Yo‘l infratuzilmasi to‘g‘ri tashkil etilmagani oqibatida 4 mingga yaqin yo‘l transport hodisasi sodir bo‘lgan

Yo‘l infratuzilmasi to‘g‘ri tashkil etilmagani oqibatida 4 mingga yaqin yo‘l transport hodisasi sodir bo‘lgan

Respublikada transport vositalaridan foydalanish xavfsizligi qoidalarini qo‘pol ravishda buzish holatlari asosan yo‘l infratuzilmasidagi jiddiy muammolar tufayli sodir bo‘layotganligi sir emas. Umuman respublikada yo‘llarning necha foizi talabga javob bermaydi?

Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari polkovnik Bekmurod Abdullayev mazkur savol yuzasidan quyidagilarni ma’lum qildi.  

– Joriy yil o‘n oyi davomida 7 ming 636 ta yo‘l transport hodisasi sodir etilgan, – deydi ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Bekmurod Abdullayev. – Shundan 1 ming 931 tasi o‘lim bilan yakun topgan. Aynan yo‘l infratuzilmasi to‘g‘ri tashkil etilmagani oqibatida 3 ming 980 ta yo‘l transport hodisasi sodir bo‘lgan. Aynan mazkur sabab transport hodisalarining 52 foizini tashkil etadi.  

Bu kabi holatlar asosan piyodalar o‘tish yo‘lagining to‘g‘ri tashkil etilmagani, veloyo‘laklarning mavjud emasligi, yo‘lni ikkiga ajratuvchi to‘siqlar o‘rnatilmagani, yo‘llarning yoritilmagani, piyodalar harakatini cheklovchi to‘siqlar o‘rnatilmagani hamda yo‘lning o‘tkazuvchanligi transport oqimiga moslashtirmagani kabi sabablar tufayli yuzaga kelgan. Ko‘pgina hududlarda yer osti va yer usti piyodalar o‘tish joyi tashkil etilmagan.  

Shuningdek, aynan inson omili bilan bog‘liq 3 ming 656 ta yo‘l transport hodisasi sodir etilgan. Bunda haydovchilarning belgilangan tezlikka rioya etmasligi, haydovchining tajribasizligi, piyodalarga yo‘l bermaslik,  svetofor va yo‘l belgilariga rioya qilmaslik kabi holatlar ham sabab bo‘lgan. Afsuski, birorta yo‘l transport hodisasi yo jarohatsiz yoki o‘lim holatlarisiz tugamagan.  

Bugun yo‘l infratuzilmasidagi kamchiliklarni bartaraf etish xususida har bir viloyatda alohida “Yo‘l xaritalari” ishlab chiqilgan.  Tizimdagi jiddiy muammolar kompleks ravishda o‘rganilmoqda. Ilmiy yondashuvlarni qo‘llash asosida normativ-huquqiy va manzilli tashkiliy-amaliy choralar ishlab chiqilishi borasida tegishli  yo‘nalishlar  belgilab olingan. Xususan, haydovchilikka nomzodlarni tayyorlash hamda voyaga yetmaganlar o‘rtasida yo‘l harakati qoidalarini o‘qitish tizimi tubdan isloh qilinmoqda. Respublikada yo‘lovchilarni va yuklarni avtotransport vositalarida tashish tizimi takomillashtirilmoqda.  

Alohida qayd etish lozimki, yo‘llarda ba’zi “erkatoy”lar tomonidan sodir etilayotgan qoidabuzarliklarga chek qo‘yish uchun yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha zamonaviy ish uslublari va inson omilini cheklovchi raqamli texnologiyalar joriy etish talab etiladi.    

Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasining “Ichki ishlar organlari to‘g‘risida”gi qonuniga ko‘ra, ichki ishlar organlari o‘z faoliyatini ochiq va shaffof tarzda, davlat organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, boshqa tashkilotlar va fuqarolar, shuningdek, ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlikda amalga oshiradi.  

Qachonki biz faoliyatimizga qaratilgan tanqidlarni to‘g‘ri qabul qilsak, to‘g‘ri reaksiya bildira olsak, mavjud muammolarni bartaraf eta olishimiz mumkin. Bugun O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar boshqarmasi  faoliyatida ham kamchiliklar yetarlicha. To‘g‘ri, jamoatchilik bilan muloqotimiz bor. Ammo baribir ko‘rib turganingizdek, tanqidlar qurshovidamiz.  

Shuni alohida ta’kidlashim lozimki, biz jamoatchilik va ommaviy axborot vositalarining tanqididan qo‘rqib yashaydigan bo‘lsak, sohada o‘sish bo‘lmaydi. Umumiy faoliyatimizga bahoni siz bering. Marhamat, savollarga ko‘mib tashlang, aybimiz bo‘lsa “savalang”! Chunki biz xalq bilangina to‘liq shakllana olamiz. Yutuqlar o‘zimizniki. Ammo bu bilan maqtana olmaymiz. Qachonki sohada o‘limsiz natijalarga erisha olsakkina, men shu natijani yutuq deb qabul qila olaman.    

Carzone.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!