Namanganda og‘ir yuk avtomashinasi yonib ketdi

Namanganda og‘ir yuk avtomashinasi yonib ketdi

2023-yil 15-yanvar kuni ijtimoiy tarmoqlarda Namangan viloyatida fura portlab ketganligi borasida xabarlar tarqaldi.

Viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi axborot xizmati rahbari Qahramon Sattorov O‘zA muxbiriga ayni vaziyat yuzasidan oydinlik kiritdi.  

Ushbu mudhish hodisa bugun soat 16:09da, Qamchiq dovonining 272-kilometri yo‘lida sodir bo‘lgan. Pop tumanining Qo‘shminor mahallasi hududida ketma-ket harakatlanib ketayotgan uchta “MAN” rusumli yuk avtomobillari ishtirokida yo‘l transport hodisasi sodir bo‘lgan. Buning oqibatida, furalarda yong‘in kelib chiqqan. Birinchi yuk avtomashinasi yoqilg‘i tashishga mo‘ljallangan bo‘lib mazut, ikkinchi avtomobilga ko‘mir, uchinchi avtomobilga bo‘yoq mahsulotlari ortilgan bo‘lgan.

Mazkur halokat Pop tumani Favqulodda vaziyatlar bo‘limi hamda Qamchiq maxsus qidiruv, yong‘in qutqaruvchilari tomonidan bartaraf qilinib, voqea joyiga favqulodda vaziyatlarda davlat quyi tizimlari jalb etilgan. Voqea joyiga viloyat va tuman FVB rahbarlari, tegishli tashkilotlar  xodimlari yetib borgan.

- Ushbu avariya holati oqibati yuzaga kelgan yong‘in bo‘yicha markaziy dispetcherlik xizmatiga xabar kelib tushdi. Zudlik bilan choralar ko‘rishga kirishilib, to‘rtta yong‘in qutqaruv transporti jalb qilindi. Ekipaj soat 16:30da voqea joyiga yetib borib, yong‘in soat 16:33da qurshab olindi va soat 17:20da bartaraf etildi, - deydi Pop tumani Favqulodda vaziyatlar bo‘limi boshlig‘i O‘tkir Turdaliyev. - Hozirda sodir bo‘lgan yong‘in yuzasidan huquqni muhofaza qilish organining tergov guruhi tomonidan surushtiruv ishlari olib borilmoqda.

Хабарларни тез ва осон ўқиш учун Андроид иловамизни сақлаб олинг.