Benzin sotib olish uchun oylik pul kompensatsiyasi berilishidan xabaringiz bormi?

Benzin sotib olish uchun oylik pul kompensatsiyasi berilishidan xabaringiz bormi?

Vazirlar Mahkamasining 2006-yil 30-oktabrdagi 223-son qarori bilan tasdiqlangan Nizomga binoan avtomobil benzini sotib olish bo‘yicha quyidagi shaxslar uchun oylik pul kompensatsiyalari to‘lovlari joriy etilgan:

 👉 urush qatnashchilari va ularga tenglashtirilgan shaxslar;

👉 urush faxriylari va ularga tenglashtirilgan shaxslar;

👉 mehnatda mayib bo‘lish va kasb kasalligi tufayli I va II guruh nogironlar;

👉 I va II guruh bolalikdan nogironlar.

❗️ Kompensatsiya to‘lovi miqdori chakana savdodagi avtomobil benzini (chakana savdoda eng ko‘p tarqalgan) muayyan markasining 40 litri qiymatining 50 foizidan kelib chiqib Hukumat qarorlari bilan belgilanadi.

Eslatma! Avtomototransport vositalaridan foydalanish huquqi ishonchnoma bo‘yicha boshqa shaxsga berilganda oylik pul kompensatsiyasi olish huquqi yo‘qoladi.

Oylik pul kompensatsiyasi to‘lovini tayinlash uchun bunga huquqi bo‘lgan shaxs pensiyalar va nafaqalarni tayinlaydigan organlarga (O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi, Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, Elektron texnologiyalarini rivojlantirish markazi, Davlat bojxona qo‘mitasi organlari) quyidagi hujjatlarni taqdim etishi zarur:

ariza;

ariza beruvchining pasporti nusxasi;

imtiyozga bo‘lgan huquqlar to‘g‘risidagi guvohnomalar nusxalari (urush qatnashchilari va nogironlari hamda ularga tenglashtirilgan shaxslar uchun);

Tibbiy-mehnat ekspert komissiyalarining ma’lumotnomalari nusxalari (mehnatda mayib bo‘lish, kasb kasalligi tufayli nogironlar va bolalikdan nogironlar uchun);

ariza beruvchiga tegishli bo‘lgan avtomototransport vositasi texnik pasportining O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Yo‘l harakati xavfsizligi davlat xizmati organlarida davriy texnik ko‘rikdan o‘tganligi to‘g‘risida belgi qo‘yilgan texnik pasporti nusxasi;

avtomototransport vositasi egasining haydovchilik guvohnomasi nusxasi yoki Ikkinchi jahon urushi nogironi bilan doimiy birga yashaydigan va u bilan bir turar joy maydonida ro‘yxatdan o‘tgan oila a’zosining haydovchilik guvohnomasi, pasporti nusxalari va u tomonidan avtomototransport vositasidan foydalanish huquqiga ishonchnoma.

Хабарларни тез ва осон ўқиш учун Андроид иловамизни сақлаб олинг.