Jarimasi bor, ortiqcha yukli, sug‘urta polisi muddati tugagan va boshqa kamchiliklari bor avtomobil haydovchilari postlarda harakatlana olmaydi...

Jarimasi bor, ortiqcha yukli, sug‘urta polisi muddati tugagan va boshqa kamchiliklari bor avtomobil haydovchilari postlarda harakatlana olmaydi...

O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamenti Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati tomonidan press-tur tashkil etildi. Press-tur ishtirokchilariga Toshkent viloyati Ohangaron tumanida joylashgan «Chinor» yo‘l-patrul xizmati statsionar postida joriy etilgan "Yashil" va "Qizil" yo‘lak tizimi haqida ma’lumotlar taqdim etildi.

Qayd etilishicha, Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 8 iyuldagi «Yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash sohasiga zamonaviy axborot texnologiyalarini keng joriy etish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarorida ko‘rsatilgan talablarga muvofiq, respublika hududida yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash, yo‘l-transport hodisalarining oldini olish, huquqbuzarliklarni o‘z vaqtida aniqlash va ularga barham berishni ta’minlaydigan yangi tartibi belgilandi. Unga ko‘ra, 2022 yil 1 dekabrdan boshlab "Yashil" va "Qizil" yo‘lak tamoyili Toshkent viloyati Ohangaron tumanida joylashgan «Chinor» yo‘l-patrul xizmati statsionar postida joriy etildi.  

Mutaxassislarning so‘zlariga ko‘ra, «Yashil yo‘lak»da «Qizil yo‘lak»da harakatlanish shartligini ko‘rsatuvchi alomatlari bo‘lmagan transport vositalarigina harakatlana olishi mumkin. Ya’ni endilikda qidiruvda bo‘lgan, texnik ko‘rikdan o‘tmagan, sug‘urta polisi muddati o‘tgan, vazni va hajm parametrlarini buzib harakatlangan yoki yo‘l qoidalarini buzganlik uchun jarima solish haqida qaror chiqarilgan kundan e’tiboran 60 kun ichida to‘lanmagan jarima aniqlansa, shu avtomobildan «Qizil yo‘lak»da harakatlanish talab etiladi.  

Statsionar postlaridan 700 metr oldin joylashgan transport vositalarining davlat raqam belgisini qayd etuvchi va maxsus diodli ekran joylashtirilgan bo‘lib, haydovchilar ekranda qayd etilgan ma’lumotga asosan yashil yoki qizil yo‘lak orqali harakatlanishi haqida axborot olishlari mumkin.  

Shuningdek, mazkur tizim yo‘l-patrul xizmati statsionar postlarida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy qilish orqali ushbu maskanlarda inson omilini cheklagan holda transport vositalarining to‘siqsiz harakatlanishini ta’minlaydi.  

IIV Jamoat xavfsizligi departamenti boshlig‘i o‘rinbosari – yo‘l harakati xavfsizligi xizmati boshlig‘i, polkovnik Olim Saidovning ta’kidlashicha, bugungi kunda respublika bo‘ylab 29 ta post mavjud bo‘lib, «Yashil» va «Qizil» yo‘lak tamoyili 2023-2024 yillar davomida belgilangan jadvalga muvofiq bosqichma-bosqich respublikaning qolgan yo‘l-patrul xizmati statsionar postlarida ham joriy etiladi.

Сайт янгиликларидан доимий хабардор бўлиш учун Телеграм каналимизга қўшилинг!