O‘zbekistonda elektromobil tarmog‘ini rivojlantirishga katta qadam tashlandi

O‘zbekistonda elektromobil tarmog‘ini rivojlantirishga katta qadam tashlandi

Ekologiya va atrof-muhit musaffoligini asrab-avaylash bugungi kunning eng dolzarb muammolaridan biriga aylanib bormoqda. So‘nggi yillarda atmosferaning ifloslanishida transport vositalarining salmog‘i ortib bormoqda. Chunki avtomashinalar soni ortmoqda, qolaversa, samolyot, teplovoz, qishloq xo‘jalik mashinalari va boshqalar juda katta miqdorda kislorodni sarflab, atmosferaga tarkibida 200 ga yaqin yaqin zaharli moddalar uchraydigan har xil gazlarni chiqarib, uni ifloslaydi.

Avtomobillar atmosfera havosini turli zaharli gazlar bilan ifloslashidan tashqari dunyo aholisining nafas olishiga ketadigan kisloroddan 3-4 marta ko‘p, ya’ni bir dona avtomobil dvigateli bir yilda 20-30 kishining yil davomida nafas oladigan kislorodni sarflaydi.

Ana shunday keskin bir vaziyatda elektromobillardan foydalanishni kengaytirish, ularni ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish dolzarb ahamiyatga ega. Boisi elektromobillar ekologiyaga, atmosferaga zarar yetkazmaydi. Elektromobillarning yurish xarajati oddiy avtomobilga nisbatan 10 baravar, tabiatga zarari esa 3 baravar kam. Bundan tashqari, mutaxassislarning fikriga ko‘ra, elektromobillar xavfsiz hisoblanadi. Ularning barchasida radar, sensor, kameralar mavjud. Oddiy avtomobildan ko‘ra kamxarj, “benzini yoki moyi tugab qoladi, qizdirish kerak” degan tushunchalar bo‘lmaydi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, dunyoda elektromobillarning o‘rtacha narxi 35-40 ming dollarni tashkil qiladi. Ko‘plab rivojlangan mamlakatlarda bunday transportlardan foydalanish ko‘payib bormoqda. O‘zbekistonda ham elektromobillarga talab ortib borayotgani quvonarli hol. Masalan, shu yilning 9 oyida elektromobillar importi o‘tgan yilga nisbatan 3 baravarga oshgan (1,6 ming). bugungi kunda Toshkent shahrida 20 ta elektrobus harakatlanmoqda. Kelgusi yilda poytaxtga yana 200 ta, Samarqandga 100 ta elektrobus olib kelish rejalashtirilgan. Umuman, kelgusida elektromobilga yillik talab 30 mingtaga yetib, 1 milliard dollarlik bozor paydo bo‘ladi.

Mamlakatimizning 2022 — 2026 yillarga mo‘ljallangan Taraqqiyot strategiyasida “yashil iqtisodiyot”ga o‘tish, jumladan, elektromobillar ishlab chiqarish bo‘yicha ham maqsadlar belgilangan bo‘lib, bu borada muayyan chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev shu yil 10 oktyabr kuni elektromobil tarmog‘ini rivojlantirish va xizmat ko‘rsatish qamrovini oshirishga qaratilgan loyihalar taqdimoti bilan tanishar ekan, bu boradagi qator vazifalarni belgilab berdi. Xususan, elektromobillar ishlab chiqarish bo‘yicha loyihalarni boshlash topshirildi. Elektromobil tannarxining 30 foizini akkumulyator, 10 foizini elektr o‘tkazgichlar tashkil qilishi qayd etilgan holda, zaminimizdagi litiy, mis, grafit kabi xomashyo zaxiralaridan foydalanib, bunday qismlarni bemalol o‘zimizda ishlab chiqarish mumkinligi ko‘rsatib o‘tildi.

Shuningdek, mahalliy elektromobil xaridi uchun olingan kredit foizining bir qismi qoplab berilishi belgilandi. Toshkent va Samarqand shaharlaridan boshqa shaharlarda ham elektrobuslar harakatini yo‘lga qo‘yish zarurligi qayd etildi. Elektromobillarga xizmat ko‘rsatish markazlari yo‘qligi, quvvatlantirish stansiyalari yetarli emasligi ta’kidlanib, kelgusi ikki yilda joylarda 2 mingta quvvatlash stansiyalari, shu jumladan, xalqaro va magistral yo‘llarda kamida 500 ta quvvatlash stansiyasini tashkil etish vazifasi qo‘yildi. Bu stansiyalarga yer, mulk va foyda solig‘idan imtiyoz qo‘llaniladi. Tadbirkorlarga quvvatlash stansiyalari orqali elektrni erkin narxda sotish huquqi beriladi.

Statistik tahlillarga ko‘ra, dunyoda har 20 ta elektromobilga 1 ta quvvatlash stansiyasi to‘g‘ri keladi. Hozirda mamlakatimizda elektr quvvatlash stansiyalari soni 50 tani tashkil qilib, asosan Toshkent va Samarqand shaharlarida joylashgan. Bu degani 100 dona avtomobil uchun 1 dona stansiya to‘g‘ri keladi. O‘zbekiston avtomobil bozorida elektromobillar ulushi ortishi xalqaro va magistral yo‘llar atrofida quvvatlash stansiyalarini hamda ularga kafolatli servis xizmati ko‘rsatish markazlari faoliyati ham yo‘lga qo‘yilishini talab etadiBu borada ikki mingta quvvatlash stansiyalari tashkil etilishi hamda ularga soliq imtiyozlari qo‘llanilishi alohida e’tiborga molikdir.

— Elektromobillar ishlab chiqarish istiqbolli tarmoq hisoblanadi va kelgusi yillarda iqtisodiyotning chinakam drayveriga aylanishi shubhasiz, — deydi “O‘zavtosanoat” AJ vakili Komiljon To‘laganov. — Elektromobildan foydalanish tejamkorlikni oshiradi va ekologik tozalikni ta’minlaydi. Qolaversa, электромобилdaн foydalanish xarajati oddiy avtomobilga nisbatan 10 baravarga, servis xarajati 30 foizga, tabiatga zarari esa 3 baravarga kam. Masalan, oddiy avtomobilda 100 kilometr uchun 52 ming so‘mlik benzin sarflansa, elektromobilda 6 ming so‘mlik elektr talab etiladi.

O‘zbekistonga import qilinadigan elektr transport vositalari bojxona boji, aksiz solig‘i va avtotransport vositalaridan yig‘iladigan to‘lovlardan ozod qilinadi. bugungi kunda O‘zbekiston bozorida 5000 donaga yaqin yangi energiya manbalarida xarakatlanuvchi avtomobillar (elektromobillar va gibrid avtomobillar) mavjud bo‘lib, ularning aksariyati Xitoy Xalq Respublikasidan olib kelingan.

Prezident toshirig‘iga ko‘ra, mamlakatimizda ham elektromobillarni ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish ishlari amalga oshirilmoqda. “O‘zavtosanoat” AJning 26 yillik tajribasini, davlat tomonidan yaratilayotgan sharoitlarni hisobga olsa, o‘zimizda elektromobillarni ishlab chiqarish uchun barcha imkoniyatlar mavjud, elektromobillarning butlovchi qismlarini mahalliylashtirish uchun zarur resurslar bor. Ayni paytda avtomobilning asosiy qismlari bo‘lgan batareya va elektromotorlarni o‘zlashtirish masalasi o‘rganilmoqda. Umuman, mamlakatimizda o‘zlashtirilgan butlovchi buyumlarni ham inobatga olib, mahalliylashtirish darajasini bosqichma-bosqich 65 foizga yetkazish imkoniyati mavjud.

“O‘zavtosanoat” AJ Xitoyning elektromobillar ishlab chiqaruvchi yirik BYD kompaniyasi bilan hamkorlik qiladi. Kompaniya vakillari mahalliy bozor salohiyatini o‘rganishmoqda. Shu bilan birga, mamlakatimizdagi tadbirkorlik sub’ektlari tashabbusi bilan ular uchun infratuzilma yaratilmoqda.

Hozirgi kunda yurtimizda elektromobillar uchun quvvatlash stansiyalarining soni kam. Dunyo tajribasidan kelib chiqiladigan bo‘lsa, quvvatlash stansiyalari sonini avtoturargohlarda, AGTKSH va AYOQSHlarda, yangi qurilayotgan binolar va umumiy foydalanish ob’ektlarida tashkil etish yo‘li bilan qo‘paytirish mumkin. Bundan tashqari, quvvatlantirish stansiyalarini ishlab chiqarishni mahalliylashtirish yo‘li bilan ham amalga oshirsa bo‘ladi. Umuman, mazkur sohada davlat rahbari tomonidan belgilab berilgan masalalar bo‘yicha aksiyadorlik jamiyatimiz tomonidan tegishli ishlar olib boriladi, — deydi Komiljon To‘laganov.

Elektromobillar ishlab chiqarish mashinasozlik sohasida yangi ish o‘rinlarini va kadrlar tayyorlash imkoniyatini beradi. Tobora rivojlanib borayotgan мазкур tarmoqqa ixtisoslashgan mutaxassislar tayyorlash muhim masalalardan biridir. Bu soha uchun 10 ming nafar yuqori malakali mutaxassislar, ya’ni elektromobil ishlab chiqarishda 2 ming, ularga servis xizmatlarini ko‘rsatish va elektr quvvatlash stansiyalarida 8 ming nafar mutaxassis talab etiladi. Bu borada davlatimiz rahbari tomonidan Turin politexnika universitetida elektromobillar bo‘yicha ilmiy laboratoriya tashkil etilishi, professor-o‘qituvchi va mutaxassislar Xitoy, Germaniya, AQSH, Koreya kabi davlatlarga malaka oshirishga yuborilishi aytildi.

E’tirof etish joizki, bu kabi sa’y-harakatlar yurtimizda elektromobil tarmog‘ini rivojlantirish va xizmat ko‘rsatish qamrovini oshirishga, elektromobillarni ommalashtirishga xizmat qiladi. Pirovardida, atmosferaga avtomobillardan chiqadigan zaharli gaz miqdorining biroz bo‘lsa-da kamayishiga zamin bo‘ladi.

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!