"Check engine" indikatori nega yonib qoladi? 5 ta eng muhim sabab

Yurtimizdagi aksariyat avtohavaskorlar avtomobilning ma’lumotlar tablosida dvigatelning indikatsiya belgisi (Check engine) yonib qolishi kabi muammoga duch kelishgan Albatta bu holat ba’zi avtomobil haydovchilarini biroz cho‘chitishi turgan gap. Xo‘sh, aslida ma’lumotlar tablosida  dvigatelning chek belgisi nima sababdan yonib qoladi? Indikatorning yonib qolishi xavflimi? U asli o‘zi nimadan darak beradi? Ushbu maqolamizda siz bu haqda yetarlicha ma’lumotga ega bo‘lasiz.

 “Check engine” belgisining  paydo bo‘lish sababini darhol tushunish imkoniyati yo‘q. Ko‘pchilik haydovchilar uchun ma’lumotlar tablosida ushbu ogohlantiruvchi belgining paydo bo‘lishi, zudlik bilan xizmat ko‘rsatish shahobchasiga diagnostika qildirish va dvigatelning “Chek” ogohlantiruvchi belgisi yonib qolish sabablarni bartaraf qilish zarurligini bildiradi. Aslida esa ayrim holatlarda "Check" indikatsiyasi paydo bo‘lganda, dvigatel ishlashi kamchiligi sababini o‘zingiz texnik xizmat ko‘rsatish markaziga bormasdan, mustaqil tarzda diagnostika qilib, kamchilik sababini bartaraf etishingiz mumkin. Bu esa  sizni ortiqcha sarf-xarajatlardan saqlaydi. 

 1. Kislorod datchigini almashtirish (lyambda zond)

Avtomobilingizdagi kislorod datchigi dvigatelning yonish kamerasida qancha miqdordagi kislorod yonmayotganligini nazorat qiladigan va dvigateldan chiqadigan gazlarni qayta ishlaydigan tizimning bir bo‘lagi hisoblanadi. Ushbu datchik avtomashinaning yonilg‘i sarfini nazorat qilishga ham yordam beradi. Kislorod datchigi (zond lyambdasi)ning nosozligi, avtomobil kompyuteri noto‘g‘ri ma’lumotlar olayotganligini bildiradi, bu yonilg‘i sarfining oshishiga va dvigatel quvvatining pasayishiga sabab bo‘lishi mumkin. Ko‘pchilik avtomobillar ikkitadan to‘rttagacha kislorod datchigiga ega bo‘ladi. Agar Sizda avtomobildagi xatoliklarni skaner qiladigan qurilma mavjud bo‘lsa, siz uni avtomobilga ulab, qaysi datchikni almashtirish zarurligini tezda bilib olishingiz mumkin.

Qanday sababga ko‘ra avtomobilning kislorod  datchigi yaroqsiz holatga keladi: Vaqt o‘tishi bilan datchik ishlatilgan moy qoldig‘i (cho‘kmasi) bilan qoplanib qoladi, bu esa benzin aralashmasini va yoqilg‘i sarfining optimal tarqalishini nazorat qilish uchun datchik ko‘rsatkichlarining aniqligini kamaytiradi. Avtomobilda kislorod datchigining nosozligi nafaqat yoqilg‘i sarfining ko‘payishiga, balki chiqayotgan gazlarda zararli moddalar SO2 tarkibining oshishiga olib keladi.

Nima qilish kerak: Agar siz avtomobilning nosoz kislorod datchigini almashtirmasangiz, bu katalizatorning ishdan chiqishiga, ya’ni qimmat turadigan ta’mirlash ishlariga olib kelishi mumkin. Yangi katalizatorlar tarkibida qimmatbaho qotishmalar bo‘lganligi sababli, narxi juda qimmat turadi. Ba’zi avtomobillarda, bir nechta katalizatorlar bo‘ladi va ularning narxlari taxminan, 2500 AQSH dollarigacha baholanadi. Shuning uchun datchiklarni almashtirishni kechiktirmang. Datchikni almashtirish va uning narxi unchalik arzon bo‘lmasa ham, chiqindi gazlarni neytrallashtirish tizimi narxiga qaraganda ancha arzon. Aksariyat avtomobildan foydalanish qo‘llanmasining ko‘pchiligida, kislorod datchigini o‘zingiz qanday almashtirishingiz mumkinligi to‘g‘risida ko‘rsatmalar bor. 

2. Yonilg‘i bakining qopqog‘ini tekshiring

Aksariyat holatlarda ko‘pchilik haydovchilar, “dvigatel cheki” indikatsiyasi paydo bo‘lganda, avtomobil dvigatelida jiddiy muammolar yuzaga kelganligi to‘g‘risida o‘ylashadi, yoqilg‘i baki og‘zining qopqog‘i yaxshi yopilmaganligi yoki biror defekt (nuqson) sababli yoqilg‘i tizimining germetikligi buzilganligini tekshirish to‘g‘risida o‘ylashmaydi. Bu dvigatelning "Check" belgisi paydo bo‘lishining eng keng tarqalgan sabablaridan biri hisoblanadi.

Xatolik paydo bo‘lishi sababi: Benzin bakining qopqog‘i havo o‘tkazib yuborayotganligi sababli uzatish tizimining germetik emasligi yonilg‘i sarfining oshishiga sabab bo‘ladi, bunda avtomobilning diagnostika tizimi ma’lumotlar tablosida «Check engine» indikatsiyasini chiqarib (yoqib) dvigatelda xatolik mavjudligi to‘g‘risida xabar beradi.

Nima qilish zarur: Agar “Chek” indikatsiyasi paydo bo‘lsa-yu, lekin avtomobilning quvvati kamaymasa, shuningdek, dvigatelga zararlanganidan xabar beruvchi hech qanaqa ovoz bo‘lmasa (taqillash, chiyillash va hokazo), u holatda birinchi o‘rinda yonilg‘i bakining germetikligini tekshirib ko‘ring. Yonilg‘i baki qopqog‘i yorilgan yoki mahkam yopilmagan bo‘lishi mumkin. Agar qopqoq yaxshi yopilmagan bo‘lsa uni oxirigacha yoping va dvigatelda xatolik borligini ko‘rsatuvchi indikator o‘chadimi yoki yo‘qligini tekshirish uchun avtomobilda birmuncha muddat harakatni davom ettiring. Yodda tuting, qopqoqni vaqti-vaqti bilan almashtirib turish kerak.

3. Avtomobilning yongan gazlar katalizatori

Katalizator dvigatelda ishlangan gazlarning chiqishini ekologik zararsizlantirish uchun avtomobilga yordam beradi. U uglerod oksidi va boshqa zararli vositalarni bezarar qo‘shilmalarga aylantiradi. Agar ishlangan gazlarni qayta ishlovchi katalizator nosoz holatga kelib qolsa, siz buni nafaqat avtomobilning (chek) belgisi paydo bo‘lganligidan, balki ancha oldin dvigatel quvvatining ikki baravar pasayganidan bilib olasiz. Masalan, avtomobil gaz pedalini bosganingizda, oldingidek yaxshi tezlanish dinamikasiga ega bo‘lmay qoladi.

Katalizator nima uchun ishdan chiqishi mumkin: Siz ishlab chiqaruvchining texnik xizmat ko‘rsatish reglamentiga muvofiq tarzda avtomobilingizga muntazam texnik xizmat ko‘rsatib tursangiz, katalizator ishdan chiqmasligi kerak. Yaroqlilik muddati tugagandan keyin o‘t oldirish shamlarini hamda nosoz kislorod datchigini o‘z vaqtida almashtirmaslik, katalizator ishdan chiqishining eng asosiy sababi hisoblanadi. Kislorod datchigi yoki o‘t oldirish shamlari nosoz bo‘lsa, katalizatorda uglerod oksidining bezarar kimyoviy elementlarga aylanishi to‘xtaydi, bu katalizator qizib ketishiga sabab bo‘ladi va natijada, u ishdan chiqishi mumkin.

Nima qilish zarur: Katalizator nosoz holatga kelsa, siz avtomobilda harakatlana olmaysiz, chunki dvigatel noto‘g‘ri ishlay boshlaydi. Chek belgisi ma’lumotlar tablosida yonib bu haqda sizga xabar beradi. Shu bilan birga yonilg‘i sarfi juda ko‘payib ketadi, dvigatelning tortish kuchi esa yo‘qoladi. Katalizatorni almashtirish juda qimmat tursa ham ta’mirlash ishlaridan qochib bo‘lmaydi. Afsuski siz tajribali avtomexanik bo‘lmasangiz, ishlangan gazlarning nosoz katalizatorini mustaqil ravishda almashtira olmaysiz. Buning uchun texnik xizmat ko‘rsatish shaxobchasiga murojaat qilish kerak. 

Yodda tuting, kislorod datchiklari va o‘t oldirish shamlarini o‘z vaqtida almashtirish avtomobil katalizatorini buzilishdan himoya qiladi.

4. Havoni yalpi sarflash datchigini almashtirish

Havoni yalpi sarflash datchigi yonilg‘ining optimal yonishi uchun benzin aralashmasiga qancha miqdordagi havoni qo‘shish kerakligini nazorat qiladi. Datchik doimiy tarzda avtomobil kompyuteriga berilayotgan kislorod hajmi to‘g‘risida ma’lumot berib turadi. Havoning yalpi sarflash datchigi nosoz bo‘lsa, yonilg‘i sarfi oshadi, ishlangan gazlar tarkibida SO2 darajasi oshadi hamda dvigatel quvvati va harakatlanish hamohangligi pasayadi. Shuningdek, datchik nosoz bo‘lsa tezlanish dinamikasining yomonligi kuzatiladi. Sovuq ob-havo sharoitlarida nosoz datchik sababli avtomobil o‘t olishi yomonlashadi.

Havoni yalpi sarflash datchigi nima sababdan ishdan chiqadi?

Datchikning ishdan chiqishi aksariyat holatlarda, havo filtrini rejali almashtirish vaqtida uni noto‘g‘ri o‘rnatish tufayli kelib chiqadi. Shuningdek, ishlab chiqaruvchilar tavsiya qilgan avtomobilga texnik xizmat ko‘rsatish reglamentida talab qilinganidek havo filtrini o‘z vaqtida muntazam almashtirmaslik natijasida havoni yalpi sarflash datchigi ishdan chiqishi mumkin.

Nima qilish zarur: Nazariy jihatdan nosoz havoni yalpi sarflash datchigi bilan uzoq muddat harakatlanishingiz mumkin (bir necha xafta yoki oy). Lekin qanchalik ko‘p muddat harakatlansangiz shunchalik yonilg‘i sarfi oshayotganini sezasiz. Avtomobillarga  texnik xizmat ko‘rsatish markazlarida datchikni almashtirish  ko‘p vaqtingizni olmaydi va hamyoningizga og‘irlik qilmaydi. Asosiy harajat datchikni xarid qilishingiz uchun sarflanadi. 
Yodda tuting, avtomobil texnik xizmat reglamentiga muvofiq tarzda havo filtrini muntazam almashtirib turish zarur. 

5. O‘t oldirish shamlari va yuqori kuchlanishli simlarni almashtirish

Avtomobildagi o‘t oldirish shamlari yonilg‘i aralashmasini yondiruvchi asosiy qism hisoblanadi. Ular nosoz bo‘lsa, benzin aralashmasini yondirish uchun noto‘g‘ri uchqunlash (chaqmoq berish) amalga oshiriladi, bu esa dvigatelning noto‘g‘ri ishlashiga sabab bo‘ladi. Buni avtomobilni joyidan qo‘zg‘atayotganda dvigatelda hosil bo‘ladigan zarbalar orqali ham sezasiz. 

1996-yilgacha ishlab chiqarilgan ko‘pchilik avtomobillarda o‘t oldirish shamlari har  25000-30000 km. masofa bosib o‘tilgandan keyin almashtiriladi.  1996-yildan keyin ishlab chiqarilgan avtomobillarda esa o‘t oldirish shamlari xatto 150 000 km.  masofani bosib o‘tgunga qadar xizmat qiladi. Shunga qaramasdan, o‘t oldirish shamlarini rejali almashtirish muddati, yonilg‘i sifati va avtomobil boshqarish usuli bilan bog‘liq turli faktorlar hisobiga kamayishi mumkin.

Nima qilish zarur: Agar o‘t oldirish shamlari uzoq muddat almashtirilmagan bo‘lsa yoki dvigatel ishida o‘t oldirish bilan bog‘liq nosozliklarni sezsangiz, zudlik bilan ularni yangisiga almashtirish lozim. O‘t oldirish shamlarini o‘z vaqtida almashtirmasdan pulni tejashni xayolingizga keltirmang, chunki ularning narxi va almashtirish ishlari unchalik qimmat emas O‘t oldirish shamlarini o‘zingiz almashtirishingiz ham mumkin. Ular asosan avtomobil kapoti ostida ko‘rinib turadigan yerga joylashtiriladi. Shamlarni dvigateldan yechish uchun odatdagi maxsus kalit talab etiladi.

Shuningdek, yuqori kuchlanishli simlar holatidan ham xabar olib turish zarur, vaqt o‘tishi bilan ular yaroqsiz holatga kelib qolishi va elektr tokini o‘tkazib yuborishi mumkin, buning natijasida o‘t oldirish shamlariga kam elektr quvvati kelib, uchqunlash kuchi kamayadi. 

Yodda tuting, avtomobilingizga texnik xizmat ko‘rsatish reglamentiga muvofiq o‘t oldirish shamlarini muntazam almashtirib turish, chiqindi gazlarni qayta ishlash katalizatori ishdan chiqishining oldini oladi hamda dvigatel ishini yaxshilaydi.

Carzone.uz сайтининг бепул эълонлар каналига қўшилинг.

Мавзу:

#Қизиқ