O‘zbekistonda 2022-yilning uch oyida qancha yo‘l-transport hodisasi qayd etilgani ma’lum qilindi

O‘zbekistonda 2022-yilning uch oyida qancha yo‘l-transport hodisasi qayd etilgani ma’lum qilindi

O‘zbekistonda joriy yilning dastlabki uch oyida 1469 ta yo‘l-transport hodisasi qayd etilgan bo‘lib, ulardan 204 tasi bolalar ishtirokida sodir bo‘lgan, 39 tasi o‘limga sabab bo‘lgan. Qurbonlarning aksariyati o‘smirlardir.

Bu haqda AOKAda UNICЕF, BMTning Yevropa iqtisodiy komissiyasi va IIV JXD Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati mutasaddilari ishtirokida o‘tkazilgan  matbuot anjumanida ma’lum qilindi.

Yo‘l-transport hodisalarining asosiy sabablari — tezlikni oshirish (455 ta), yo‘l harakati qoidalariga rioya qilmaslik (110 ta) va zarur infratuzilmaning yo‘qligi (250 ta), jumladan, piyodalar o‘tish joyining yo‘qligi (804 ta) bo‘lgan.

“Yo‘l-transport jarohatlari butun dunyo bo‘ylab bolalar va yoshlar salomatligi borasidagi jiddiy muammo hamda o‘lim, jarohatlar va nogironlikning asosiy sababi bo‘lib qolmoqda. Har kuni dunyoda 3000 ga yaqin bolalar va yoshlar yo‘llarda halok bo‘ladi yoki og‘ir jarohatlar oladi. Bu o‘limlarning oldini olish mumkin,” — dedi Munir Mamedzade.

“So‘nggi paytlarda O‘zbekistonda yo‘l-transport hodisalari sonini kamaytirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Bosh vazir boshchiligida Yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha Respublika maxsus komissiyasi tuzildi. Barcha hududlarda “Yo‘l harakati intizomi bolalikdan boshlanadi” shiori ostida tadbirlar o‘tkazilmoqda. Ammo shuni unutmasligimiz kerakki, yo‘llarda harakat xavfsizligini ta’minlash faqat mutasaddi shaxslar va idoralarning, mas’uliyati emas. Bu umumiy vazifamiz”, — dedi Olim Saidov.

Ayrim mamlakatlar tajribasi shuni ko‘rsatadiki, oqilona sarmoya evaziga yo‘l-transport hodisalarining to‘liq oldini olish mumkin. Quyidagi chora-tadbirlar yo‘l-transport hodisalarida bolalar o‘limini sezilarli darajada kamaytirishga ko‘mak berishi mumkin:

yo‘l harakatining barcha qatnashchilari, jumladan, o‘smirlar va yoshlar uchun qonunlar ijrosini ta’minlaydigan milliy qonunchilik va siyosatni mustahkamlash;

infratuzilma va avariyadan keyingi xizmatlar;

maktab hududini yaxshilash dasturlari va maktab hududida yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun jarimalar tizimini ishlab chiqish;

yangi haydovchilarga haydovchilik guvohnomalarini berishning ishonchli tizimini ishlab chiqish va joriy etish;

maktab o‘quvchilari uchun yo‘l harakati xavfsizligi bo‘yicha o‘quv dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirish;

aholi xabardorligini oshirish bo‘yicha samarali tizimini ishlab chiqish va joriy etish;
fuqarolik jamiyati tashkilotlarini qo‘llab-quvvatlash.

UNICЕF yo‘l harakati xavfsizligini ko‘rib chiqishda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Yevropa Iqtisodiy Komissiyasi va Ichki ishlar vazirligini qo‘llab-quvvatlaydi. Uning natijalari yo‘llarda bolalar xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan yangi siyosatni ishlab chiqishda asos bo‘ladi.

Сайт янгиликларидан доимий хабардор бўлиш учун Телеграм каналимизга қўшилинг!