Ford — dunyo avtomobil sanoati otasi va uning ulkan kompaniyasi haqida

Ford — dunyo avtomobil sanoati otasi va uning ulkan kompaniyasi haqida

1903-yil 16-iyun kuni AQShning Detroyt shahrida yangi avtokompaniya — “Ford” tashkil qilingani haqida hujjat imzolandi. Bugungi kunga kelib dunyodagi eng ko‘p sotiluvchi avtobrendlar ro‘yxatida yuqori pog‘onada turuvchi ushbu kompaniya tarixi haqida.

Genri Ford — kompaniya asoschisi

1872-yilda AQShning Michigan shtati, Dirborn shahrida irlandiyalik muhojirning farzandi otasining fermasida otdan yiqilib tushadi. Aynan shu kuni bu bolakay hayvon kuchidan foydalanilmaydigan, qiyinchiliksiz boshqariladigan transport vositasi yaratishga qaror qiladi. Bu omadsiz chavandoz insoniyat tarixida ulkan iz qoldirgan avtomobil sanoati asoschilaridan biri Genri Ford edi. Genrining yoshligi fermada, ota-onasining yonida o‘tdi. U oddiy qishloq maktabida o‘qidi. 12 yoshida Genri asosiy bo‘sh vaqtlarini o‘tkazuvchi o‘zining kichik ustaxonasini yaratdi va shu yerda o‘zining kichik bug‘ mashinasini yasadi.

1879-yil Genri Detroytga ko‘chib o‘tadi va mashinist yordamchisi bo‘lib ishga kiradi. Oradan uch yil o‘tib u Dirbornga qaytib keladi, biroq besh yil davomida Detroytdagi zavodda vaqti-vaqti bilan buzilib turuvchi bug‘ dvigatellarini tuzatish bilan shug‘ullanadi.

1891-yil Genri Tomas Edison tomonidan asos solingan Edison Illuminating kompaniyasiga muhandis lavozimiga ishga kiradi. Ikki yildan so‘ng esa kompaniya bosh muhandisi etib tayinlanadi. Yaxshi ish haqi va ko‘proq bo‘sh vaqt paydo bo‘lishi Genriga ichki yonuv dvigatellari bilan yana-da chuqurroq shug‘ullanish imkonini beradi.

O‘zining birinchi dvigatelini uyi oshxonasida yig‘adi. Tez orada u dvigatelni to‘rt velosiped g‘ildiragi bilan ramaga joylashtirishga qaror qiladi. Shu tariqa 1896-yilda birinchi kvadrosikl yaratiladi. Bu Genri Fordning ilk avtomobili edi. 1899-yilda Edison Illuminatingdan ishdan ketgach Genri o‘zining Detroit Automobile Company firmasiga asos soladi. Keyingi yilgi bankrotlikka qaramasdan Genri bir nechta poyga mashinalarini yig‘ishga ulguradi. Fordning o‘zi ham avtopoygalarda qatnashib, 1901-yilda AQSh chempioni Aleksandr Uintonni mag‘lub etadi.

Kompaniyaning tashkil topishi va rivojlanishi

1903-yil 16-iyunda Genri Ford boshchiligida o‘n ikki ishbilarmon Ford Motor Company kompaniyasini tuzadi. Genri Ford ushbu kompaniyaning vitse-prezidenti va bosh muhandisi bo‘ladi. Kompaniyaning ilk avtomobili 1903-yil 23-iyulda sotiladi.

Fordning birinchi mashina modeli Model A deb atalib, 8 ot kuchiga ega motor bilan jihozlangan edi. Ushbu mashina bozorda “o‘n besh yoshli bola ham boshqarishi mumkin bo‘lgan eng ilg‘or avtomobil” deya ta’riflanadi. 1906-yilda Genri Ford kompaniyaning prezidentiga va asosiy egasiga aylanadi.

Shu yili ishlab chiqarilgan Model K 40 ot kuchi va olti silindrli motorga ega edi. Model K “Jentelmenlar yo‘ltanlamasi” nomini oladi. Model K 2800 dollardan sotuvga qo‘yiladi, biroq avtomobilning yuqori sifatga ega emasligi uning bozorda muvaffaqiyatsizlikka uchrashiga sabab bo‘ladi.

1908-yil Ford Motor Company ishlab chiqarishni qisqartiradi va yil davomida umumiy to‘qqiz yuzta avtomobil ishlab chiqaradi. Model K va Model B ning muvaffaqiyatsizliklari Fordni faqat boy mijozlar uchun mashina ishlab chiqarish siyosatini o‘zgartirishga majbur qiladi.

Shundan keyin Ford o‘z e’tiborini arzon mashinalar ishlab chiqarishga qaratdi va iloji boricha mashinalar narxini pasaytirish yo‘llarini izladi.

1908-yil Ford o‘zining tarixidagi eng omadli va taniqli avtobillaridan biri — Model T ni sotuvga chiqaradi. To‘rt silindrli dvigatel bilan jihozlangan ushbu avtomobil million dona ishlab chiqarilgan dunyodagi birinchi mashinaga aylandi.

AQShda avtomobillar o‘rtacha narxi 1100-1700 dollar bo‘lib turgan davrda, Model T dastlab 850 dollardan sotiladi. Keyinroq avtomobil narxi 350 dollargacha tushiriladi.

1913-yilda Ford ishlab chiqarishning inqilobiy usuli — konveyerni joriy qiladi. Dunyodagi birinchi harakatlanuvchi konveyer lentasining amaliyotga kiritilishi avtomobillarni yig‘ish vaqtining keskin qisqarishiga yordam beradi.

1914-yilda umumiy 308 162 dona avtomobil ishlab chiqargan kompaniya 1920-yilga kelib bu sonni millionga yetkazadi.

Yangi texnologiyalar joriy etilishi ishchilarning ular bilan ishlashni bilmasligi sabab ishlab chiqarish samaradorligini pasaytiradi. Natijada tez-tez kadrlar almashinuvi amalga oshirilib, ularni o‘qitish tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Yangi ishchilar sekin ishlashi va ularni o‘qitishga xarajatning oshishi natijasida ishlab chiqarishda pasayish boshlanadi.

Ford bunga qarshi oylik maoshlarni ikki barobar ko‘tarish (kuniga 5 dollar), sakkiz soatlik ish kuni va haftalik ish kunini besh kunga qisqartirish kabi choralarni ko‘radi. Shuningdek, Ford boshqa firmalar tomonidan nogiron deb ishdan haydalgan ishchilarni o‘z kompaniyasiga qabul qiladi. O‘zgarishlar o‘z natijasini ko‘rsatib kadrlar almashinuvi sekinlashadi va ishlab chiqarish samaradorligi oshadi.

Genri Fordning fikricha o‘zlari ishlab chiqargan avtomobilni sotib olishga qodir amerikaliklar sinfini yaratish kerak edi. Shuning uchun ham u o‘z xodimlariga ancha yuqori maosh to‘lardi. 1919-yilga kelib AQShdagi butun avtomobillarning 50 foizi, Angliyada esa 40 foizi Ford avtomobillari edi. Ammo 1920-yillar oxirida Ford’ning bozordagi ulushini GM va Kraysler(Chrysler) tortib ola boshladi. Bundan tashqari mahalliy va xorijiy raqobatchilar Ford’dan farqli ravishda ko‘proq innovatsion funksiyalar va hashamatga ega avtomobillarni taklif qila boshlagandi.

1922-yil 4-fevralda Lincoln Motor Company kompaniyasini sotib olish orqali Ford hashamatli avtomobil segmentida o‘z ta’sirini kengaytiradi. Buyuk depressiya davrida sotuvlarning keskin pasayishiga javoban kompaniya ishlab chiqarish hajmini qisqartirib, ishchilarni sonini kamaytirdi.

1929-yilda Sovet ittifoqi Ford Motor Company bilan shartnoma imzoladi. Shartnomaga ko‘ra sovetlar Ford Motor Company’dan 13 million dollarlik mashina va ehtiyot qismlari sotib olishiga kelishiladi.Ford esa 1938-yilgacha Nijniy Novgorodda avtomobil zavodi qurish uchun texnik yordam ko‘rsatishi belgilanadi. 1932-yilda ushbu zavod yo‘lovchi tashishga mo‘ljallangan GAZ A va yuk tashuvchi GAZ AA avtomobillarini ishlab chiqardi.

Ikkinchi jahon urushi davrida Ford Motor Company eng yirik harbiy shartnomalar tuzgan kompaniyalar ro‘yxatida uchinchi o‘rinni egalladi.

1945-yil Genri Ford kompaniya boshqaruvini nabirasi Genri Ford II ga topshiradi. Ikki yildan so‘ng, 7-aprel kuni dunyo avtomobil sanoatining daholaridan biri Genri Ford miyaga qon quyilishidan vafot etadi.

1955-yildan 2005-yilgacha Ford Thunderbird yoki T-Bird avtomobillari ishlab chiqariladi. Ushbu model o‘z davri uchun juda ajoyib dizaynga ega edi va haydovchisiz yurishni yoqtiruvchi badavlat insonlarga mo‘ljallangandi (mashina ikki kishilik qilib tayyorlangandi). Thunderbird Ford Motor Company yengil avtomobillarining eng qimmati hisoblanardi.

1959-yilda bolalar xavfsizligini ta’minlovchi qulflar va energiyani yutuvchi rulga ega Ford Galaxie ishlab chiqariladi. 1974-yilgacha ishlab chiqarilgan ushbu model kuzovlarining mustahkamligi bilan ajralib turadi.

1960-yildan ancha ixcham Ford Falcon ishlab chiqarish boshlanadi. Falcon’ga aynan u uchun ishlab chiqarilgan maxsus yengil agregatorlar joylashtirilgandi. Avtomobil 90 ot kuchiga ega, olti silindrli motor va 2,4 litrli karbyuratorga ega edi. Falcon platformasida keyinchalik Mustang I, Granada va Maverick modellari ishlab chiqildi.

1964-yilda kompaniya o‘zining afsonaviy avtomobili Ford Mustang’ni namoyish etdi. Kompaniya har kim sotib olishni orzu qiladigan yulduzli mashinasini yaratishga muhtoj edi va Mustang shunday model bo‘la oldi.

Ford Mustang loyihasi bir necha yil davomida ishlab chiqilgan bo‘lib, uning bir necha prototiplari namoyish etiladi va nihoyat 1963-yilda oxirgi dizayn bilan ishlab chiqarilishi belgilanadi. Birinchi yilning o‘zidayoq 263 434 dona Mustang sotiladi. Bunga uning ajoyib dizayni bilan birga olib borilgan kuchli reklama kompaniyasi ham yordam beradi. Ford Mustang 2,8 litrli, olti silindrli motorga ega edi.

1985-yilda AQShda yonilg‘i inqirozi kuchaydi va bozorni yapon kam yonilg‘i sarflovchi avtomobillari egallay boshladi. Ford bunga yana bir afsonaviy model — Taurus’ni ishlab chiqarish bilan javob berdi. Taurus Ford kompaniyasi tarixidagi eng ko‘p sotilgan modellardan biriga aylandi. Oradan bir yil o‘tib, 1986-yilda dunyo bo‘ylab allaqachon 7 million dona Ford Taurus sotilgandi.

Modelning yumaloq dizayni sabab uni “uchuvchi kartoshka” deb atashadi, bu shakl ajoyib aerodinamikani ta’minladi va yonilg‘i sarfini kamaytirishga imkon berdi. Keyinchalik Kraysler va GM ham Taurus’ga o‘xshash dizaynga ega avtomobillar ishlab chiqarishni boshladi.

1986-yil Ford ingliz avtomarkasi Aston Martin’ni, uch yildan so‘ng esa Jaguar’ni sotib oladi.

1990-yilda avtokompaniyaning Ford Exploler modeli sotuvga chiqadi. Avtomobil tez fursatda ommaviylashib, AQShda “Yilning eng yaxshi 4x4 avtomashinasi” nominatsiyasida g‘olib bo‘ladi. Exploler 155 ot kuchiga ega 4 litrlik motor bilan jihozlangandi.

1998-yil Yevropada eskirgan Ford Escort o‘rnini Ford Focus egalladi. Model ilk bor Jenevadagi avtomobillar ko‘rgazmasida namoyish etiladi.

Ford Focus Yevropadagi eng ko‘p sotiluvchi o‘n avtomobildan biriga aylanadi va Rossiyadagi eng ommabop avtomobillar ro‘yxatidan joy oladi.

Avtomobil dizayni New Edge konsepsiyaga muvofiq tayyorlangan bo‘lib, u o‘tkir burchaklar va kichik kuzovga ega edi.

2006-yilda Ford Motor Company “Yagona Ford” (One Ford) strategiyasini e’lon qiladi. Bunga qadar kompaniya turli mintaqalar uchun turli xususiyatlarga ega avtomobillarni taqdim etardi. Endilikda kompaniya barcha bozorlar uchun uchun bir xil standartlarga ega bo‘lgan global avtomobillarni ishlab chiqarishga qaror qiladi.

Hozirgi kunda Ford Motor Company dunyodagi eng yirik va eng qadimgi avtokonsernlardan biri hisoblanadi. Bugungi kunda kompaniya avtomobil, dvigatel, avtobus va butlovchi qismlar ishlab chiqaradi. Shu bilan bir qatorda texnikalarining atrof-muhitga zarar yetkazmasligi borasida alohida ish olib boradi.

Ford Motor Company Mazda Motor Corporation va KIA Motors Corporation kompaniyalarining ulushiga ham egalik qiladi.

Сайтимиз хабарларини Одноклассникидаги саҳифамизда кузатиб боринг!

Мавзу:

#Ford