Yo‘llarda qancha radar, videokamera hamda ko‘p funksiyali kameralar bor?

Yo‘llarda qancha radar, videokamera hamda ko‘p funksiyali kameralar bor?

Yo‘llarda harakat xavfsizligini ta’minlash uchun zamonaviy axborot texnologiyalaridan keng foydalanilmoqda. Xo‘sh, yo‘llarimizda qancha radar, nechta videokamera bor? Ijtimoiy tarmoqlarda ko‘p funksiyali kameralar o‘rnatilgani haqida ham xabarlar tarqalmoqda, bu qanday kameralar?

Shu va boshqa savollarga Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamenti yo‘l harakati xavfsizligi xizmati markaziy kompyuterlashtirilgan boshqaruv tizimi boshlig‘i, podpolkovnik Suxrob Tursunov javob berdi, deya xabar bermoqda UzA.  

– Hozirgi kunda respublika hududi bo‘yicha jami 482  statsionar radar, 918 statsionar kamera, 223 mobil radar mavjud bo‘lib, ular orqali yo‘l harakati qoidabuzarliklari foto va video qayd etib kelinmoqda.  

Ya’ni,  bular transport vositalari belgilangan tezlikni oshirishi; transport vositalari haydovchilari tomonidan svetoforning taqiqlovchi chirog‘ida yo‘lning qatnov qismidagi yo‘l chiziqlarini yoki yo‘l belgilari bilan belgilangan to‘xtash chizig‘ini bosib kirishi; transport vositalari haydovchilarining svetoforning taqiqlovchi chirog‘iga bo‘ysunmasdan o‘tishi; transport vositalari haydovchilarining yo‘lning qarama-qarshi harakatlanish uchun mo‘ljallangan tomoniga yoki bo‘lagiga yo‘l harakati qoidalarini buzgan holda chiqishi; transport vositalari haydovchilarining 1.1 — yotiq chiziq yo‘l belgisiga amal qilmasligi; transport vositalari haydovchilarining to‘xtash yoki to‘xtab turish qoidalarini buzishi kabi holatlarni qayd etib boradi.  

Shuningdek, hozirda zamonaviy axborot texnologiyalarini qo‘llagan holda yo‘l patrul xizmati avtomobillariga qidiruvdagi avtomototransport vositalarini aniqlash va yo‘l harakati qoidabuzarliklarini foto va video qayd etuvchi ko‘p funksiyali mayoqchalar o‘rnatilib, ular sinovdan o‘tkazilmoqda.  

Ushbu mayoqchalar orqali hozirda qayd etilayotgan qoidabuzarliklardan tashqari transport vositasini boshqarish vaqtida haydovchilarning telefondan foydalanishi, transport vositalarini boshqarish va yo‘lovchilar tashishda xavfsizlik kamaridan foydalanish qoidalariga rioya etmasligi, shuningdek, transport oqimining statistik ma’lumotlarini situatsion markazlarga yuborilishi nazoratga olinmoqda.  

– Kameralar ko‘paytirilgani yo‘l patrul xizmati ishini qanchalik yengillashtirdi?  

– Maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositalari yo‘l patrul xizmati inspektorlarining xizmat faoliyatida muhim o‘rin tutmoqda. Hozirgi kunda inspektorlarimiz tomonidan belgilangan tezlikni me’yoridan oshirish holatlarini vizual tarzda aniqlash deyarli to‘xtatilgan. Chunki buni zamonaviy texnikalar orqali onlayn aniqlash imkoni yaratilgan.    

Sodir etilayotgan yo‘l-transport hodisalarining asosiy sabablaridan biri – haydovchilar tomonidan belgilangan tezlikni me’yoridan oshirish hisoblanib, muqaddam mazkur qoidabuzarlik kamida ikki nafar xodim ishtirokida mobil ko‘chma radar yordamida aniqlangan. Ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, bayonnoma ma’muriy amaliyot xodimiga kelib tushganidan so‘ng u tomonidan tasdiqlanib, jarima solish to‘g‘risida qaror huquqbuzarlik sodir etgan shaxsning ishtirokisiz chiqarilar edi.  

Aytish joizki, yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlashda maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositalari orqali yo‘l harakati qoidabuzarliklarini aniqlash va shu bo‘yicha jarima solish to‘g‘risida  qaror chiqarish yo‘l patrul xizmati inspektorlarining soni va faoliyatini optimallashtirish imkonini berdi.  

Shuningdek, jamiyatda xavfsizlikni ta’minlash, jinoyatchilikning oldini olish va unga qarshi kurashishda samarali tizim shakllandi.  

Yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha zamonaviy ish uslublari “inson omili”ni cheklovchi raqamli texnologiyalar joriy etilishiga yo‘l ochdi. Fuqarolar bilan bevosita muloqotni cheklash uchun xodimlar planshetlar, bodikameralar bilan ta’minlanib, qoidabuzarliklarni elektron tarzda rasmiylashtirish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi.  

Shuningdek, kameralar ko‘paygani nafaqat yo‘l patrul xizmati xodimlarini ishini yengillashtirdi, balki jamoat xavfsizligini ta’minlashda o‘z samarasini bermoqda.  

Xususan, ular yordamida nafaqat yo‘l harakati qoidasi buzilishi aniqlanishi, balki jinoyatchilikni issiq izidan fosh etish mumkin.    

Qolaversa, yo‘l transport hodisalarining oldini olishda  sun’iy intellekt hamda neyron tizimlari yordamiga tayanilayotgani  kutilmagan salbiy holatlarni o‘z vaqtida aniqlash va ularga barham berishda muhim o‘rin tutmoqda.  

Albatta, bu ishlardan ko‘zlangan maqsad ezgu. Biroq, haydovchilar texnologiyalarning rivojlanib borayotganidan mamnun emas. Chunki kutilmaganda keladigan jarima kimga ham yoqar edi?  Ammo bunday noxushlikka duch kelmaslikning yo‘li oson. Ya’ni, yo‘llarda harakat xavfsizligi qoidalariga amal qilsak bas.

Хабарларни тез ва осон ўқиш учун Андроид иловамизни сақлаб олинг.

Мавзу:

#камера