Sintetik dizel yoqilg‘isi UNG Petro AYOQSHlarida sotila boshladi

Sintetik dizel yoqilg‘isi UNG Petro AYOQSHlarida sotila boshladi

Xabaringiz bor, O‘zbekiston neft va gaz-kimyosi sanoati tarixida ilk bor sintetik yoqilg‘i mahsulotlari ishlab chiqarishi boshlangani haqida xabar qilingan edi.

“O‘zbekneftgaz” AJga qarashli UNG Petro korxonasi Uzbekistan GTL zavodida ishlab chiqarilayotgan sintetik dizel yoqilg‘isi savdosi yo‘lga qo‘yilganini ma’lum qildi.

Yuqori sifatli va ekologik toza GTL dizeli avtomobillarga yoqilg‘i quyish shohobchalari orqali ham iste’molchilarga yetkazilishi boshlandi.

“Uzbekistan GTL zavodida ishlab chiqarilayotgan sintetik dizel yoqilg‘isi hajm jihatidan (litrda) an’anaviy dizel yonilg‘isidan 8 foizgacha ko‘p. Shu sabab sintetik dizel yoqilg‘isini sotib olishda iste’molchilar mablag‘lari 8 foizgacha tejalishiga zamin yaratilmoqda. Respublika bo‘ylab 70 dan ortiq AYOQSHlarda bosqichma-bosqich milliy sintetik dizel yoqilg‘isi savdosi yo‘lga qo‘yilmoqda.

Xaridorlar mahsulotni naqd yoki pul o‘tkazish yo‘li bilan sotib olishlari mumkin”, deydi UNG Petro korxonasi rahbari Mirzohid Musayev.

Shuni alohida ta’kidlash joiz, Uzbekistan GTL zavodida ishlab chiqarilayotgan sintetik dizel yonilg‘isi yuqori ekspluatatsion va ekologik jihatlari bilan an’anaviy dizel yonilg‘isidan farqlanadi.

Mazkur yoqilg‘i Yevro 6 (K-6) ekologik sinfi ko‘rsatgichlariga mos bo‘lib, bozorda o‘ta talabgir sanaladi.

Berilgan ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunga qadar GTL dizelini mamlaktimiz iqtisodiyotining yirik korxonalari birinchilar qatorida “Navoiy KMK” AJ, “Navoiyuran”DK, “Olmaliq KMK” AJ, “O‘zneftgazquduqta’mirlash” AJ, “O‘zneftegaz burg‘ulash ishlari” MCHJ, “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ, “Uzkabel” AJ QK, “Yangi Angren IES” AJ, “Sho‘rtan GKM” MCHJ sotib oldi.

Iste’molchilar GTL dizelini UNG Petro shoxobchalaridan xarid qilishlari mumkin.