Uzatmalar qutisi moyini almashtirish shartmi?

Uzatmalar qutisi moyini almashtirish shartmi?

Har bir avtomobil sohibi vaqti-vaqti bilan dvigateldagi moyning holatini tekshirishi qanchalik muhim ekanligini barchamiz bilamiz. Lekin  zamonaviy avtomobillarning uzatmalar qutisidagi moyni tekshirish kerakmi yoki yo‘q?

Agar tekshirish kerak bo‘lsa u qanday tekshiriladi?  Uzatmalar qutisining moyini almashtirish mumkinmi? Saytimizning ko‘pchilik o‘quvchilari bizga shu kabi savollar bilan murojaat qilishadi. Ushbu maqolamizda avtomobil uzatmalar qutisidagi moyning holatini qanday tekshirish mumkinligi, uni almashtirish uchun nimalar qilinishini bilib olasiz.

Uzatmalar qutisi uzoq vaqt xizmat qilishi uchun transmissiyadagi moy darajasini tekshirib turish muhim ahamiyatga ega. Yagona muammo shundaki, uzatmalar qutisidagi moyni barcha ishlab chiqaruvchi kompaniyalarning avtomobillarida tekshirib bo‘lmaydi. Ko‘pchilik avtomobillarda ishlab chiqaruvchi tomonidan uzatmalar qutisi moyini tekshirish imkoniyati yaratilmagan, chunki ular transport vositasiga o‘rnatilgan transmissiyaga texnik xizmat ko‘rsatilmaydi deb hisoblashgan. Ba’zi avtomobillarda uzatmalar qutisi moyini tekshirish mumkin, chunki quti konstruksiyasi maxsus o‘lchash asbobiga ega bo‘lib, uning yordamida moy darajasi tekshiriladi. 

Uzatmalar qutisidagi moyni tekshirish uchun avtomobilingizdan foydalanish bo‘yicha qo‘llanmani diqqat bilan ko‘zdan kechiring, u yerda qutidagi moyni tekshirish to‘g‘risida ma’lumotlar bo‘lishi kerak. Agarda avtomobilning qo‘llanmasida o‘zingizga kerakli ma’lumotni topa olmasangiz, avtomobilga rejali texnik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha taklif qilinadigan ishlar ro‘yxatida ushbu ma’lumotni ko‘rish mumkin. Agar ishlab chiqaruvchi transmissiyadagi moyni tekshirishni tavsiya qilgan bo‘lsa, texnik xizmat ko‘rsatish ishlar ro‘yxatida siz albatta bu to‘g‘risidagi ma’lumotni topasiz. 

Xo‘sh,  avtomobil uzatmalar qutisidagi moyning holatini qanday tekshirish mumkin?
1.    Avtomobilni tekis joyga qo‘ying va uzatmalar qutisi dastagini neytral holatga qo‘yib, dvigatelni o‘t oldiring. Dvigatelning qizishini kuting va uni o‘chiring. Agar avtomobilingizning ishlab chiqaruvchisi moy darajasini dvigatel ishlab turganda tekshirishni tavsiya qilgan bo‘lsa,  dvigatel ishlab turgan paytda quyidagi barcha harakatlarni amalga oshiring.

2.    Qutining maxsus o‘lchash moslamasini toping, odatda u dvigatelning orqa tomonida (yoki yon tomonida) joylashgan bo‘ladi. Ko‘p hollarda qutining o‘lchash asbobi hajmi dvigatel moyini o‘lchash asbobi hajmidan kichikroq bo‘ladi. Ba’zida o‘lchash asbobida "ATF" ko‘rinishidagi qisqartma so‘zlarning bosh harflari bo‘ladi. 

3.    Qutining o‘lchash moslamasini topgach uni chiqaring. O‘lchash moslamasini to‘liq chiqarish lozim.

4.     Qutining o‘lchash asbobini toza (tuksiz) latta bilan arting. Keyin uni yana qisqa vaqtga qutiga qo‘ying va qaytadan chiqarib oling.

5.     Moslamaning uchiga qarang. Qoida bo‘yicha, moslama uchida belgi qo‘yilgan bo‘lib, moy darajasi undan kam bo‘lmasligi kerak. Qutidagi moy darajasini ko‘rsatuvchi turli xil belgilar bo‘lishi mumkinligiga e’tibor qiling. Ba’zi transmissiyalarda belgi moy darajasini sovuq vaqtida o‘lchash uchun moslashtirilgan. Boshqa avtomobillarda esa moy darajasi belgisi qutidagi iliq moyga moslashtirilgan. Agar qutidagi moy hajmi minimal ko‘rsatkichdan past bo‘lsa maxsus transmissiya moyidan quyish zarur. 

Odatda aksariyat ishlab chiqaruvchilar avtomobillarning mexanik uzatmalar qutisiga quyilgan moy avtomobilning umrbod xizmat qilishi uchun mo‘ljallanganini ta’kidlashadi. Shu bois shu paytgacha texnik xizmat ko‘rsatish markazlarida o‘z avtomobilining uzatmalar qutisi moyini almashtirayotgan yoki bu haqda gapirayotgan haydovchilarni deyarli, uchratmaganmiz. Biroq tajribali haydovchilarning fikricha, har 100-120 ming km. masofa bosib o‘tilganda,  uzatmalar qutisi moyini almashtirib tursangiz o‘zingiz uchun foydali hisoblanadi. Mutaxassislarning fikricha, yangi avtomobillarning uzatmalar qutisiga keyinchalik sintetik moyga almashtirish lozim bo‘lgan mineral moylar  quyiladi.  Uzatmalar qutisi moyini yaxshisi avtomobil qizib turgan paytda almashtirgan ma’qul. Chunki bu paytda  uzatmalar qutisidagi moy suyuq  holatda bo‘lib, uni to‘kib olish oson kechadi. Birinchi navbatda ishlangan moyni to‘kish uchun dvigatelning  ostiga  kattaroq idish qo‘yib, taglik (poddon)ni yechib olish kerak.  Shundan so‘ng uzatmalar qutisi dastagini neytral holatga qo‘yib, oldingi chap g‘ildirakni ko‘tarish va moyni quyib olish lozim. Moy to‘liq tushishi uchun g‘ildirakni orqaga aylantirish lozim.

Uzatmalar qutisiga 1,8 l.  moy ketadi. Uni to‘kib olayotganda esa  taxminan 100 grammga yaqin moy  uzatmalar qutisida qolib ketadi. Moyning qolgan qismini to‘kib olishning iloji yo‘q. Uzatmalar qutisini yuvishga hojat yo‘qligi bois,  unga kerakli miqdorda yangi moy quyiladi.  

Uzatmalar qutisiga transmissiya moyini quyish uchun, dahana (voronka) yordamida o‘lchash moslamasi joylashadigan tirqish orqali qutiga moyni quyish kerak. Moyni oz-ozdan quying. Ozgina moy quyib, moy darajasini o‘lchang. Bunday qilish ATF ga ko‘p moy quyib yubormaslik uchun zarur. Uzatmalar qutisidagi moyni tekshirish va unga moy quyish oson hamda oddiy, lekin moy ko‘proq quyilib ketsa uni chiqarib tashlash birmuncha qiyinroq.

Moyni quyib bo‘lganingizdan keyin uzatmalar qutisining moy o‘lchash moslamasini joyiga joylashtiring.

Shuni alohida ta’kidlash kerakki,  bir vaqtning o‘zida  karter tagligining prokladkasini ham  yangisiga  almashtirish lozim. Uzatmalar qutisi moyini  almashtirishda  avtomobilning tekis joyda turganiga ahamiyat berish kerak.

Carzone.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!