Hamma gap loqaydligimizda!

Hamma gap loqaydligimizda!

Biz uchun yaratilgan ne’matlarning, yaratilgan qulayliklarning  qadriga yetmasak ba’zan esa “To‘qlikka sho‘xlik” qabilida ish tutsak yoshi ulug‘ keksalarimiz, ota-onalarimiz  “Nimani xor qilsang shunga zor  bo‘lasan”   deb  tanbeh berishadi. Har bir narsadan o‘z o‘rnida foydalanish, ortiqcha isrof qilmaslik haqida  nasihat qilishadi. Shunday bo‘lsa-da hatto o‘zimiz uchun zarur bo‘lgan  hujjatlarni to‘plash yoki ularni  o‘z vaqtida almashtirishda ham  yo  erinchoqligimiz tutadi, yo bo‘lmasa loqaydlik qilamiz. Joriy yilning fevral-mart oylarida davlat xizmatlari markazlari  eski haydovchilik guvohnomasini yangi turdagi guvohnomalarga o‘zgartirish istagida bo‘lgan  yurtdoshlarimizga to‘lib ketdi. 

O‘sha paytlarda iloji boricha ko‘proq fuqarolarga xizmat ko‘rsatish maqsadida davlat xizmatlari markazlari uzaytirilgan ish vaqti asosida “so‘nggi mijozga qadar” tartibida, ba’zilari esa umuman dam olish kunlarisiz ishladi. Shunday bo‘lsa-da yurtdoshlarimiz jonli navbatda turish, sabr qilish o‘zlari uchun begonaligini ko‘rsatib qo‘ydi. Uning o‘rniga navbat talashishlar,  janjal, ur yiqit... O‘sha kunlardagi haqiqiy manzarani ko‘rsangiz  mehr-oqibat, kattalarga hurmat, kichiklarga izzat kabi chin insoniy  fazilatlar xalqimizga butunlay yot bo‘lib ketganmikin degan o‘y hayolingizga kelardi.

Adliya vazirligi axborot xizmati ma’lumotiga ko‘ra,  yurtimizda yangi turdagi haydovchilik guvohnomasi joriy etilganidan (2017-yil oktabr) bugungi kunga qadar 3,8 milliondan ortiq haydovchilik guvohnomalari yangilandi.  Shu bilan birga, 2,2 milliondan ortiq haydovchilar esa  hali ham eski namunadagi haydovchilik guvohnomalari bilan transport vositalarini boshqarmoqda.

Shu bois, joriy yilning 12-aprel kuni Vazirlar Mahkamasining eski haydovchilik guvohnomalari va transport vositalari ro‘yxatidan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnomalarni almashtirish muddatini 2023-yilning aprel-dekabr oylarigacha uzaytirish to‘g‘risidagi qarori qabul qilindi.

Shuni alohida ta’kidlash kerakki, dastlab haydovchilik guvohnomalari va transport vositalari ro‘yxatidan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnomalarni almashtirishni 2020-yil 31-dekabrgacha yakunlash rejalashtirilgan edi.

Jumladan, 2020-yilning bahorida muddat bir yilga, 2021-yilning noyabrida esa 2022-yilning oxirigacha uzaytirildi.

Davlat xizmatlari markazlari faoliyati monitoring qilinganda, haydovchilik guvohnomalarini almashtirish bo‘yicha murojaatlar soni uzaytirishdan so‘ng sezilarli darajada kamayganini ko‘rsatdi.
Misol uchun, guvohnomalarni almashtirish muddati mart oyigacha belgilanganida Chilonzor tumani davlat xizmatlari markaziga kuniga 500-700 nafar fuqaro murojaat qilgan.

Biroq, guvohnomalarni almashtirish muddati uzaytirilishi bilanoq, haydovchilar oqimi 10 barobardan ko‘proq kamayib ketani ma’lum bo‘ldi. Bu Andijon tumani Davlat xizmatlari markazi misolida yaqqol ko‘zga tashlanadi. Agar fevral oyida 2577 nafar fuqaro, mart oyida esa 2723 nafar fuqaro markazga murojaat qilgan bo‘lsa, aprel oyida ularning soni 1103 nafarni, may oyining birinchi yarmida esa atigi 100 nafarni tashkil etgan.

Bugungi kunda haydovchilik guvohnomalarini almashtirish jami 74 ta punktda, shundan, 25 tasi Davlat xizmatlari markazlarida, 49 tasi yo‘l harakati xavfsizligi xizmatlarida faoliyat ko‘rsatmoqda.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, 2023 yilning apreliga qadar har kuni o‘rtacha 120-150 kishi xizmatga murojaat qilgan taqdirda, qolgan eski namunadagi haydovchilik guvohnomalarini almashtirishni navbatlarsiz, qog‘ozbozliksiz va xodimlar ishlash samaradorligini saqlab yakunlash mumkin bo‘ladi.

Demak, hamma gap xalqimizning loqaydligida. Yurtdoshlarimizga haydovchilik guvohnomalarini yangisiga  almashtirishlari uchun bir emas bir necha bor  imkoniyat va  muddat berildi. Biroq o‘z vaqtida hafsala qilmagan haydovchilar  yana  muddat tugashiga  yaqin qolganda harakatga tushadi.  
Shunday ekan, yana loqaydlikka berilmang. Haydovchilik guvohnomalarini aynan mana shu kunlarda yangisiga almashtirib oling.  Shunda  yurtdoshlarimiz orasida  mehr-oqibat,  o‘zaro hurmat kabi insoniy fazilatlarning  ko‘tarilishiga,  shuningdek ortiqcha asabbuzarliklarga   sababchi bo‘lmaysiz.

Carzone.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!