O‘zbekistonda elektromobillarning ommalashishiga to‘siq bo‘layotgan muammolar

O‘zbekistonda elektromobillarning ommalashishiga to‘siq bo‘layotgan muammolar

So‘ngi o‘n yil ichida dunyo miqyosida yoqilg‘i bilan harakatlanadigan avtomashinalardan voz kechilib, elektr orqali quvvatlanadigan elektromobillarga o‘tilmoqda.

Elektromobillar eng ommalashgan davlatlar qatorida Norvegiya yetakchilik qilmoqda. O‘tgan yili mamlakatda sotilgan avtomobillarning 86,2 foizini elektromobillar tashkil qilgan. Bu ko‘rsatkich Shvetsiyada 45 foiz, Niderlandiyada esa 29,8 foizga yetgan.

Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda so‘ngi to‘rt yilda xorijiy davlatlardan 992 ta elektromobil import qilingan. Joriy yilning o‘tgan davrida esa 1 ming 314 ta elektromobil olib kirildi.

Mutaxassislarning aytishicha, elektromobillarning dvigateli atrof-muhitga zararli gazlarni chiqarmaydi. Eng muhimi, elektr energiyasidan quvvat olishi sababli an’anaviy yoqilg‘i sarfini 33 barobar kamaytiradi. Agar elektromobil uyda quvvatlanlasa, 1 kilometr masofa o‘rtacha 45 so‘mga tushadi. 100 kilometr, 4 ming 500 so‘mga aylanadi. Taqqoslash uchun 10 litr Ai-92 benzini taxminan 95-108 ming so‘m turadi. Hali moy va boshqa xarajatlar hisobga olinmagan.

Bu mashinalarning yana bir qulayligi, elektromobillar bilan to‘qnashuv sodir etilganda, to‘qnashuv sensori tomonidan batareyalar o‘chirilishi natijasida elektromobil avtomatik tarzda to‘xtaydi. Shuningdek, ehtiyot qismlari soni kamroq bo‘lgani uning ishonchliligini oshiradi. Natijada ta’mirlash hamda texnik xizmat ko‘rsatish xarajatlari kamayadi.

To‘g‘ri-da, tabiat va atrof muhitga bezarar, yoqilg‘idan ko‘ra xarajatlari kam, harakatlanishga qulay, har tomonlama puxta ishlangan mashina kimga ham yoqmaydi!? Shu bois, O‘zbekistonga elektromobil importi uchun fuqarolarga qator imtiyozlar berilgan. Ammo...

NЕGA O‘ZBЕKISTONDA ELЕKTROMOBILLAR OMMALASHMAYAPTI?

Mamlakatimizda davlat tomonidan elektromobillarga beriladigan imtiyozlarga e’tiboringizni qaratmoqchimiz.

Prezidentning 29-iyundagi «O‘zbekiston Respublikasining tashqi iqtisodiy faoliyatini yanada tartibga solish hamda bojxona-tarif jihatdan tartibga solish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» qarori bilan 2019-yil 1-yanvardan O‘zbekistonga elektromobil importi uchun boj to‘lovi bekor qilingan, o‘sha yil iyul oyida aksiz solig‘i ham olib tashlangan edi.

Biroq, narxlar borasida ham talaygina muammolar bor. Ayni paytda chetdan yengil elektromobil olib kirishda 20 yevro bojxona yig‘imi va 15 foizlik qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lanadi. Elektromobil bojxona bojidan ozod etilgan bo‘lsa-da, avtomobil narxining 15 foizini tashkil etadigan qo‘shimcha qiymat solig‘i va yo‘l haqi va rasmiylashtirish ishlari hisobidan narx ko‘tarilishi aniq.

Masalan, Koreyada ishlab chiqarilgan “Hyundai Kona” elektromobillari O‘zbekistondagi avtosalonlarda 35 ming dollar atrofida sotilmoqda. Yana bir misol, Xitoyda 15 ming AQSH dollariga baholangan mashina, O‘zbekistonga yetib kelguncha 28 ming AQSH dollariga aylanadi.

Ammo, hamon muammoning ko‘lami katta. Ko‘pchilik mazkur, avtomashinada nosozlik kuzatilsa, uning ehtiyot qismlarini topishda muammolar uchrayapti. Bundan tashqari, quvvatlash stansiyalarining yetarli emasligi yana bir muammo bo‘layotganini aytmoqda. Uyda zaryadlash uchun esa hammada ham sharoit yo‘q. Ayniqsa, ko‘p qavatli uyda yashovchilarda buning iloji yo‘q.

Eng yomoni, hozircha elektromobillarni tushunadigan ustalar yetishmaydi. Ehtiyot qismlarini 1-2 oy kutish kerak. 1-2 yil minib yurgan elektromobilingizni olgan narxga sotolmaysiz. Narxi 10-20 foizgacha tushishi mumkin.

Sir emaski, hozirda ham yurtimizning ba’zi viloyatlarda elektr energiyasida uzilishlar bo‘lib turadi. Bu esa elektromobillar quvvatlantirishda jiddiy muammoga sabab bo‘lmoqda.

Ma’lumot o‘rnida aytish joiz, elektromobillar O‘zbekistonda 2018-yilda import qilina boshlagan bo‘lsa, ularni ilk quvvatlash stansiyasi 2020-yilda o‘rnatilgan. 2020-yilning oktabr oyida O‘zbekistonda "Makro" supermarketlar tarmog‘i tomonidan birinchi multirazyomli elektromobillarni quvvatlovchi stansiya o‘rnatilgan. Shundan so‘ng  O‘zbekiston "Plugshare" — elektromobillarni dunyo bo‘yicha qayerlarda quvvatlash mumkinligini ko‘rsatadigan dunyo xaritasida paydo bo‘ldi.

"Plugshare" xaritasi ma’lumotiga ko‘ra, hozir O‘zbekistonda ellikdan ortiq elektromobillarni quvvatlash stansiyasi mavjud. Ular poytaxtimizda, Toshkent viloyatida Samarqand, Qarshi, Namangan, Qo‘qon, Farg‘ona va Navoiy viloyatlarida o‘rnatilgan.

Ammo bu yetarli emas. Misol uchun, agar Toshkentdan Nukusga bormoqchi bo‘lsangiz, faqatgina Samarqand viloyatining Bulung‘ur tumanida mashinani quvvatlash imkoniga ega bo‘lasiz. Bu masofa 300 kilometrga yaqin. Hamma elektromobillar ham u yerga yetib bora olmaydi. Qurilmani topdim deganingizda yana kamida uch soat kutishingiz kerak bo‘ladi. To‘liq energiya bilan 500 kilometr masofani bosib o‘tadi. To‘liq quvvatlash uchun ketadigan o‘rtacha vaqt 5-7 soatni tashkil qiladi.

Joylardagi tez quvvatlash stansiyalarida esa 30 daqiqa ham kutmaysiz. Ammo, elektromobil haydovchilarining aytishicha, viloyatdagi quvvatlash stansiyalarida navbatlar ko‘pligidan ikki kunlab qolib ketyapti. Bugungi kunda eng katta muammo elektromobil mashinasining quvvatlash stansiyalarining yetishmasligida. Hozircha elektromobillar shahar ichidagina qulay mashina bo‘lib turibdi. Chunki quvvatlash stansiyasini qurgan tadbirkorlar elektr narxiga foyda ko‘rish uchun qo‘shimcha qo‘sha olmas ekan.

STANSIYA TASHKIL ETISH UCHUN...

Elektromobil quvvatlash stansiyasini tashkil etish uchun tadbirkorlarga nima to‘sqinlik qilmoqda?

– Biz davlatdan elektr energiyani 450 so‘mdan sotib olib, uning ustiga foyda qo‘yib sota olmaymiz, – deydi toshkentlik tadbirkor Jamol Nurmatov. – Bu qonun tomonlama taqiqlangan. Unda menga nima foyda falon ming dollarlik quvvatlash stansiyasini sotib olib, uni O‘zbekistonga olib kirib, o‘rnatishdan? Bundan tashqari, maydonchani asfalt qilish, kabel tortib kelish, xullas, quvvatlash maydonchasini jihozlash kabi xarajatlarni qilishdan tadbirkorga naf yo‘q.

Vazirliklar, budjet tashkilotlari, mahalliy hokimliklar xizmat mashinalarini 2025 yilgacha kamida 10 foizgacha 2030 yilgacha to‘liq elektromobillarga almashtirilishi taklif etilgandi.

Muammolarni yechish uchun to‘xtash joylarini qurish yo‘naltiriladigan imtiyoz va subsidiya haqida ham aytilayotgan edi. Biroq, tadbirkorlar hali bu imtiyoz va imkoniyatlardan foydalanmaganini aytishmoqda. Vaziyatni chuqurroq o‘rganishga kirishdik...

Muammoning birgina yechimi – tadbirkorlarning quvvatlash stansiyasini tashkil etishiga ko‘maklashish yoki elektromobil sotib olishni rag‘batlantirish maqsadida bepul quvvatlantirish shoxobchalari ochish.

Bir so‘z bilan aytganda, yurtimiz bo‘ylab elektromobil quvvatlash shoxobchalari yo‘qligi, bu – mashinalarning ommalashishiga to‘sqinlik qilayotgan omillardan biri. Bu muammoni bartaraf etish maqsadida joriy yil 28-martda Ekologiya qo‘mitasi va "Megawatt Motors" kompaniyasi o‘rtasida memorandum imzolandi. Davlat-xususiy sheriklik asosida bo‘lishi ko‘zda tutilgan loyiha butun O‘zbekiston bo‘ylab har 100 km. masofada elektromobil quvvatlash stansiyasi tashkil etishni nazarda tutadi.

O‘ylaymizki, mazkur loyiha hayotga tatbiq etilsa, yuqoridagi barcha muammolar bartaraf etilib, elektromobillar ommalashishiga imkoniyat yaratiladi.