Yonilg‘i bakida suv nima sababdan paydo bo‘ladi va uni qanday yo‘qotish mumkin?

Yonilg‘i bakida suv nima sababdan paydo bo‘ladi va uni qanday yo‘qotish mumkin?

Avtomobil yonilg‘i bakidagi suv o‘ylaganimizdan ko‘ra, ko‘proq ko‘ngilsizliklarga sabab bo‘ladi. Bu ayniqsa dvigateli dizel yoqilg‘isida yoki injektor yordamida ishlaydigan avtomashinalar uchun xatarli. Dvigatelning o‘zi suvdan zararlanmaydi, biroq yuqori bosim ostidagi yonilg‘i  uzatish tizimi ishdan chiqadi. 

Bakda suv bo‘lishi, ayniqsa, qish  va yoz mavsumida juda xatarli. Tinch holatda suv benzin bilan aralashmaydi, balki bakda yig‘ilib boradi. Agar haydovchi  mashinasini  yonilg‘ining oxirgi tomchisi qolguncha boshqaradigan bo‘lsa, ertami kechmi, suv yonilg‘i uzatish tizimiga  o‘tadi va  bu yerda muzlab benzin yo‘lini to‘sib qo‘yishi mumkin.  Bunday paytda  suvdan (to‘g‘rirog‘i, muzdan) qutulish uchun mashinani  issiq garajga qo‘yishdan boshqa yo‘l yo‘q. Bu holatda ham suv dvigatelga tushish ehtimoli tufayli, bir qator noqulayliklarni keltirib chiqaradi. Yozgi mavsumda ham yonilg‘i bakidagi  suv  mashinani o‘t oldirishga xalal beradi. Mashina bir-ikki urinishda o‘t olavermagach, haydovchi odatdagidek,  yonilg‘i tugab qolgan, deya bakni boshqatdan to‘lg‘azadi. Oqibatda, suv ko‘payib boraveradi.

Yonilg‘i bakida suv paydo bo‘lganini qanday aniqlash mumkin?
Yonilg‘i bakida suv paydo bo‘lishi namlik yuqori bo‘lgan havoda avtomobil egalarining kam miqdorda, masalan 15-20 litr yonilg‘i quyib yurishidan ham kelib chiqadi. Havoning tez-tez o‘zgarib turishi, ayniqsa, mavsumlar orasida bakga havodagi bug‘larning kirishi natijasida yuqoridagi vaziyatga osongina tushib qolish mumkin. Bakdagi yonilg‘ini oxirigacha ishlatib, yonilg‘i quyish shaxobchasiga kelamiz va bak qopqog‘ini ochayotgan mahal, “ps-shshsh”, degan ovozni eshitamiz.

Demak, atmosferadagi havo oqimi bakka kirgan bo‘ladi. Bakni yarmigacha yonilg‘i bilan to‘latamiz, yarmida esa havo qoladi. Atmosfera bosimining tushishi natijasida  bakdagi issiq xavo namlikka aylanadi va suyuq holatda benzobakda yig‘iladi. Namligi yuqori havo suvga aylangach, u qayta bug‘lana olmaydi, chunki benzin  kimyoviy  xossasiga ko‘ra suvdan yengil bo‘lgani uchun suvni qoplab oladi va bug‘lanishga yo‘l qo‘ymaydi. Demak, tomchi-tomchi suv bakda yig‘ila boshlaydi. Suv tomchilarining yig‘ilmasligi uchun har qanday qulay vaziyatda  bak to‘lgunicha  yonilg‘i quygan yaxshiroq.  Vaziyat taqozo etsa, tumanli kunlarda bo‘sh bakga kam miqdorda yonilg‘i quymagan ma’qul. 

Haydovchilar qanchalik harakat qilmasin, baribir uning benzobakida  50-100 gramm bo‘lsa-da,  albatta suv  yig‘iladi. Ba’zan yoqilg‘i datchigi chirog‘i kuyib qolishi mumkin. Eng yaqin yonilg‘i quyish shaxobchasiga esa  30-40 kilometr masofa bor. Bunday paytlarda  benzinni so‘nggi tomchisigacha sarflab, turli ko‘ngilsiz holatlarga  tushib qolish hech gap emas. Shuning uchun  suv to‘planishining oldini olgan afzal. Mashinani qishki va yozgi mavsumga  tayyorlayotganda benzobakdagi suvni yo‘qotish usuli esa juda ham oddiy. Suv, yuqorida aytib o‘tganimizdek, benzin bilan aralashmaydi. Lekin u spirt bilan juda yaxshi aralashadi. Bunda har qanday  etil, metil,  izopril kabi spirtlardan foydalanish mumkin. Asosiysi spirt  boshqa moddalar bilan aralashtirilmagan bo‘lishi kerak.  Yonilg‘i bakidagi suvni tozalash uchun unga 200-500 millilitr toza spirt quyish kerak. Natijada bakda benzindan tashqari ikkinchi bir yonilg‘i turi - suv bilan  spirt aralashmasi paydo bo‘ladi. Bu aralashma, birinchidan, muzlamaydi. Ikkinchidan, muammosiz yonilg‘i uzatish tizimidan dvigatelga o‘tadi va benzin kabi yonib ketadi. 

Bundan tashqari uning miqdori bakdagi benzin bilan solishtirganda ancha pastligi sababli,  mazkur aralashma keyinchalik hech qanday ko‘ngilsizliklarni keltirib chiqarmaydi.  

Yengil avtomobil, yuk avtomashinasi, motosikl kabi har qanday transport vositasining  yoqilg‘i bakiga har kuz va bahor mavsumida 0,2 litr  toza spirt quyish bakda va yonilg‘i uzatish tizimida suv bilan bog‘liq muammo bo‘lmasligini kafolatlaydi.

Carzone.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!