Inspektorlarning xatosi o‘zlariga qimmatga tushdi

Inspektorlarning xatosi o‘zlariga qimmatga tushdi

Ko‘pincha yo‘l harakati haqida gap ketganda haydovchilarning belgilangan qoidalarga amal qilmaganligi tilga olinadi. Ammo Farg‘ona shahrida yuz bergan holatda haydovchi emas, inspektorlar qonunni buzishdi.

Gap shundaki, Quva tumanida yashovchi Ahmadullo Bozorov 2021-yil 8-dekabr kuni soat 12:55larda Farg‘ona shahriga keladi. So‘ng shaharning Hamza ko‘chasi piyodalar yo‘lagi yonida “Neksiya” rusumli avtomashinasini qoldirib, shaxsiy ishlarini bitirish uchun bir joyga kirib ketadi. Ammo…

Biroq qo‘li bo‘shab qaytib chiqqach, Farg‘ona viloyati IIB YHXB 1-otryad inspektori Abror Ahmadjonov unga nisbatan ma’muriy bayonnoma tuzganini aytadi. Inspektor bunga sabab sifatida “Yo‘l harakati qoidalari”ning 91-bandini buzganligini, ya’ni mashinasi to‘xtash ta’qiqlangan 3.27 yo‘l belgisi yoki 1.4 yo‘l chizig‘i ta’siri oralig‘ida turganligini asos qilib keltiradi. Aslida esa unday emasdi. A.Bozorov buni A.Ahmadjonovga tushuntirishga har qancha urinmasin, foydasi bo‘lmaydi.

Buni qarangki, xuddi shu kuni Farg‘ona viloyati IIB YHXB 1-otryadining yana bir inspektori E.Begmatov ham Ahmadullo Bozorovga nisbatan ma’muriy bayonnoma tuzadi. Ya’ni haydovchining soat 16:44larda shaharning Bozor yo‘li ko‘chasida to‘xtab, bozorga kirganini asos qilib oladi YHXB xodimi.

Shundan so‘ng har ikkala ma’muriy bayonnoma Farg‘ona shahar ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi yo‘l harakati xavfsizligi bo‘limi tomonidan sudga olib chiqilmay turib, haydovchidan jarima undirib olinadi. Binobarin, Ahmadullo o‘zining haqligini isbotlashga kirishadi. Aniqrog‘i, u ma’muriy bayonnomalarni bekor qilishni so‘rab, jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona shahar sudiga ariza bilan murojaat qiladi.

Albatta, sud uning arizasini, keltirgan vajlarini atroflicha o‘rganib chiqadi. Natijada sudning 2021-yil 27-dekabr kungi qarori bilan haydovchining arizasi qanoatlantirilib, inspektorlar tomonidan tuzilgan UZ-20-seriyali 40-135110 va 40-135004-raqamli ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi bayonnomalar bekor qilingan holda mazkur ishlar Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 271-moddasi 1-bandi asosida ish yuritishdan tugatildi.

Bir qarashda shu bilan hammasi iz-iziga tushgandek edi. Lekin Ahmadullo Bozorov ikkala inspektorning xatosi bilan noqonuniy javobgarlikka tortilgani, buning oqibatida o‘zi va oila a’zolari ruhiy azob chekkanini bildirib, ulardan ma’naviy zarar undirish yuzasidan fuqarolik ishlari bo‘yicha Farg‘ona tumanlararo sudiga da’vo ariza kiritdi.

Darhaqiqat, sud yuqorida bayon etilgan holatlardan kelib chiqib, A.Bozorovga ma’naviy zarar yetgan deb hisobladi. Axir qonunga xilof tarzda ma’muriy jazo qo‘llashnishi har qanday kishining asabini yemirib, sog‘lig‘iga putur yetkazadi, ruhiy jihatdan azob beradi. Bu o‘rinda inspektorlarning haydovchiga nisbatan noqonuniy ma’muriy bayonnoma tuzgani ularning aybidir. Shuning uchun sud da’voni qanoatlantirib, ikkala javobgardan A.Bozorov foydasiga tegishli ma’naviy zararni undirib berdi.

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!

Мавзу:

#қоида