Mototsikl qachon kashf qilingan?

Mototsikl qachon kashf qilingan?

Jamoat transportlari yoki o‘z avtomobilimizda ketayotganimizda ba’zan yonginamizdan katta tezlikda  mototsikl mingan  yurtdoshlarimiz  o‘tib ketishadi.  Ko‘z ochib-yumguncha bo‘lmay  yo‘ldan ularning qorasi  yo‘qolsa-da, dvigatelining ovozi quloqlarimizdan yo‘qolmaydi. Buni ayniqsa,  katta yo‘l  yoqalarida istiqomat qiluvchilar yaxshi bilishadi.  Chunki ular orasida yarim kechasi  katta tezlikda o‘tgan  mototsikllar dvigatelining shovqinidan qo‘rqib uyg‘ongan va bir necha kungacha uxlolmasdan mototsiklni kashf qilgan insonni “duo” qilib yurgan  insonlar yetarlicha topiladi.   

Xo‘sh, mototsiklni kim va qachon kashf qilgan?

Butunjahon mototsiklchilar kuni iyun oyining  uchinchi dushanbasida nishonlanadi.  Biroq bu  mototsiklchilarning yagona bayrami emas.   Bundan 137 yil oldin, aynan, 29 avgustda dunyo tarixidagi birinchi mototsiklga patent olingan. 

1885-yilning  29-avgust kuni  nemis ixtirochisi  Gotlib  Daymler  dunyodagi birinchi mototsiklga patent olgan.  U taxminan 1972-yilda  ichki yonnuv dvigatelini yaratadi. Biroq uni qayerda sinab ko‘rishni bilmay boshi qotib yurgan kunlarning birida  velosipedda ketayotgan kishini ko‘rib qoladi va  o‘z ixtirosini velosipedda sinab ko‘rishga qaror qiladi. Chunki u paytda avtomobilni yaratish uzoq kelajakdagi ish edi. Ixtirochi ichki yonuv dvigatelini esa ortiqcha mehnat va sarf-harajatlarsiz  velosipedga o‘rnatish mumkinligini tushunib yetdi.  Bir necha kunlik  mehnatlardan so‘ng  ichki yonuv dvigatelini ikki g‘ildirakli qurilmaga o‘rnatdi va o‘z ixtirosiga Daimlerni olib yuruvchi kerosinli arava (Daimler Petroleum Reitwagen)-deya nom berib, unga patent oldi.

Ilk mototsiklning  ramasi yog‘ochdan yasalgan, uzatmasi esa tasmali bo‘lgan. Og‘irligi 50 kg.ni tashkil qilgan mototsikl bitta silindrli  benzinli dvigatel  bilan jihozlangan.   O‘sha paytda bor-yo‘g‘i 0,5 ot kuchi quvvatiga ega bo‘lgan dvigatelning ishchi sig‘imi 264 kubni tashkil etgan. Fan va texnika taraqqiyoti tufayli bugungi kunda  sig‘imi deryali shunday     bo‘lgan dvigatellar  o‘rtacha 20 ot kuchi quvvatiga ega. 

Dastlabki  mototsiklning amortizatorlari umuman bo‘lmagan. G‘ildiraklari ham hozirgidan umuman boshqacha ko‘rinishda bo‘lgan: shinalarsiz temir xalqa va uni tutib turuvchi  yog‘och  spitsalardan tashkil topgan.  Asosiysi mototsikl yurgan. 

Ushbu mototsiklni Gotlib Daymlerning o‘g‘li Paul Daymler minib ko‘radi. U mototsilni 12 km. soat tezlikda harakatlantirib ketgach. Uzoq vaqt qolib ketadi. Qaytib kelganda esa u o‘zida emas edi. Undan mototsikl haqida so‘rashganda ikkinchi marta bunday suyakmaydalagichga  o‘tirmasligini e’lon qiladi. Darvoqe, sinov paytida mototsiklning egari ham yonib ketgan.  

Bugungi kunda  dunyoni mototsikllarsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi.   Aksariyat mamlakatlarda  mototsikllar barcha mas’uliyatni bo‘yniga oluvchi, hech qanday xavf-hatardan  qo‘rmaydigan ozodlikka intiluvchi  insonlarning ramzi hisoblanadi. 

Ma’lumot uchun: 2021-yilda yurtimizda jami 10 001 yo‘l transport hodisasi sodir etilgan bo‘lsa shundan 84 tasi aynan mototsiklchilar ishtirokida ro‘y bergan.

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!