Qirolicha Yelizaveta II ning ilk avtomobili haqida bilasizmi?
Joriy yilning 8-sentabr kuni Angliya qirolichasi 96 yoshida vafot etdi. Marhum eri shaxzoda Filipp kabi qirolicha ham yoshligidan avtomobillarga mehr qo‘ygan haqiqiy avtoishqiboz edi.
Yelizaveta II ning garajida nafaqat Lend Rover, Yaguar, Rolls-Roys va Aston Martin avtomobillari bo‘lgan. Balki uning garajida Sitroyen avtomobili ham bor edi.
Qirolicha butun umr avtomobillarni qadrlagan. Avtomobillarga bo‘lgan bu ishtiyoqni u o‘zining marhum eri shahzoda Filipp bilan bo‘lishardi. Unda avtomobillarga bo‘lgan mehrning paydo bo‘lishiga esa g‘aroyib Sitroyen elektromobili sabab bo‘lgan. Qirolicha qachon tug‘ilgan-u, u paytlarda elektromobil nima qilsin dersiz. Biroq bu rost. Qirolicha bolalik paytlarida Citroënnette S4 avtomobilini boshqargan.
Qirollik qarorgohlarining birida joylashgan Sandringem muzeyi yaqin yillargacha qirollik buyumlarining hayratlanarli kolleksiyalarini namoyish qilib kelgan. Ular orasida, xususan, Vindzorlarga tegishli 1939-yilda ishlab chiqarilgan bahaybat o‘t o‘chirish mashinasi “Merryweather”dan tortib 1920-yillarning oxirida ishlab chiqarilgan jajji
“Citroënnette S4” gacha bo‘lgan transport vositalari ham mavjud bo‘lgan.
Citroënnette C4 bu to‘liq elektromobil bo‘lib, 1928-yilda yaratilgan. Aynan mana shu avtomobilda qirolicha Yelizavet II opasi Margaret bilan bolaligida sayr qilishgan.
Avtomobilning uzunligi 1,9 metrni tashkil etadi. Unga o‘rnatilgan elektrodvigatel esa 12 voltli akkumulator yordamida harakatga keladi. Elektromobilning eng yuqori tezligi 15km/s atrofida.
1950-yillarda elektromobil ta’mirga muxtoj bo‘lgan va o‘zining asl radiator panjarasi o‘rniga Daimlerning radiator panjarasi o‘rnatilgan. Chunki aynan mana shu ishlab chiqaruvchi Britaniya qirolligiga ilk avtomobil yetkazib beruvchi bo‘lgan.
Keyinroq avtomobil shahzoda Charlzga sovg‘a qilingan. Aytgancha elektromobilga “shahzoda Charlz” so‘zlarining bosh harflari (Prince Charles va tug‘ilgan yili)ni anglatuvchi «PC 1953» davlat raqami berilgan.