O‘zbekistonda elektromobilni ommalashtirish maqsadida bir qator imtiyozlar berildi

O‘zbekistonda elektromobilni ommalashtirish maqsadida bir qator imtiyozlar berildi

Bugungi kunda butun jahon miqyosida elektromobillar ommalashmoqda. Boisi, birinchidan elektromobillarning dvigateli atrof-muhitga zararli gazlarni chiqarmaydi. Eng muhimi, elektr energiyasidan quvvat olishi sababli an’anaviy yoqilg‘i sarfini 33 barobar kamaytiradi. Agar elektromobil uyda quvvatlansa, 1 kilometr masofa o‘rtacha 45 so‘mga tushadi, 100 kilometr 4 500 so‘mga aylanadi. Taqqoslash uchun 10 litr Ai-92 benzini taxminan 67-70 ming so‘m turadi. Hali moy va boshqa xarajatlar hisobga olinmagan.

Yana bir qulayligi, elektromobillar bilan to‘qnashuv sodir etilganda, sensor tomonidan batareyalar o‘chirilishi natijasida elektromobil avtomatik tarzda to‘xtaydi. Shuningdek, ehtiyot qismlari soni kamroq bo‘lgani uning ishonchliligini oshiradi. Natijada ta’mirlash hamda texnik xizmat ko‘rsatish xarajatlari kamayadi.  

Shu bois, mamlakatimizda bu mashinaga bo‘lgan talab oshmoqda. Xususan, so‘ngi besh yilda 2 620 ta elektromobil import qilingan. Shundan 2022 yil yakuniga qadar ikki mingga yaqin elektromobil import qilingan. Bundan ko‘rinib turibdiki, yildan-yilga elektromobilga bo‘lgan talab ortmoqda.  

Biroq, yurtimizda elektromobillar soni oshgani bilan quvvatlantirish stansiyalarining soni juda kam edi. Birgina misol, elektromobil O‘zbekistonda 2018 yilda import qilina boshlagan bo‘lsa, ularning ilk quvvatlash stansiyasi 2020 yilda o‘rnatilgan. Ayni vaqtda mamlakatimizda elektromobillarni quvvatlantiruvchi 70 ga yaqin stansiya xizmat ko‘rsatmoqda.  

Xo‘sh, O‘zbekistonda elektromobillarga xizmat ko‘rsatish qay darajada? Bu borada haydovchilarning fikriga qiziqdik.  

"Bugungi kunda yurtimizda elektromobillarni quvvatlantirish stansiyalari juda kam, – deydi Jamol Namozov. – Stansiyalarning kamligi tufayli turnaqator navbatlar, tirbandliklar yuzaga kelmoqda. Qolaversa, Bu mashinalar kamida yarim soatdan bir soatgacha zaryad olishi kerak. Boshqa viloyatlarga borganda, birinchi navbatda, elektromobillarni quvvatlantirish stansiyalari yo‘qligi yoki bir sutkalab navbat kutishlar turli noqulayliklarga sabab bo‘ladi...  

Bu esa Davlatimiz rahbarining e’tiboridan chetda qolmadi. Prezidentimizning 2022 yil 19 dekabrdagi «Elektromobillar ishlab chiqarishni tashkil etishni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq Elektromobillar va gibrid transport vositalarini sanoatda ishlab chiqarishni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimi joriy etilmoqda.  

Hujjat bilan elektromobil va ehtiyot qismlarini ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlash orqali yashil iqtisodiyot texnologiyalarini tarmoqqa faol joriy etish ko‘zda tutilgan. Bu o‘z navbatida tarmoqdagi tadbirkorlar faoliyatini yana-da rag‘batlantiradi.  

Ta’kidlash joiz, bugun Elektromobillarni quvvatlantirish stansiyalari Toshkent va Samarqand shaharlarida joylashgan. Joriy yilning 1 yanvaridan boshlab tadbirkorlarga quvvatlash stansiyalari orqali elektr energiyasini sotish huquqi berildi. Ilgari ular faqat xizmati uchun haq olishardi, xolos".  

"Endilikda xizmat narxi elektr energiyasining tasdiqlangan tarifidan qat’i nazar, tadbirkorlar tomonidan mustaqil belgilanadi. Bu esa xizmat ko‘rsatishda narxlarni shaffof va tushunarli qilib belgilash imkonini berdi, – deydi toshkentlik tadbirkor Abror Rasulov. – Shuningdek, xorijdan quvvatlash stansiyalarini olib kelish bojxona bojlaridan ozod qilindi. Bundan tashqari, elektromobillar joylashgan yer uchastkalari yer solig‘idan hamda quvvatlash stansiyalari mol-mulk solig‘idan ozod qilindi. Bu sanab o‘tilgan yangilik tovarlar va xizmatlar narxining yanada tushishiga va ularning sifati oshishiga olib keladi. Tadbirkorlarga yaratilgan imkoniyatlardan foydalanib, 30 ga yaqin Elektromobillarni quvvatlantirish stansiyalari tashkil etishni rejalashtirmoqdamiz.  

2024 yil yakuniga qadar ularning soni 500 yetkazilishi ko‘zda tutilmoqda. Qolaversa, bu borada tadbirkorlarga qator qulayliklar yaratilmoqda. Qolaversa, 2024 yil 1 yanvardan yangi quriladigan savdo va biznes markazlari, ko‘ngil ochar va dam olish maskanlari, avtomobillariga yoqilg‘i quyish shoxobchalari, mehmonxonalar, xalqaro va davlat ahamiyatidagi avtomobil yo‘llari bo‘yidagi infratuzilma obyektlarida majburiy tartibda quvvatlash stansiyalari joylashtiriladi. Balki o‘shanda boshqa davlatlar qatori mamlakatimizda ham elektromobillar ommalashar".