Rasman! UzAuto Motors Chevrolet Lacetti, Cobalt, Damas va Labo avtomobillariga shartnomalar qabul qilishni vaqtincha to‘xtatdi

Rasman! UzAuto Motors Chevrolet Lacetti, Cobalt, Damas va Labo avtomobillariga shartnomalar qabul qilishni vaqtincha to‘xtatdi

Rasman! UzAuto Motors Chevrolet Lacetti, Cobalt, Damas va Labo avtomobillariga shartnomalar qabul qilishni vaqtincha to‘xtatdi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati ma'lum qilmoqda.

"Barchaga ma’lumki, yarimo’tkazgichlarning global yetishmovchiligi va logistika inqirozi shuningdek geosiyosiy turbulentlik butun dunyo bo’ylab avtomobil sanoatini davomli inqirozga olib keldi. Mikrochiplar tanqisligi, yetkazib berish zanjirining uzilishi va o'zaro sanktsiyalarning ta'siri ko'plab avtomobil ishlab chiqaruvchilarni ishlab chiqarish hajmini kamaytirishga, komplektatsiyalarni qisqartirishga va hatto zavodlar faoliyatini to’liq to’xtatishga majbur qildi.

Shuningdek, yuzaga kelgan inqiroz natijasida butun dunyo bo'ylab avtomobil yetishmovchili va uzoq muddatli kutish vaqtlariga olib keldi. Yevropada xaridorlar o‘z avtomobillarini 22 oygacha kutishlariga to‘g‘ri kelmoqda, navbatlar esa 2 yilgacha cho‘zilgan, xuddi shunday holat Janubiy Koreyada ham kuzatilmoqda. Shu bilan birga, global inqirozlar avtomobil narxlariga sezilarli darajada ta’sir ko‘rsatdi – faqatgina O‘zbekistonda taqdim etilgan avtomobil brendlari o‘z narxlarini joriy yilning oktabr oyidan boshlab  o‘rtacha 8 foizdan ortiq oshirishdi.

UzAuto Motors kompaniyasi global inqirozni ishlab chiqarishni to'xtatmagan holda, bundanda ko'proq-rekord hajmlar bilan, ish o'rinlarining ko'paytirib, yangi zamonaviy modellarni ishlab chiqarish va sotishni yo’lga qo’yish bilan yengishga muvaffaq bo'ldi. Joriy yil davomida UzAuto Motors yiliga 300 ming avtomobilni ishlab chiqarishni tashkil qilish uchun zavodlarni maksimal ishlab chiqarish quvvatiga keltirdi. O’tgan yilda ishlab chiqarish hajmi 235 ming dona avtomobilni tashkil etgan bo'lsa, joriy yilda global inqiroz sharoitida kompaniya ishlab chiqarish hajmini 31 foizga oshirdi. Yanvar oyidan to hozirgi kunga qadar 310 ming donadan ortiq avtomobil ishlab chiqardi.

Joriy yilda O‘zbekiston iqtisodiyotining o‘sishi va avtomobillar uchun narxlarning arzonligi sabab Chevrolet avtomobillariga bo’lgan talabning g‘ayritabiiy o‘sishi kuzatildi. Mutaxassislarning fikricha, mamlakatimiz fuqarolari yengil avtomobillarni yuqori likvidli investitsiya vositasi deb bilishadi. Agar o‘tgan yili Chevrolet avtomobillarini xarid qilish bo‘yicha o‘rtacha oylik shartnomalar soni 21 000 dona bo‘lgan bo‘lsa, joriy yilning noyabr oyida 76 000 donadan ortiq shartnoma tuzilgan.

Biroq, Davlat Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati (DYHXX) ma’lumotlariga ko‘ra, 2022-yilda sotib olingan 90 000 dan ortiq avtomobil (yillik ishlab chiqarish hajmining deyarli uchdan bir qismi) xaridorlar tomonidan qayta sotilgan. Iqtisodiy tadqiqotlar markazi tomonidan o'tkazilgan tahlillar ham "Olib sotarlar" sonining ko'payganini tasdiqlaydi. Unga ko'ra kelishuvlar soni o'tgan oyga nisbatan 41 foizga, o'tgan yilning noyabr oyiga nisbatan esa 2,3 barobarga ko’paygan. Shubhasiz, “Olib sotarlar”ning bunday yuqori ulushi oddiy xaridorlarning kutish vaqtiga ta’sir o’tkazdi va bozorda sun’iy tanqislikni yuzaga keltirdi.

Shubhasiz, UzAuto Motors jamoasi kontraktatsiyaning oylik o’sish sur’atini ta’minlash uchun barcha imkoniyatlarni ishga solishda davom etmoqda. Ishlab chiqarish hajmini oshirish uchun butlovchi qismlarni, shu jumladan havo yo’llari orqali yetkazib berish yo‘lga qo‘yildi va yuk tashish muammolari hukumat darajasida hal qilindi. Ushbu va boshqa misli ko'rilmagan chora-tadbirlar avtomobil butlovchi qismlarini maksimal darajada yetkazib berishga imkon berdi, bu esa o'z navbatida zavodning uzluksiz ishlashini ta'minladi. GM va bir qator mikrochip ishlab chiqaruvchilar bilan olib borilgan muzokaralar natijasida yarimo‘tkazgichlarni qo‘shimcha yetkazib berish va inqiroz davrida prognoz qilinganidan ko‘proq avtomobil ishlab chiqarish imkonini berdi. Ishlab chiqarish hajmini oshirishdan tashqari, kompaniya eksportga yo’naltirilgan avtomobillarning bir qismini ichki bozorga yo'naltirdi.

Bundan tashqari, UzAuto kompaniyasi tomonidan General Motors bilan 2023-yilda dunyodagi inqiroz sharoitida ishlab chiqarish hajmini yiliga 500 ming dona avtomobilgacha oshirish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Ta'kidlash joizki, ishlab chiqarish quvvatining bunday sezilarli o'sishi nafaqat vaqtni, balki keng ko’lamli investitsiyalarni ham talab qiladi.

O‘zbekistonda avtomobillarga bo‘lgan talabning anomal o‘sishi va global muammolar kuchayganini hisobga olib, kompaniya bunday sharoitda boshqa avtomobil ishlab chiqaruvchilar tomonidan qo’llanilgan yo’ldan borishni to‘g‘ri deb hisoblaydi va Chevrolet Lacetti, Cobalt, Damas va Labo avtomobillariga shartnomalar qabul qilishni vaqtincha to‘xtatadi. Bu o’z navbatida barcha sa’y-harakatni avval tuzilgan shartnomalar bo’yicha avtomobil ishlab chiqarishga yo'naltiradi.

Kompaniya o’z mijozlaridan tushunishlarini so’rab qoladi. Hozirgi sharoitda UzAuto Motors’ning asosiy maqsadi avval tuzilgan shartnomalar bo’yicha o’z majburiyatlarini bajarishdir. Sizning qo’llab-quvvatlashingiz bilan tez orada yuzaga kelgan vaziyatni yengillashtirishimiz hamda ushbu avtomobil modellari uchun shartnomalar qayta yo’lga qo’yilishiga ishonamiz, deyiladi xabarda.

Carzone.uz сайтининг бепул эълонлар каналига қўшилинг.

Мавзу:

#GM