Yo‘l qurilishida 61 ta holat bo‘yicha 1 milliard 339 million so‘mlik sifatsiz qurilish-montaj ishlari bajarilgan

Yo‘l qurilishida 61 ta holat bo‘yicha 1 milliard 339 million so‘mlik sifatsiz qurilish-montaj ishlari bajarilgan

Bu haqda AOKAda o‘tkazilgan brifingda "O‘zyo‘linspeksiya" axborot xizmati rahbari Komiljon Shamsiddinov ma’lum qildi.

“O‘zyo‘linspeksiya” tomonidan joriy yilning yanvar-aprel oylari davomida – yo‘l qurilishi ob’ektlari hamda yo‘l-qurilish materiallari, buyumlari va konstruksiyalarini ishlab chiqarishda texnik jihatdan tartibga solishga oid normativ hujjatlar talablariga rioya etilishini nazorat qilish yo‘nalishida 1 ming 878 ta ob’ektda nazorat ishlari o‘tkazilgan.

Buning natijasida, 3 ming 143 ta qoida buzilish holatlari aniqlanib, ularni bartaraf etish bo‘yicha buyurtmachi, pudratchi, loyihachi va yo‘llarni saqlovchi tashkilotlarning mas’ul xodimlariga 1 ming 941 ta bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatmalar berildi.

Bugungi kunda ijro muddati kelgan 1 ming 255 ta ko‘rsatmadagi 2013 ta qoida buzilishlar bartaraf etildi. Bajarish muddati kelmagan 686 ta ko‘rsatmadagi 1130 ta qoida buzilishlarning ijrosi hududiy davlat inspektorlarining qat’iy nazorati ostiga olingan.

Yana bir ma’lumot, nazorat qilish ishlari natijasida 61 ta holat bo‘yicha umumiy summasi qariyb 1 mlrd. 339 mln. so‘mlik sifatsiz bajarilgan qurilish-montaj ishlar hajmini to‘lovdan chiqarish bo‘yicha buyurtmachilarga talabnomalar kiritildi. Ulardan ayrim misollar keltiramiz. Masalan, Sirdaryo viloyatida Sardoba tumani hududidan o‘tuvchi 4R199 avtomobil yo‘lining 0-37 kilometrlari oralig‘ida o‘tkazilgan joriy ta’mirlash natijasida – 129,3 mln. so‘mlik, Samarqand viloyati Nurobod tumani “Sepki” qishlog‘idagi 53-maktabga olib boruvchi ichki yo‘lni ta’mirlashda – 112,9 mln. so‘mlik, Buxoro viloyatidagi Vobkent va Romitan tumanlari hududidan o‘tgan 4N155 avtomobil yo‘lining 8,5-11 kilometrlari oralig‘idagi joriy ta’mirlash natijasida – 47,2 mln. so‘mlik ishlar sifatsiz bajarilgani, talabga mutlaqo javob bermagani uchun hisobdan chiqarildi, ya’ni puli to‘lab berilmaydi.

Bugungi kunda 35 ta holatdagi 406,33 mln. so‘m miqdorida bo‘lgan sifatsiz bajarilgan ishlar bartaraf etilishiga erishildi, qolgan 26 ta holatdagi 932,48 mln. so‘mlik sifatsiz ishlarning taqdiri – hududiy davlat inspektorlarining nazorati ostiga olingan.

Bundan tashqari, qo‘pol ravishdagi qoida buzilishlarga yo‘l qo‘yilgan 72 ta holat bo‘yicha pudratchi tashkilotlarning mansabdor shaxslariga nisbatan tegishli choralar qo‘llash bo‘yicha Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning 99- va 147-moddalari asosida ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi.

Shaharsozlik sohasidagi qonun hujjatlari talablarini qo‘pol ravishda buzayotgan mansabdor shaxslarni javobgarlikka tortish to‘g‘risida 10 ta holat bo‘yicha yuqori turuvchi organlarga taqdimnoma kiritildi.

Yo‘l qurilishi ob’ektlarida bajarilgan qurilish-montaj ishlari va ishlatilgan yo‘l-qurilish materiallari sifatini – laboratoriya sinovidan o‘tkazish bo‘yicha, 7 ta ob’ektdan olingan 275 ta sinov namunalari asosida 1052 ta laboratoriya sinovlari o‘tkazildi va 1 ta ob’ektdagi nomuvofiqlar yuzasidan huquq-tartibot organlariga ma’lumot kiritildi.

Yo‘l qurilish ob’ektlariga jalb qilingan sinov laboratoriyalari faoliyatining monitoringini ta’minlash bo‘yicha 4 ta laboratoriya tashkiloti tomonidan rasmiylashtirilgan – 87 ta bayonnomaning me’yoriy hujjatlar talablariga nechog‘li mosligi o‘rganildi. Natijada 1 ta laboratoriya tashkilotining 3 ta sinov bayonnomasida aniqlangan nomuvofiqliklar yuzasidan “O‘zbekiston akkreditatsiya markazi”ga ma’lumotnoma kiritildi.

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!

Мавзу:

#йўл