Nazarbekdagi yo‘l o‘tkazgich qachon foydalanishga topshirilishi ma’lum bo‘ldi

Nazarbekdagi yo‘l o‘tkazgich qachon foydalanishga topshirilishi ma’lum bo‘ldi

Poyezd qatnovi tufayli avtomobil yo‘li shlagbaum bilan yopiladi, yo‘llar to‘siladi. Ba’zida teplovozning yo‘lni almashtirib olishi uchun qariyb 10 daqiqa vaqt ketadi.

Bugungi kunda qariyb har bir xonadonda avtomobil bor. Odamlar uni asosan ishga, o‘qishga, bozor-o‘charga minib borishadi. Avtomobillar ko‘paygani sayin esa yo‘llarimizning o‘tkazuvchanlik xususiyati pasayib, yo‘llarni kengaytirish, ko‘priklar barpo etishga ehtiyoj ortib boraveradi. Toshkent shahri va viloyat markazlarida so‘nggi yillarda ko‘plab inshootlar barpo etilayotganining bosh sababi ham odamlarning vaqtini tejash, uzog‘ini yaqin qilish, tirbandliklarni oldini olishdan iboratdir.

So‘nggi yillarda Zangiota tumanidagi Nazarbek shaharchasida aholi soni ortdi. Bugungi kunda uning hududidagi to‘qqizta mahallada 32 mingdan ziyod aholi istiqomat qiladi. Ularni bir necha yildan buyon qiynayotgan masala esa ushbu hududdan o‘tuvchi temir yo‘l va avtomobil magistrali kesishmasining vaqti-vaqti bilan yopilib turishi va uzundan-uzoq tirbandliklarning kelib chiqishi oqibatida shahar markazi va shaharchaga yetib olish masalasining qiyinlashib borayotgani edi.

Ma’lumki, 4R253 avtomobil yo‘nalishi bilan kesishgan temir yo‘ldan har kuni yuk poyezdlari o‘tib turadi. Poyezd qatnovi tufayli avtomobil yo‘li shlagbaum bilan yopiladi, yo‘llar to‘siladi. Ba’zida teplovozning yo‘lni almashtirib olishi uchun qariyb 10 daqiqa vaqt ketadi. Ayniqsa, ertalab va kechqurun yo‘lning yopilishi natijasida Toshkent shahriga ishga borayotgan va qaytayotgan aholining avtotransportlaridan iborat uzun tirbandlik hosil bo‘ladi.

Ushbu hududdagi aholidan tushgan ko‘plab murojaatlar natijasida Prezidentimizning 2020 yil 28 dekabrdagi “2021-2023 yillarda O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga  va Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 28-apreldagi 198-F-sonli farmoyishiga asosan,  “4R253 “Toshkent shahri —  Turkiston sh/x —  Qozog‘iston Respublikasi chegarasi” avtomobil yo‘lining 3 kilometridagi temir yo‘l ustidan yo‘l o‘tkazgich qurish” loyihasi ishlab chiqildi.

Unga ko‘ra, “Umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarini qurish va rekonstruksiya qilish direksiyasi” davlat unitar korxonasi buyurtmachi sifatida belgilandi.  Loyihani esa “Yo‘l – loyiha byurosi” mas’uliyati cheklangan jamiyati tayyorladi. Bosh pudrachi etib esa “Ko‘prikqurilish tresti” unitar korxonasi tarkibidagi 13-ko‘prikqurilish otryadi tanlandi.

Mutaxassislar tomonidan ishlab chiqilgan loyihaga asosan, yangi yo‘l o‘tkazgichni temir yo‘l ostidan tonnel shaklida o‘tkazish loyihasi murakkab bo‘lsa-da, ammo juda samarali bo‘lishi belgilandi. Shundan so‘ng loyiha doirasida quyidagi ishlar amalga oshirilishi rejalashtirildi. Birinchisi —  umumiy uzunligi 398 metr, kengligi 22 metr, ko‘prik osti balandligi esa 7 metr bo‘lgan tonnel tipidagi yo‘l o‘tkazgich qurilishi amalga oshirish, Ikkinchisi —  tonnel ustidan o‘tuvchi 3 izli uzunligi 32.25 metr, kengligi 18.5 metrli  bo‘lgan temir yo‘l ko‘prigi qurish. Uchinchisi —  28 metr uzunlikda hamda 12,5 metr kenglikdagi avtomobil yo‘li ko‘prigi qurilish loyihasi puxta va har bir holat jiddiy o‘rganib chiqilgach tasdiqlandi.

— 2021-yilning so‘nggi oylarida esa ushbu yirik loyihaning dastlabki qurilish ishlari boshlab yuborildi, —  deydi 13-ko‘prikqurilish otryadi muhandisi Zafarjon Irgashev. –— Dastlab tajribali mutaxassislarimiz bilan loyihaning har bir jihatini puxta o‘rganib, zamonaviy texnikalarda tuproq ishlarini bajardik. Shundan so‘ng mustahkam temir-beton poydevorlari bosqichma-bosqich tayyorlandi. Ayni paytda yer osti yo‘l o‘tkazgichining poydevorlarida qurilish ishlari tugatilib, loyiha doirasida navbatdagi yumushlar bajarilmoqda. Hozirda bu yerda 50 nafarga yaqin tajribali mutaxassis bilan yangi ko‘prik qurish ishlarini olib boryapmiz. Qurilish ob’ektiga zarur bo‘lgan temir-beton mahsulotlari “Ko‘prikqurilish tresti” unitar korxonasiga qarashli takshilotlarda ishlab chiqarilgan sifatli maxsulotlar o‘z vaqtida yetkazib berilmoqda. Bugungi kungacha loyiha doirasida geodeziya ishlari ham amalga oshirilib, qurilish xududiga tushgan komunikatsiyalarni ko‘chirish hamda vaqtinchalik temir yo‘l izini qurish ishlari olib borilmoqda. Inshootning tonnel qismida poydevor qazish ishlarining to‘rtdan bir qismi bajarilib, 94 dona temir-beton bloklari montaj qilindi.  12 ta manzilda kotlovanlarni qayta ko‘mish ishlari bajarilmoqda.

Muxtasar qilib aytganda, ayni paytda Nazarbek shaharchasiga olib boruchi 4R253 avtomobil yo‘li bilan kesishgan temir yo‘l hududi katta qurilish maydoniga aylangan. 2023-yilda yakunlanishi rejalashtirilayotgan ushbu zamonaviy ko‘priklar foydalanishga topshirilgach, 32 mingdan ziyod mahalliy aholi va ushbu yo‘ldan o‘tib qaytayotgan boshqa haydovchilarning qimmatli vaqtlari tejaladi, avtomobillar tirbandligini xosil bo‘lmasligi natijasida atrof-muhit ekologiyasining holati yanada yaxshilanadi.

Мавзу:

#поезд