Dvigatel moyini qancha  muddatda almashtirish kerak?

Dvigatel moyini qancha  muddatda almashtirish kerak?

Bu savol har bir avtohavaskorga tanish. Shunisi aniqki, dvigatel uchun moyning tez-tez almashtirilgani shunchalik foydali. Lekin yaxshi moy qimmat turadi. Unda, bir qarashda bu savolning javobi yo‘qdek, to‘g‘rimi? Buning ustiga,  turli rusumdagi  avtomobillar uchun bir xil maslahat berish ham mumkin emas.  Albatta, ishlab chiqaruvchilar tomonidan taqdim etilgan servis kitobida motor moyini almashtirish muddati kilometr va mavsumga qarab tavsiya etiladi.

Lekin bu siz avtomobil boshqaradigan hududdagi sharoitlarga aniq mos tushadimi? Siz avtomobilni qanday boshqarasiz?

Mashina tezligini bot-bot o‘zgartirish, shatakka olish yoki tirkama ulash, tik balandliklarga ko‘tarilish, chang-g‘uborli yo‘llarda harakatlanish, tirbandliklar, neytral holatda dvigatelning ishlab turishi va sifatsiz benzin quyish kabi holatlar moy almashtirishning ishlab chiqaruvchi tomonidan tavsiya qilingan muddatini qisqartirishi turgan gap.

Shuning uchun ham moyni almashtirishga e’tiborsiz qarash noto‘g‘ri, chunki  bu jarayon mayda ishdek ko‘ringani bilan mashina “yuragi” uchun o‘ta muhim ahamiyatga ega. Chunki dvigatel ishlash jarayonida organik va noorganik  qo‘shimchalarning doimiy ta’siri tufayli moyning ifloslanishi ro‘y beradi. Uning tozaligi bevosita avtomashina “yuragi”ning ehtiyot qismlari, ishlashi, quvvati va ekologik ko‘rsatkichlarida namoyon bo‘ladi. Shu sababli moy almashtirilganda avtomobil harakatida o‘zgarish seziladi. 

Moy almashtirishning tavsiya etilgan muddati kattaligiga e’tibor qaratgan ba’zi bir ishlab chiqaruvchilar, aksariyat hollarda dvigatelning yillar davomida ishlashi zarurligini bir oz unutgandek, nazarimizda. Ular uchun muhimi - zavod tarafidan qo‘yilgan kafolat davrida avtomobilning mukammal ishlashi. Moy almashtirish muddatlarining uzaytirib ko‘rsatilishi esa xaridor jalb qilishning ta’sirli marketing usullaridan biri hisoblanadi. Bu bilan ular avtomobildan foydalanish qulayligi ortadi, deb ko‘rsatmoqchi bo‘lishadi. Shu bois, ishlab chiqaruvchi tomonidan  tavsiya qilingan uzoq muddatli xizmat ko‘rsatish har doim ham  dvigatel moyini almashtirishning aniq rejasi bo‘lmasligi mumkin. Bundan tashqari, kompaniya kafolat davri tugaganidan so‘ng dvigatelning ishonchli ishlashida moy almashtirish muddati bilan bog‘liq muammolar paydo bo‘lishini biladi va qaysidir ma’noda, bundan manfaatdor ham.

Chunki avtomashina egasi firmaning xizmat ko‘rsatish shaxobchasiga tez-tez qatnaydi yoki ma’lum muddat o‘tib yangi  avtomobil sotib olishga majbur bo‘ladi. Demak, moy almashtirish muddatini belgilaydigan faktorlar xiylagina. Lekin ulardan eng asosiysi, ob-havo sharoiti, transport vositasidan foydalanish holati va  qanday motor moyi tanlashda. Mutaxassislarning fikricha, mamlakatimizdagi ob-havo sharoiti, bahor va yoz fasllarida dvigatel moylarini tez-tez almashtirib turishni talab etadi. Shu bois,  bu fasllarda avtomashinangiz uchun belgilangan muddatlardan ham oldinroq moyni almashtirib tursangiz yutqazmaysiz.  Kuz va qish  mavsumida esa  belgilangan muddatlarga amal qilsangiz bo‘ladi. 

Qay biri ma’qul?

Bugun avtodo‘konlarda ko‘plab  motor moylari tavsiya etilmoqda. Sintetik, yarim sintetik, mineral... Ularni tanlash esa avtomobil markasi, yil fasli, foydalanish sharoiti, ishlatiladigan yoqilg‘i turiga bog‘liq. Mutaxassislarning bu borada ham o‘z qarashlari bor. Keyinchalik katta xarajatlarga tushmaslik uchun mashinani xarid qilgan kundan unga qanday moy quyishni  aniqlab olgan ma’qul.

Birinchi navbatda, motor moyini tanlashda avtomobil  ishlab chiqarilgan  kompaniya tavsiyasiga e’tibor bering. Ishlab chiqaruvchi yoz va qish masumlari uchun zarur moy darajasini ko‘rsatadi. Qaysi yorliqdagisini sotib olish esa  o‘zingizga havola. Yorliq  bilan ham bog‘liq shunday muammolar mavjud. Avtomobilga  sintetik yoki mineral moy to‘g‘ri kelishini aniqlash muammodek tuyuladi. 

Muammoni yechishda quyidagi faktni ham e’tiborga oling. Oxirgi bir necha yil davomida dvigatelga qaysi turdagi moy quyilganini hisobga  olish muhim.  Ko‘pincha avtomashina “yuragi”ni mineral moydan sintetik moyga o‘tkazish jarayonida bir qancha muammolar kelib chiqadi. Mineral moylar dvigateldagi sintetik moylar quyilganda yuvilib ketadigan chiqitlarni bir chetga surib qo‘yadi.

Muammo shundaki, bu chiqitlar zararli bo‘lib, ko‘pincha tirqishlarni yopib qo‘yadi. Shuning uchun ham, mutaxassislar   avtomobilda doimiy  foydalanish uchun mineral moylarni tanlangan bo‘lsa, uni tez-tez almashtirib  turishni tavsiya qilishadi. Sintetik moylarni yangi avtomobillarga ham quygan ma’qul. 

Moyning asosiy ko‘rsatkichi – uning qovushqoqligi. Moylar tasniflanishida (masalan, 5W40 sintetik moyni olaylik) 5 raqami past haroratlarda moy qovushqoqligini bildiradi (shuningdek, sovib turgan motorni o‘t oldirishda). Raqam qancha past bo‘lsa, moy shunchalik “suyuq” va sovuq havoda ham dvigatel tezroq o‘t oladi. Mazkur moy dvigatelning barcha ishchi qismlarini yaxshiroq moylaydi. 

Ikkinchi raqam, masalan 40, baland haroratda (dvigatelning yuqori oborotida ham) moy qovushqoqligini ko‘rsatadi. Kattaroq ko‘rsatkich yuqori haroratda moy qovushqoqligining ortishi va uning dvigatelni yaxshiroq moylashini bildiradi. Mazkur raqam moyning “qurumdorligi”ga ham ta’sir ko‘rsatadi. 

Xorij moylari mahalliy avtomashinalarga ham mos keladi. Ularning mahalliy ehtiyot qismlarni zararlashi haqidagi gap-so‘zlar haqiqatga yaqin emas. Agar moylar  dvigatelga quyilgandan keyin tezda  qora rangga kirsa, bu uning sifatsiz ekanidan emas,  balki yaxshi yuvish tarkibiga egaligidan darak beradi. Mineral moylar neftdan tayyorlanadi. Ularga havo bosimining o‘zgarishi o‘z ta’sirini o‘tkazadi. Shuning uchun bu turdagi moylardan foydalanilganda turli qo‘shimchalar qo‘shish (garchi ularning yaroqlilik muddatini qisqartirsa-da) lozim bo‘ladi. 

Sintetik moylar kimyoviy sintez yo‘li bilan olinadi. Shuning uchun bu moylar  bir me’yordagi kimyoviy va termik tarkibga ega. Ular muzlash va yuqori darajadagi havo bosimining hosil bo‘lishi kabi holatlarga  nisbatan kam ta’sirchan. Sintetik moylarda kimyoviy reaksiyalar ham kam uchraydi. Bundan tashqari ularning yonuvchanligi va bug‘lanishi pastroq, yaroqlilik muddati esa nisbatan  uzoqroq. Dvigatelga  sovuq havo kirishi bilan bog‘liq muammolarga duch kelmaslik uchun sintetik moyni qish mavsumi yaqinlashganda quyishni boshlashadi.  Shuning barobarida sintetika yoqilg‘i sarfini ham kamaytiradi. Narxining biroz qimmatligini aytmaganda, bundan yaxshisi bormi? 

Yana bir variant - yarim sintetik moylar. Sifat jihatidan mineral moylardan yuqori, sintetikdan esa pastroq turadi.  Shu sababli narxi ham o‘rtamiyona.  

Yangi moyni quyishdan oldin  avtomashinangiz “yuragi”ni tozalash tavsiya etiladi. Lekin har safar yuvish shart emas. 

Dvigatelni tez-tez yuvishning foydadan ko‘ra zarari ko‘proq, deydi mutaxassislar. Moy dvigateldan to‘liq yuvilib ketmaydi, qolgani esa ba’zi hollarda yangi quyilgan moy tarkibini ham buzishi mumkin. Sintetik va yarim sintetik moylarga turli xil qo‘shimchalar qo‘shish shart emas. Bu turdagi moylarga aralashgan har qanday qo‘shimchalar foyda keltirmaydi, aksincha moylash tizimlariga zarar yetkazadi, oqibati esa ko‘ngilsiz bo‘lishi mumkin.

Carzone.uz сайтининг бепул эълонлар каналига қўшилинг.