«Prava»ni almashtirishni yana bir yilga uzaytirish kerak

«Prava»ni almashtirishni yana bir yilga uzaytirish kerak

Poytaxtdagi Davlat xizmatlari markazlari «prava»ni almashtirishda «so‘nggi mijozgacha» ish rejimiga o‘tgani ham vaziyatni yaxshilashga yordam bermayapti.

Bugun qayerga, qaysi vaqtda bormang, tumonat odam.

O‘tgan yilning sentabrida DXM tomonidan faqat 3,6 mln. kishi «prava»sini o‘zgartirgani, yana 2 mln.dan ortiq kishi borligi ma’lum qilingandi. O‘tgan olti oyda taxminan 300-400 ming kishi «prava»ni almashtirgan bo‘lsa, demak, yana 1,7 mln.dan ortiq odam qolgan. Bu raqamni qolgan 9 oyga bo‘lsak, har oyda 180-190 ming haydovchining hujjati almashtirilishi kerak.

Fikrimizcha, DXM har oyda shuncha «prava»ni almashtirishga ulgurmasa kerak. Chunki ishidan, uyqusidan kechgan haydovchilar bitta kompyuterda xizmat ko‘rsatilayotgani, kassaning kamligi-yu IIV bilan tez-tez aloqa uzilayotganidan shikoyat qilmoqda.

Poytaxtdagi ahvol shunday bo‘lsa, viloyatlardagi holatni tasavvur qilavering. Ijtimoiy tarmoqlarda esa tanish-bilishchilik, «qistir-qistir» avj olgani haqida yozishmoqda.

Shu bois, birinchi bosqichni yil oxirigacha cho‘zish kerak. Sababi, 2010 yilgacha «prava» olganlar ko‘pchilikni tashkil qiladi. Qolganlarini almashtirishni 2023 yil oxirigacha uzaytirsak, "osmon uzilib yerga tushmaydi". Aks holda norozilik, tanish-bilishchilik, «qistir-qistir»lar ko‘paysa ko‘payadiki, kamaymaydi. Bu aslida shunday harakatlarga barham berish maqsadida tashkil qilingan DXM obro‘siga, qolaversa, Adliya vazirligi sha’niga ham yaxshi gap emas.

Jahongir ZIYOЕV, deputat

Carzone.uz сайтининг бепул эълонлар каналига қўшилинг.