Elektromobillar importi 4,5 barobarga o‘sdi

Elektromobillar importi 4,5 barobarga o‘sdi

So‘nggi 10 yilda jahon bozorida elektr transport vositalarining savdosi 50 baravardan oshib, jahon avtomobil bozorida elektromobillarning ulushini 0,2 foizdan 8,3 foizgacha o‘sdi.

Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti (PMTI) mutaxassislari havoga chiqarilayotgan CO2 miqdorini kamaytirish nuqtai nazaridan xorijiy davlatlar va O‘zbekistonda elektromobillar bozorini rivojlantirish tendensiyalari va istiqbollarini tahlil qildi.

Jahonda barcha turdagi elektr transport vositalari savdosining taxminan 90 foizi Xitoy, Yevropa va AQSH hissasiga to‘g‘ri keladi. Bu mamlakatlarning jahon bozorida yetakchi o‘rinlarini saqlab qolishi “yashil” transportni rivojlantirishga qaratilgan ekologik dasturlarning bevosita davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi bilan bog‘liq.

O‘zbekistonda oxirgi yillarda elektr transport vositalari savdosi faollashib, ularning yangi avtomobillar bozoridagi ulushi 0,4 foizgacha oshdi. 2021-yilda elektr transport vositalarining 90 foizi Xitoydan import qilingan. 2022-yilning birinchi yarmida elektromobillar importi o‘tgan davrga nisbatan 4,5 barobarga o‘sdi.

Global miqyosda o‘n yillik oxiriga borib, avtomobillar savdosida elektromobillarning ulushi 30-40 foizga yetishi mumkin. O‘zbekiston 2030-yilga qadar elektromobillar bozorini rivojlantirish bo‘yicha ko‘rsatkichini 15 foizgacha yetkazishni maqsad qilgan. Buning uchun mahalliy ishlab chiqarishni rivojlantirish hamda rag‘batlantirish bo‘yicha bir qator mexanizmlarni joriy etish ko‘zda tutilgan.

O‘zbekiston jahondagi tendensiyalarga muvofiq, global iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashga o‘z hissasini qo‘shmoqda. Yurtimizda kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha o‘tkazilgan xalqaro forumda (2022) respublika 2030-yilga borib, metan emissiyasini 2020-yil darajasiga nisbatan kamida 30 foizga kamaytirish bo‘yicha Havoga metan gazini chiqarishni qisqartirish bo‘yicha global majburiyatlar (Global Methane Pledge) tashabbusiga qo‘shildi. Ushbu maqsadlarga erishishda mamlakatimizda elektr transport vositalarining milliy bozorini faol rivojlantirish muhim ahamiyat kasb etadi.

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!