Suddan haydovchilik huquqidan mahrum etmasligini so‘rasa bo‘ladimi?

Suddan haydovchilik huquqidan mahrum etmasligini so‘rasa bo‘ladimi?

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 131-moddasiga ko‘ra haydovchilarning transport vositalarini alkogolli ichimlikdan, giyovand modda ta’siridan yoki o‘zgacha tarzda mast holda boshqarishi — transport vositasini boshqarish huquqidan bir yilu olti oydan uch yilgacha muddatga mahrum qilib, bazaviy hisoblash miqdorining yigirma besh baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.

Ushbu kodeksning 31-moddasida ma’muriy javobgarlikni yengillashtiruvchi holatlar keltirilgan bo‘lib, ular jumlasiga quyidagilar kiradi:

1) aybdorning o‘z qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lishi;

2) aybdorning huquqbuzarlikning zararli oqibatlari oldini olishi, yetkazilgan ziyonni ixtiyoriy ravishda to‘lashi yoki keltirilgan zararni bartaraf qilishi;

3) huquqbuzarlikning kuchli ruhiy hayajon ta’siri ostida yoki og‘ir shaxsiy, oilaviy yoxud boshqa sharoitlar yuzaga kelganligi oqibatida sodir etilishi;

4) huquqbuzarlikning tahdid yoki majburlov ta’sirida yoxud xizmat yuzasidan, moddiy yoki boshqa jihatdan qaramligi ta’siri ostida sodir etilishi;

5) huquqbuzarlikning voyaga yetmagan shaxs tomonidan sodir etilishi;

6) huquqbuzarlikning homilador ayol yoki o‘n to‘rt yoshgacha bo‘lgan bolasini yakka o‘zi tarbiyalayotgan shaxs tomonidan sodir etilishi.

Ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishni ko‘rib chiquvchi organ (mansabdor shaxs) boshqa holatlarni ham javobgarlikni yengillashtiruvchi holat deb topishi mumkin.

❗️Yana bir muhim qoida shundaki, mazkur kodeksning 33-moddasiga binoan sud ma’muriy jazo chorasini qo‘llayotganda javobgarlikni yengillashtiruvchi holatlarni va huquqbuzarning moddiy ahvolini inobatga olgan holda sabablar va asoslarni albatta ko‘rsatib, ushbu Kodeksning Maxsus qismidagi moddalarning sanksiyasida nazarda tutilgan eng kam jazodan ham kamroq jazo yoki ushbu moddada nazarda tutilmagan boshqa yanada yengil jazo chorasini qo‘llashi mumkin. 

☝️Agar sud sizning moddiy ahvolingizni hamda javobgarlikni yengillashtiruvchi holatlarni inobatga olsa, transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum etish jazosini qo‘llamasligi ham mumkin.

Хабарларни тез ва осон ўқиш учун Андроид иловамизни сақлаб олинг.