigatel quvvati hamda ishlab chiqarilgan muddatidan qat’i nazar) BHMning 3 baravari (hozirda 900 ming so‘m) miqdorida davlat boji undiriladi.

Bu Adliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan va Senatda ma’qullangan “Davlat boji to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonunda nazarda tutilgan.  

Aytib o‘tish kerakki, bugungi kunda davlat boji transport vositasi turi va dvigatel quvvati hamda ishlab chiqarilgan muddatiga qarab BHMning 2 baravaridan 10 baravarigacha miqdorida oshib boradi.  

Bundan tashqari, ko‘chmas mol-mulkni boshqa shaxsga o‘tkazish bilan bog‘liq shartnomalarni tasdiqlaganlik uchun agar ko‘chmas mol-mulk Toshkent, Nukus shaharlari va viloyat markazlarida joylashgan bo‘lsa (kv.m dan qat’i nazar) BHMning 1 baravari (hozirda 300 ming so‘m), boshqa aholi punktlarida joylashgan bo‘lsa, BHMning 50 foizi (hozirda 150 ming so‘m) miqdorda davlat boji undiriladi.  

Amalda ko‘chmas mol-mulk Toshkent, Nukus shaharlari va viloyat markazlarida joylashgan bo‘lsa kv.m ga qarab BHMning 1 baravaridan 3 baravarigacha, boshqa aholi punktlarida BHMning 0,5 baravaridan 1,5 baravarigacha oshib boradi.  

Garov, ipoteka va lizing shartnomalarini tasdiqlashda jismoniy shaxslarga BHMning 1 baravari (hozirda 300 ming so‘m), yuridik shaxslarga BHMning 2 baravari (hozirda 600 ming so‘m) miqdorda davlat boji undiriladi.  

Amalda shartnoma summasiga qarab jismoniy shaxslarga BHMning 1 baravaridan 2 baravarigacha, yuridik shaxslarga BHMning 2 baravaridan 4 baravarigacha oshib boradi.  

Shuningdek, qarz shartnomalarini tasdiqlashda shartnoma summasidan qat’i nazar davlat boji BHMning 25 foizi qilib belgilandi. Amalda shartnoma summasiga qarab BHMning 25 foizidan BHMning 1 baravarigacha oshib boradi.  

Shaxsiy jamg‘arib boriladigan pensiya hisob-varag‘idagi pul mablag‘lari uchun merosga bo‘lgan huquqi to‘g‘risida guvohnoma berganlik uchun davlat boji to‘lashdan ozod etish (amalda BHMning 30 foizi) imkoniyati yaratilmoqda.  

Bundan tashqari, davlat boji summasi kamaytirilishi hisobiga 142  milliard so‘mga yaqin mablag‘lar aholi ixtiyorida qoladi.  

Qonun kuchga kirishi natijasida davlat boji summasi optimallashadi hamda uni hisoblashda shaffoflikka erishiladi.

Сайтимиз хабарларини Одноклассникидаги саҳифамизда кузатиб боринг!