“Afrosiyob” poyezdlarida Wi-Fi tarmog‘i tashkil etiladi

“Afrosiyob” poyezdlarida Wi-Fi tarmog‘i tashkil etiladi

Bugun hayotimizni zamonaviy axborot texnologiyalarisiz tasavvur qilish qiyin. Uyda, ishda, ko‘cha-ko‘yda barcha yumushlarimiz, turmush tarzimiz, rejalarimiz shu bilan bog‘liq. Shuning uchun ham barcha soha va tarmoqlarda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari keng joriy etilmoqda.

Dunyo miqyosida raqamli infratuzilma shiddat bilan yangilanib borayotgani zamonaviy voqelikni o‘zgartirmoqda, huquqiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy sohalarda sezilarli o‘zgarishlarga – “axborotlashgan jamiyat” shakllanishiga olib kelmoqda. 

– Raqamli texnologiyalarda shahar yoki qishloq degan tushuncha yo‘q – hamma bu imkoniyatdan foydalanishni istaydi va barcha joyda buning uchun sharoit bo‘lishi kerak, – deydi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Samarqand viloyat hududiy boshqarmasi boshlig‘i Dilmurod Xo‘jamberdiyev. – Shundan kelib chiqib, viloyatimizda ham raqamli infratuzilmani yanada rivojlantirish, aholi va tadbirkorlik sub’ektlariga yuqori tezlikdagi internet xizmatini ko‘rsatishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Shu maqsadda joriy yilning o‘tgan davrida viloyatda telekommunikatsiya xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida 10 ming sig‘imli zamonaviy qurilmalar o‘rnatilib, umumiy sig‘im 485 mingga, abonentlar soni 171 ming nafarga yetkazildi. Yil yakuniga qadar qo‘shimcha 134 ming sig‘imli zamonaviy qurilmalarni o‘rnatish va umumiy sig‘imni 619 mingtaga yetkazish rejalashtirilgan. bugungi kunga qadar viloyatdagi 1968 aholi maskanining 1503 tasiga qadar optik tolali aloqa liniyalari tortilgan. Oldimizga 2024 yilgacha barcha aholi punktlari mazkur tarmoq bilan to‘liq qamrab olish maqsadi qo‘yilgan. Bu borada tizimli ishlarni olib boryapmiz. 

Joriy yilning besh oy davomida 92 hududga 1,9 ming kilometr optik tolali aloqa liniyalari qurildi va viloyat bo‘yicha umumiy uzunlik 15,4 ming kilometrga yetdi. Yil yakuniga qadar yana 1,8 ming kilometr yangi tarmoq tortish va 105 aholi maskanini shu orqali yuqori tezlikdagi internet bilan ta’minlash ko‘zda tutilgan. Ijtimoiy soha ob’ektlarini yuqori tezlikdagi internet tarmog‘iga ulash maqsadida bugungi kunga qadar viloyatdagi 1268 ta xalq ta’limi, 706 ta maktabgacha ta’lim, 374 ta tibbiyot muassasalarida buning uchun imkoniyat yaratildi. Shuningdek, viloyatdagi barcha mahallalarda telekommunikatsiya tarmog‘i tashkil etildi. Viloyatda mobil aloqa qamrovini kengaytirish va sifatini yaxshilash maqsadida ham bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. 

– Viloyatdagi mobil aloqa baza stansiyalarining umumiy soni 4704 tani va mobil abonentlar soni 2 million 774 ming nafardan ortiqni tashkil etmoqda, – deydi D.Xo‘jamberdiyev. – Yilning o‘tgan davrida viloyatda 17 ta yangi baza stansiyasi o‘rnatildi va 122 ta mavjud baza stansiyalari tezkor internet texnologiyasi asosida modernizatsiya qilinib, viloyat aholi maskanlarining mobil aloqa bilan qamrovi 99,7 foizga va tezkor mobil internet bilan ta’minlash 87 foizga yetdi. Lekin hali bu borada amalga oshirishimiz kerak bo‘lgan ishlar juda ko‘p. Chunki, tog‘li va dasht hududlarimizda mobil aloqa va internet sifatini yaxshilash uchun ko‘p vazifalar turibdi oldimizda. 

Shuning uchun yil yakuniga qadar 215 ta yangi baza stansiyasi o‘rnatish, 58 ta baza stansiyasini tezkor internet texnologiyasi asosida modernizatsiya qilish rejalashtirilgan. Kezi kelganda shuni ham aytishim kerak, bu yil Samarqand shahrida birinchi 5G texnologiyasi asosida ishlovchi baza stansiyani o‘rnatish bo‘yicha ham ishlar olib borilmoqda. Joriy yilda Samarqand shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilgan yirik xalqaro siyosiy tadbirlarga tayyorgarlik doirasida Samarqand turizm markazida sifatli mobil aloqa va internetni ta’minlash uchun mazkur hududda 4 ta mobil aloqa antenna-machta inshootlari o‘rnatildi.

Mazkur inshootlarga har bir mobil aloqa operatorlarining 4 tadan baza stansiyalari o‘rnatilmoqda. Ushbu yo‘nalishdagi ishlar jarayonida “Toshkent – Samarqand” yo‘nalishidagi avtomagistral va temiryo‘lda mobil aloqa xizmatlari sifatini yaxshilashga ham jiddiy e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, mavjud baza stansiyalari modernizatsiya qilinib, yangilari o‘rnatilmoqda. bugungi kunda “Afrosiyob” tezyurar poyezdlarida Wi-Fi tarmog‘ini tashkil etish bo‘yicha o‘rganish ishlari yakuniga yetib, simsiz internet xizmatini

tashkil etish bo‘yicha amaliy ishlar olib borilmoqda. 2024 yilning yakuniga qadar viloyat hududidan o‘tgan magistral avtomobil yo‘llari va temiryo‘llarda ham to‘liq mobil aloqa va mobil internet ta’minoti yo‘lga qo‘yiladi.

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!