“UzAuto Motors” anomal issiqda mashinalarni qanday saqlash toʻgʻrisida koʻrsatma berdi

“UzAuto Motors” anomal issiqda mashinalarni qanday saqlash toʻgʻrisida koʻrsatma berdi

“UzAuto Motors” kompaniyasi anomal issiqda avtomobillardan foydalanish yuzasidan bir qator tavsiyalar berib oʻtdi.

Toʻgʻridan-toʻgʻri quyosh nurlari ostida boʻlgan avtomobilda harorat 100 darajagacha koʻtarilishi mumkin. Yuqori darajali harorat va quyoshning ultrabinafsha nurlaridan avtomobil oynasining muhrlari, fara va chiroqlarning qopqoqlari, asboblar paneli, ichki qoplamalar, tashqi qoplamaning plastik qismlari qiziydi, xiralashadi, yoriladi va buziladi.

OʻZINGIZ VA YAQINLARINGIZNI JAZIRAMADAN ASRANG!

Eng avvalo, haddan tashqari qizib ketgan avtomobilda oʻzingiz va yoʻlovchilarni uzoq vaqt qolib ketishiga yoʻl qoʻymang. Avtomobilga oʻtirishingiz zahoti uni harakatlantirishga shoshilmang — yaxshisi, oynalarni oching va dvigatelni ishga tushirib, bir necha daqiqa kutib turing. Mazkur qoida, ayniqsa, toʻq rangli avtomobil egalari uchun juda muhimdir!

UNUTMANG!

Jaziramada avtomobil saloni bir necha daqiqa ichida nihoyatda yuqori haroratgacha qiziydi.

Fojiali hodisaning oldini olish uchun hech qachon bolalar, qariyalar va hayvonlarni avtomobil salonida, hatto oynalari ochiq boʻlgan taqdirda ham qarovsiz qoldirmang.

Yaqinlaringizni asrang!

AVTOMOBILNI TOʻGʻRIDAN-TOʻGʻRI TUSHADIGAN QUYOSH NURIDAN HIMOYA QILING!

Tabiiyki, eng yaxshi yoʻl bu — avtomobilni yopiq avtoturargohlarda yoki soya joyda qoldirishdir. Ammo hamma ham bunday imkoniyatga ega emas, albatta.

Bunday vaziyatda old oyna uchun quyoshdan himoyalovchi ekran sotib oling (himoyalovchi ekran bozorlarda 10 000 soʻm turadi) va iloji boricha oynalarni yoping: bu choralarning barchasi salonning qizib ketishining oldini oladi, uning plastik va rezina elementlarini deformatsiyadan himoyalaydi.

Agar, siz mashinangizni uzoq vaqt koʻchada qoldiradigan boʻlsangiz — unda avtomobilning maxsus chexolini sotib oling, u sizga yozin qishin xizmat qiladi. Keltirib oʻtilgan vositalar boʻlmagan taqdirda, avtomobilni quyoshga teskari, old va yon oynalariga quyosh nuri tushmaydigan qilib qoʻying.

Avtomobilning quyosh nurida koʻp qolib ketishi, haqiqiy rangining yoʻqolishiga sabab boʻladi.

AVTOMOBILINGIZ SUYUQLIK DARAJASINI KUZATIB BORING!

Bu oyna tozalovchi, moy, freon va boshqa shu kabi suyuqliklarga taalluqli. Yozda dvigatel yuklamasi haddan tashqari ortadi va uni yetarli miqdorda motor moyi bilan taʼminlash nihoyatda muhim. Yozning issiq kunlarida avtomobildan intensiv foydalanish bilan yogʻni tez-tez almashtirish kerakligini unutmagan holda, uni vaqti-vaqti bilan bajarishga harakat qiling. Radiatorga disterlangan suv emas maxsus antifriz quyish kerakligini yodda tuting. Yoz mavsumida tormoz suyuqligini muntazam ravishda oʻzgartirib turing, shu bilan birga sizga taqdim etilgan servis kitobidagi tavsiyalarga amal qiling.

YOQILGʻINI TOʻLA TOʻLDIRMANG!

Haddan tashqari issiqda, yonilgʻini yoqilgʻi baki toʻlguncha toʻldirmang. Harorat koʻtarilganda yoqilgʻi kengayib, bakdan toʻkilishi mumkin. Toʻkilgan yoqilgʻi avtomobil rangiga yoki korpusning korroziyaga qarshi himoya qilish (antikorozyon) qoplamalariga zarar yetkazishi mumkin. Bundan tashqari, oqib toʻkilgan yoqilgʻi atrof-muhitga zarar yetkazadi va hattoki, yoqilgʻi yonib ketishi ham mumkin.

SHINALARNI TOʻGʻRI TANLANG.

Qishki shinalarni yozgisi almashtiring. Asfaltning issigʻida ular yemirilib, yoʻlda harakatlanish uchun tavsiya qilinmaydi. Yozgi shinalarning qattiqligining xususiyatlari bor. Chunki issiq havo haroratida rezinalar yumshashi mumkin. Shuni unutmangki, juda ham yuqori haroratda asfalt qizib yumshaydi. Yozgi shinalar xavfsiz tozmorlash uchun maxsus protektorga ega boʻlib, yoʻlda suvdan himoya qilish va yoqilgʻini tejash imkonini beradi.

BUYUMLARNI ZINHOR AVTOMOBILDA QOLDIRMANG!

Yoz mavsumida avtomobilingiz salonida gazli ichimliklar, tibbiy buyumlar va dori vositalar, shuningdek, quyoshdan himoyalovchi kremlar, koʻzoynaklar, tur xildagi suyuqliklar hamda balonchiklarni, ayniqsa elektron qurilmalarni saqlamang. Yozning jazirama issigʻida avtomobil salonida qoldirilgan eng oddiy buyum ham xavfli hisoblanadi.

QUYOSH NURIDAN KOʻZINGIZNI ASRANG!

Quyosh nuri haydovchini koʻrish qobiliyatini pasaytirib, bir necha soniyalar ichida yoʻlda noxush hodisani keltirib chiqarishi mumkin. Shu sababli, sizga quyoshdan saqlovchi koʻzoynaklarni tavsiya qilamiz. Ular yoʻl-transport hodisasi sodir etilishining oldini oladi.

Хабарларни тез ва осон ўқиш учун Андроид иловамизни сақлаб олинг.