Chip-tyuning bu nima?

Chip-tyuning bu nima?

Avtomexaniklarning avtomobil quvvatini oshirish uchun dvigatelni yoki bo‘lmasa transmissiyani modernizatsiya qiladigan davr allaqachon o‘tmishga aylandi.  So‘nggi  25 yil davomida esa avtomobillarda turli xil datchiklardan keladigan turfa ma’lumotlarni qayta ishlab, dvigatel va uzatmalar qutisi ishini boshqaradigan ko‘plab elektron chiplardan foydalanish urfga kirdi. Xo‘sh, avtoishqibozlar orasida avtomobilning tyuning quvvati deb nomlanuvchi ushbu chiplar nimadan iborat?

Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, chip-tyuning bu – avtomobilning elektron boshqaruv bloki yordamida motorni qayta sozlash (rostlash) orqali dvigatel xarakteristikasini o‘zgartirish hisoblanadi. Shuni alohida ta’kidlash kerakki, avtoishlab chiqaruvchilarining aksariyati dvigatelning  ishlash muddatini uzaytirish uchun avtomobil boshqaruvining elektron blokini ataylab o‘rnatilgan dvigatelga qaraganda  quvvati kamrog‘iga moslashtirib qo‘yishadi. Bundan ko‘zlangan yana bir maqsad avtomobilga servis xizmati ko‘rsatish  oraliq muddatining  uzoqroq bo‘lishini ta’minlashdan iboratdir. 

Ko‘plab avtomobil egalari, dvigatel quvvatini oshirish uchun chip-tyuning qilishadi. Bundan tashqari, yonilg‘i sarfini kamaytirish uchun avtomobilning dasturiy ta’minotini tyuninglaydigan mutaxassislar ham borligini unutmasligimiz kerak.  Ular dvigatelning boshqaruv blokini kombinatsiyalangan tyuning qilib, kuch agregati boshqaruvi dasturini o‘zgartirish natijasida, yoqilg‘i sarfini kamaytirish va dvigatelning quvvatini oshirish kabi ishlarni ko‘z ochib yumguncha amalga oshirishadi.

Avtomobil bozorlarida dvigatel dasturiy ta’minotini tyuninglashning eng keng tarqalgan usuli, bu dvigateldagi original (shtatli) boshqaruv blokining dasturiy ta’minotini qayta sozlash (rostlash) hisoblanadi. Chiplashtirish avtomobil “miya”siga ulangan kompyuter va maxsus dastur yordamida amalga oshiriladi. Bu avtomobilni chip-tyuning qilishning eng keng tarqalgan va qimmat bo‘lmagan usuli hisoblanadi.

Dvigatel boshqaruv blokini chip-tyuning qilishning, original bo‘lmagan boshqaruv bloklari yordamida amalga oshiriladigan qimmat usullari ham mavjud. Tyuningning ushbu usulida imkoniyatlar yanada ko‘proq, lekin narxi ham shunga mos tarzda qimmat bo‘ladi. Ushbu usul qimmatligiga qaramasdan, dvigatel ishlashini sezilarli darajada yaxshilashga yordam beradi.

Barcha avtomobillarni chip-tyuning qilish mumkinmi?

Ilg‘or texnologiyalarga qaramasdan  barcha avtomobillarni ham chip-tyuning qilib bo‘lmaydi. Chip-tyuningning zamonaviy tushunchasida, qayta sozlash mumkin bo‘lmagan elektron boshqaruv blokining birinchi avlodi o‘rnatilganligi yoki elektron boshqaruv blokining umuman yo‘qligi sababli, 1996-yilgacha ishlab chiqarilgan avtomobillarni qayta dasturlash mumkin emas. 1996-yildan 2000 yilgacha bo‘lgan vaqt oralig‘ida ishlab chiqarilgan  avtomobillarni, faqatgina dvigatel ishlashiga javob beruvchi dastur yozilgan asosiy mikrosxemani almashtirish yordamida chip-tyuning qilish mumkin. 2000-chi yildan boshlab esa, kompyuterga yoki maxsus elektron jihozga ulash yordamida boshqaruv blokini qayta dasturlash imkoniyati mavjud bo‘ldi.

Chip-tyuning avtomobilga qanday ta’sir o‘tkazadi?

Zamonaviy avtomobillarning turli-tumanligi, bir-biridan har xil qurilmalar va ko‘plab texnik tasniflari bilan, shu jumladan, turli xildagi mikrosxemalar o‘rnatilgan dvigatellar boshqaruvining elektron bloklari qurilmalari bo‘yicha ham farq qilishiga qaramasdan, bloklarga yozilgan dasturlarning aksariyati taxminan bir xildagi vazifani bajaradi.

Chipga o‘rnatilgan elektron dastur dvigatelning ishini boshqarish bilan birga, o‘t oldirish tizimi shamlari qanday ishlashi, injektorga qancha yoqilg‘i berilishi,  avtomobilning gaz taqsimlash va shu kabi ko‘plab tizimlarining qanday ishlash kerakligini belgilaydi. Bundan tashqari, chiplashtirilgan boshqaruv bloki motorning sovutish tizimini, dvigatelning minimal oborotda ishlashini, eng asosiysi esa, yonilg‘i sarfini nazorat qiladi.

Chip-tyuning qilingandan keyin  avtomobilga qancha quvvat qo‘shiladi?

Turi va rusumi hamda unga o‘rnatilgan dvigatelning tuzilishiga qarab, zamonaviy chip-tyuning avtomobilga uch foizdan o‘ttiz foizgacha quvvat qo‘shish imkoniyatini beradi. Ko‘plab ishlab chiqaruvchilar avtomobildan chiqadigan gaz tarkibida zararli moddalar darajasini dvigatel ishlashining dasturiy ta’minotini ataylab sozlash orqali avtomobil quvvatini o‘n foizgacha kamaytiradi. Bu narsa avtomobil texnologiyasini modernizatsiya qilmasdan, avtomobil rusumini belgilangan ekologik normaga olib kelish imkoniyatini  beradi.

Qoidaga ko‘ra, turbinasiz odatdagi  benzinli va dizelli dvigatellarga chip-tyuning yordamida uch foizdan yetti foizgacha quvvat qo‘shish mumkin, turbokompressorli dvigatellarga esa yetti foizdan o‘ttiz foizgacha quvvat va maksimal aylanma harakatni qo‘shish mumkin.

Avtomashinaning quvvati oshganligini qanday aniqlasa bo‘ladi?

Yurtimizdagi  ko‘plab haydovchilar, chiplashtirishdan oldin avtomobilning joyidan tezlanish olishini sekundomer bilan o‘lchashadi, chip-tyuning qilingandan so‘ng avtomobilga qancha quvvat qo‘shilganini aniqlash uchun uni yana qaytadan o‘lchashadi. Lekin afsuski, har safar tezlanish olishda bir xil sharoitlarda bo‘lishning iloji bo‘lmaganligi sababli, bunday o‘lchovlar haqqoniy hisoblanmaydi. Chunki buning uchun bir xil ob-havo sharoiti, yoqilg‘ining bir xil darajasi va sifati hamda ko‘plab bir xil narsalar talab etiladi.

Agar chip-tyuning sababli avtomobilingizga biroz quvvat qo‘shilsa, yoqilg‘i sarfi minimal ko‘rsatkichga kamayishi mumkin. Nima uchun turli chip-tyuning mutaxassislari, avtomobilning dasturiy ta’minotini modernizatsiya qilish sababli yoqilg‘i sarfini sezilarli darajada kamaytirish mumkin deb hisoblashadi? Yoqilg‘i sarfiga ko‘plab tashqi omillar sabab bo‘lib, ular ta’sirida siz ustaga hech qanday e’tiroz bildira olmaysiz. Bu sub’ektiv faktorlardir. Barchasi avtomobilni qanday boshqarishga bog‘liq. Aksariyat hollarda chip-tyuningdan keyin haydovchi o‘zi sezmagan holda avtomobilni agressiv tarzda boshqara boshlaydi  va buning natijasida yoqilg‘i sarfi ko‘payadi.

Chip-tyuning kamchiliklari yoki qanaqa asorat bo‘lishi mumkin?

Odatda, avtomobil boshqaruvining elektron bloki (miyasi) zararli chiqindilar va gazlarning maksimal past tarkibida va yoqilg‘i sarfining maksimal past darajasida ishlaydi. Buning natijasida motorning quvvati va maksimal aylanma harakati pasayadi. Chip-tyuning qilinganda esa quvvat va aylanma harakat oshadi, qoida bo‘yicha, yoqilg‘i sarfi va ishlangan gazlarning tashqariga chiqishi ko‘payadi.
Dvigatel boshqaruvining zavodda o‘rnatilgan dasturini o‘zgartirish, avtomobilning ishlab chiqaruvchi tomonidan belgilangan kafolatini olib tashlashga sabab bo‘lishi mumkin. Chip-tyuning qildirishdan oldin, avtomobilga zavod bergan kafolat tartiblari bilan tanishib chiqishni maslahat bergan bo‘lardik.

Dvigatel ishlashini ma’lum bir tarzda moslashtirish, avtomobildagi ba’zi bir detallarning ishlash muddatini kamaytirishi mumkin. Misol uchun, chip-tyuning qilingandan keyin eng keng tarqalgan to‘lov bu o‘t oldirish g‘altagi ishlash muddatining kamayishi bo‘ladi. Shuning uchun chip-tyuning qilishdan oldin yaxshilab o‘ylab ko‘ring.

Сайт янгиликларидан доимий хабардор бўлиш учун Телеграм каналимизга қўшилинг!