"Na pulim, na mashinamni berishdi..." – avtomobil orzusida sarson bo‘layotganlar

O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasining ma’lum qilishicha, bugun turli MCHJlarga avtomobil olish uchun to‘lov qilib, mashinasini ham, to‘lagan pulini ham ololmayotgan fuqarolar murojaati ko‘paygan.

Xorazm viloyati, Bog‘ot tumanida yashovchi Nasiba Narmetova ham shu masalada Bog‘ot tumani jamiyatiga murojaat qilgan.

Qayd qilinishicha, u “ORIENT AVTO-LIZING” MCHJ bilan shartnoma asosida boshlang‘ich to‘lov 50 532 889 million so‘m to‘lab, 120 ish kunida «Lasetti» avtomashinasi yetkazish uchun shartnoma imzolangan.  Ammo afsuski, fuqaroga mashina yetkazib berilmagan.

Nasiba Narmetova "Qayta-qayt murojaat qilishimga qaramay, MCHJ na pulim, na mashinamni berdi", deb ta’kidlaydi,

Murojaat jamiyat xodimlari tomonidan o‘rganilgach, boshlang‘ich to‘lov uchun to‘lagan mablag‘ egasiga qaytarildi. Yana bir shunday holat Xorazm viloyati, Xiva tumanida yashovchi E.Voisova bilan ham sodir bo‘ldi.

U Chilonzor tumanida joylashgan “UZ AUTO PREMIUM” MCHJga “Damas” mashinasi uchun to‘lov qilgan, biroq shartnomada keltirilgan vaqtdan oylar o‘tib ketsa-da, avtomashina egasiga topshirilmagan. Uning federatsiyaga qilgan murojaati Chilonzor tumani Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan o‘rganilganda chindan iste’molchi yolg‘on qurboni bo‘lib kelayotgani aniqlandi. Uning avtomobil uchun to‘lagan puli to‘liq qaytarib berildi.  

“UZ AUTO PREMIUM” MCHJ egalari insonlarni aldashni o‘zlariga kasb qilib olishganmi, Eldor Beshimov ham shu mas’uliyati cheklangan jamiyat bilan “Cobalt” mashinasiga 62 907 000 so‘m to‘lov qilgan. U ham anchadan buyon na mashinasini, na to‘lagan pulini qaytarib ololgan.

Chilonzor tumani iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati xodimlari sa’y-harakatlari bilan E.Beshimovga mashina uchun to‘lagan pul mablag‘i to‘liq qaytarib berildi. Shuningdek, Chilonzor tumani iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati xodimlari yana bir shunday arizani o‘rganib chiqdi.

Unga ko‘ra  “UZ AUTO PREMIUM” MCHJ “Damas” avtomobili uchun 32 009 000 so‘m boshlang‘ich to‘lovini to‘lagan Amin Burhonov ham mashinasini o‘z vaqtida ololmay sarson bo‘lgan. Uning muammosini ham hal etilib, to‘langan pul egasiga qaytarildi, deya xabar beradi. O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi matbuot xizmati.  

Хабарларни тез ва осон ўқиш учун Андроид иловамизни сақлаб олинг.