Bitta huquqbuzarlikni bir necha kishi rasm(video)ga olib jo‘natsa shtraf ham bir necha marta to‘lanadimi?

Bitta huquqbuzarlikni bir necha kishi rasm(video)ga olib jo‘natsa shtraf ham bir necha marta to‘lanadimi?

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi (MJtK)ning 3-moddasiga asosan ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi qonun hujjatlari qonuniylik, fuqarolarning qonun oldida tengligi, demokratizm, insonparvarlik, odillik va ayb uchun javobgarlikning muqarrarligi prinsiplariga asoslanadi. 

Odillik prinsipining mohiyati shundaki, ma’muriy jazo chorasi odilona bo‘lishi, ya’ni ma’muriy
huquqbuzarlikning og‘ir-yengilligiga, aybning va shaxsning qonunga xilof harakati yoki harakatsizligi darajasiga muvofiq bo‘lishi kerak.

E’tibor bering! Hech qaysi shaxs bitta ma’muriy huquqbuzarlik uchun ikki marta javobgarlikka tortilishi mumkin emas.

MJtKning 34-moddasiga ko‘ra bitta shaxs ikki yoki undan ortiq ma’muriy huquqbuzarlik sodir etgan taqdirda, ma’muriy jazo har bir huquqbuzarlik uchun alohida-alohida qo‘llaniladi.

Ushbu modda mohiyatidan ham anglashimiz mumkinki, shaxs tomonidan sodir etilgan bitta ma’muriy huquqbuzarlik uchun ikki marta javobgarlikka tortish mumkin emas. 

Demak, bitta huquqbuzarlik uchun ikkita jarima kelsa ham siz faqat bir marta to‘lov qiling bo‘ldi va shu to‘lov kvitansiyasi yoningizda bo‘lsin. 

Har qanday holatda ham ushbu to‘lov kvitansiyasi siz tomoningizdan sodir etilgan huquqbuzarlik uchun jarima to‘langanligini tasdiqlovchi hujjat hisoblanadi.