SUDA SA 01: Hamyonbop va qulay elektromobil

SUDA SA 01: Hamyonbop va qulay elektromobil

Ichki yonuv dvigatelli avtomobillar qatori elektromobillar ham bugun yurtimiz yo‘llarida harakatlanmoqda.  Tasvirda ko‘rib turganingiz SUDA SA 01 elektromobili Xitoyning Henan Suda kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan. O‘zbekiston Energetika vazirligi huzuridagi Qayta tiklanuvchi energiya  manbalari milliy ilmiy tadqiqot instituti Xitoyning «Henan Suda» kompaniyasi elektromobillarini O‘zbekiston sharoitida sinovdan o‘tkazmoqda. Shu maqsadda 2019-yilda 20 ta SUDA SA 01 elektromobili, zaryadlash qurilmalari va ehtiyot qismlari yurtimizga olib kelingan.

Qayta tiklanuvchi  energiya manbalari  milliy ilmiy tadqiqot instituti xodimlarining ta’kidlashicha, elektromobil akkumulatorning to‘la quvvati bilan 300 kilometrgacha masofani bosib o‘tish mumkin. Elektromobilning muhim yutuqlaridan biri uning   yo‘lovchilar va yukxona uchun yetarlicha joy mavjudligidir. Shuningdek u boshqarish uchun juda qulay ishlangan. Boshqalaridan farqli o‘laroq bu elektromobilda   ko‘zimiz ko‘rib o‘rgangan odatdagi avtomat uzatmalar qutisi dastagini  ko‘rishimiz mumkin.

Ushbu elektromobilning narxi bizning Kobalt rusumli avtomobillarimizdan salgina qimmatroq.  Bunda akkumulatorning narxi asosiy o‘rin tutadi.  Elektromobilni uyda  odatdagi 220 voltli zaryadlash qurilmasida yoki 380 voltli tezkor zaryadlash stansiyasida ham quvvatlash mumkin.  Elektromobilga 40 kVt quvvatli generator o‘rnatilgan. 10-12 sekundda 100 km/s tezlikka ko‘tarila oladi. Eng yuqori tezligi esa 220 km/soat.

Mazkur elektromobil  Yevropa  zamonaviy xavfsizlik talablariga  javob bermaganini ham aytib o‘tish kerak. Narxi raqobatbardosh bo‘lishiga qaramasdan  u  dinamik ko‘rsatkichlari va  xavfsizlik yostiqchalari bilan avtoishqibozlarni xursand qila olmaydi. Elektromobilning texnik  tavsifi bilan tanishgan  Umumxalq nemis avtomobil klubi (ADAC) mutaxassislari  krash-test davomida elektromobil 64 km/soat tezlikda  to‘siqqa urilganda  haydovchi   ko‘krak qafasi bilan  rul chambaragiga kuchli urilishi  natijasida  jiddiy jarohatlanishini aniqlashdi. Elektromobildagi  107 ot kuchi quvvatiga ega dvigatelni 45 kVt/ch sig‘imga ega  akkumulator batareyalari harakatga keltiradi.  Elektromobilning gabarit o‘lchamlariga to‘xtaladigan bo‘lsak, uzunligi 4417 mm, balandligi 1737 mm,  eni 1576 mm ni tashkil etadi. G‘ildiraklar bazasi esa 2500 mm. 

SUDA  SA 01 da xavfsizlik yostiqchalari, favqulodda tormozni kuchaytiruvchi, yo‘l chiziqlaridan chtega chiqish haqida ogohlantiruvchi kabi zamonaviy xavfsizlik tizimlari-yu haydovchi uchun qulaylik yaratuvchi funksiyalar umuman yo‘q.

Uskunalar paneli  haydovchi va old o‘rindiqdagi yo‘lovchi uchun biroz noqulay ishlanganligini aytmasa  puliga arziydigan elektromobil. Biroq men yurtimiz yo‘llaridagi YTH lar soni kundan kunga ortib borayotgan bir paytda xavfsizlik tizimlari bilan jihozlanmagan ushbu elektromobilda harakatlanishingizni umuman tavsiya qilmagan bo‘lardim.

YouTubeda tomosha qiling: VIDEO

Carzone.uz сайтининг бепул эълонлар каналига қўшилинг.

Мавзу:

#реклама