Avtomobilga o‘t o‘chirish moslamasi kerakmi?

Avtomobilga o‘t o‘chirish moslamasi kerakmi?

Hademay  yoz faslining jazirama issiq kunlari ham boshlanadi. Bunday ob-havoda aksariyat haydovchilar  mashinasini imkon qadar soya-salqin joyda qoldirishga  harakat qiladi.  Biroq istaymizmi yo‘qmi mashina uchun har doim ham soya joy tayin emas. Mabodo, mashina siqilgan tabiiy gazda yurishga moslashtirilgan bo‘lsa, hozirdan kutilmaganda kelib chiqishi mumkin yong‘inning oldini olish uchun gaz uskunasini yana bir bor mutaxassis nazoratidan o‘tkazish, o‘t o‘chirish moslamalari sozligini tekshirib qo‘ygan ma’qul.

Avtomashinalarning o‘t o‘chirish moslamalariga munosabat  aksariyat  haydovchilarda aynan bir xil. Bu moslamalar mashinada yo‘q bo‘lganida yo‘l-patrul xizmati xodimlari jarima solish uchun o‘ylab topilgan navbatdagi talab, deydiganlar anchagina. Ba’zi haydovchilar esa,  avtomobil yonib ketishini go‘yoki bir safsata deb hisoblaydi. Biroq  jiddiy yo‘l transport xodisalari natijasida tez-tez sodir bo‘layotgan  yong‘inlar, ba’zan o‘z-o‘zidan yonib ketish holatlari ro‘y berayotgani bu fikrlar noto‘g‘riligidan darak.   O‘t o‘chirish moslamasi esa, mashina uchun jihoz emas, balki,  kutilmaganda sodir bo‘lgan yong‘indan eng qulay himoyalanish vositasidir.

Agar buni to‘g‘ri  tushungan bo‘lsangiz, albatta, siz uni  xarid qilishga qaror qilasiz. Hozirgi paytda ushbu  mahsulotning turli ko‘rinishdagi va har xil o‘lchamdagilari avtodo‘kon peshtaxtalarida qatorlashib turibdi. Ustamon sotuvchilar esa sizga yoqqan mahsulot holatidan qat’iy nazar, uning qulay jihatlarini maqtashadi. Shuning uchun do‘konga borishdan oldin qaysi turdagi o‘t o‘chirish moslamasini xarid qilishni aniqlab olish kerak. 

Xo‘sh, kutilmaganda  mashinada sodir bo‘lgan yong‘inni qanday qilib tezroq bartaraf etishi mumkin? Agar mashinaning himoya vositalari, shuningdek, moy, benzin kabi mahsulotlarni yetkazish elektron tarzda amalga oshiriladigan bo‘lsa, ko‘pikli  o‘t o‘chirish moslamasi sizga to‘g‘ri kelmaydi. Chunki u qisqa tutashuvlarni keltirib chiqarishi mumkin. O‘t o‘chirish moslamalari orasidan yong‘inni suv bilan o‘chiradiganlarini ham xuddi shu sabablarga ko‘ra rad etmoq kerak. 

Shuningdek, o‘t o‘chirish moslamalarining kukunli turi ham keng tarqalgan. Uning ishlash prinsipi bosim ostidagi kislorod yordamida  kukunni yong‘inga yo‘naltirish va  olovni bartaraf etishdan iborat. To‘g‘ri, uni ishlatgandan keyin mashinadagi  dog‘larni obdon yuvib tashlashga to‘g‘ri keladi.

Bu xildagi o‘t o‘chirish vositalarining ham ikki turi mavjud. Birinchisida - ballonlar gaz bilan to‘ldirilgan bo‘lib, uning bosimini aniqlovchi manometrlar ham o‘rnatilgan. Ikkinchi turida, mavjud moddalarning kimyoviy reaksiyasi natijasida ballonda gaz hosil bo‘ladi. Bunda  gaz  hosil bo‘lmasdan, bosimni aniqlash mumkin emas. Shuningdek, kimyoviy jarayonga ham qo‘shimcha vaqt sarflanishi bois,  falokat paytida kukun birdaniga otilmasdan, ma’lum vaqt talab etiladi. Bu holatda esa avtomobilning  aksariyat qismi yonib ketishi mumkin. Shuning uchun  birinchi turdagi  o‘t o‘chirish moslamasi ma’qulroq. 

O‘t o‘chirish moslamalarining yana bir turi bor. Unda ko‘pik silkitish uslubida yong‘inga yo‘naltiriladi. Biroq,  bu ancha eskirgan  usul va  ishlatish jarayonida yetarlicha qulayliklarga ega emas. 

Uglekislotali o‘t o‘chirish moslamalari ham  xuddi ko‘piklilari kabi ishlaydi. Bu xildagi moslamalarda yong‘inga kukun o‘rniga katta bosim ostida uglekislotalar  yo‘naltiriladi.  Aynan ular olovni tez so‘ndiradi. Biroq bu o‘t o‘chirish moslamalari foydalanishda ehtiyotkorlikni talab etadi. Chunki undagi kislotalar  minus haroratda (Selsiy shkalasi bo‘yicha) bo‘lib, inson tanasiga sachraganda, muzlatishi mumkin.  Shuning barobarida ko‘p miqdordagi kislota insonlarning nafas olish a’zolariga jiddiy zarar yetkazadi.

Endi, ko‘rib chiqqan o‘t o‘chirish moslamalari orasidan eng ma’qulini tanlash qoldi. Ko‘piklisi - mashinada qisqa tutashuvni keltirib chiqarishi bois, undan voz kechamiz. Suvli o‘t o‘chirish moslamalari esa mashinadagi yoqilg‘i va moylash mahsulotlarining yonishini so‘ndirish uchun yetarlicha qulay emas. Bunda ham kutilmagan qisqa tutashuv yuz berishi mumkin. Uglekislotali o‘t o‘chirish moslamalari ancha samarali  va qulay, biroq ishlatish jarayonida birmuncha xavfli. Demak, o‘t o‘chirish moslamalarining kukunli turi ma’qulroq.

Ularni ham ishonchli savdo do‘konlaridan, albatta tekshirib ko‘ribgina, xarid qilish kerak. Kichkina o‘t o‘chirish moslamalari bilan jiddiyroq yong‘inni o‘chirish oson emas. Bu yerdan o‘rtacha va kattaroqlarini topish mumkin. Ular orasida yengil avtomashinalarga qulay joylashtiriladigani OP-2 ekan. Avtomobil qancha katta bo‘lsa, o‘t o‘chirish moslamasi shunga yarasha bo‘lgani yaxshi. Agar mashinangiz yuk ortishga mo‘ljallangan bo‘lsa, unda birato‘la ikkita  o‘t o‘chirish moslamasini xarid qiling. Moslamalarni mashina  yukxonasiga  tashlamasdan, haydovchi joyida o‘tirganda, qo‘l yetadigan yerga joylashtirgan ma’qul. Shoshilinchda uni qidirishga vaqt qolmasligi tayin. Muhimi esa, har qanday holatda mashinangizda hech qachon yong‘in sodir bo‘lmasin.  

Shuni unutmangki, sig‘imi 2 litrdan kam bo‘lgan o‘t o‘chirish moslamalarida  mashinangizda kutilmaganda kelib chiqadigan yong‘inlarni  to‘liq  bartaraf eta olmaysiz.   

Mutaxassislarning e’tirof etishicha, mashinada yong‘in chiqqanda eng noqulay o‘t o‘chirish moslamalari - bu  suvli-aerozol o‘t o‘chirish moslamalari hisoblanarkan.