Nega Hyundai va Kia avtomobillari ko‘p o‘g‘irlanmoqda?
Chunki, boshqa avtomobillarga qaraganda Hyundai va Kia ishlab chiqaruvchilarining avtomobillarini o‘g‘irlash juda oson. AQSHdagi Yo‘l harakati xavfsizligi va sug‘urta instituti mutaxassislari olib borilgan ko‘p yillik tadqiqotlardan keyin shu qarorga kelishdi.
Mutaxassislarning so‘zlariga ko‘ra, avtomobil o‘g‘rilari asosan ushbu kompaniyalarning 2015-yildan 2019-yilgacha ishlab chiqarilgan avtomobillarini o‘g‘irlashmoqda. Chunki bu yillarda ishlab chiqarilgan avtomobillarning aksariyati o‘g‘irlik holati sodir etilayotganda o‘t oldirish tizimini blokirovka qiluvchi elektron immobilayzer bilan jihozlanmagan.
-Bizning avvalgi tadqiqotlarimizga asoslanadigan bo‘lsak, elektron immobilayzerlar paydo bo‘lgandan keyin avtomobil o‘g‘irlash bilan bog‘liq holatlar birdan kamaydi. Afsuski, Hyundai va Kia kompaniyalari immobilayzerlarni standart jamlamdagi tizimlar qatoriga kiritishda boshqa avtomobil ishlab chiqaruvchi kompaniyalardan biroz orqada qolishdi,-deydi institut mutaxasislari
2021-yilning 1-noyabridan boshlab bu kompaniyalar ham barcha avtomobillar uchun elektron immobilayzerni standart jamlamdagi tizimlar ro‘yxatiga kiritdi.
Mabodo sizning avtomobilingiz immobilayzer bilan jihozlanmagan bo‘lsa mutaxassislar avtomobilni o‘g‘irlashga qarshi har qanday qo‘shimcha tizimlar bilan jihozlashni maslahat berishadi. Chunki o‘g‘rilar avtomobilingizni o‘g‘irlash uchun qancha ko‘p vaqt sarflasa, ularda qarorini o‘zgartirib boshqa avtomobini o‘g‘irlash ehtimoli shuncha katta bo‘ladi.