Toshkentda jamoat transporti yetib bormagan 26 ta mahallaga avtobus yo‘nalishlari ochilib, metro bilan bog‘lanadi

Toshkentda jamoat transporti yetib bormagan 26 ta mahallaga avtobus yo‘nalishlari ochilib, metro bilan bog‘lanadi

Shavkat Mirziyoyev 13-iyun kuni jamoat transportlari tarmog‘ini kengaytirish loyihalari bilan tanishdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar qildi.

Qayd etilishicha, prezident 6-iyun kuni Toshkent yerusti halqa metrosining ikkinchi bosqichi qurilishi bilan tanishish chog‘ida jamoat transporti tarmog‘ini kengaytirish va metropoliten infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha ko‘rsatmalar bergan. 13-iyun kuni ushbu ishlarni tashkil etishga qaratilgan loyihalar taqdimoti bilan tanishilgan. Jumladan, qurilayotgan yerusti halqa metrosining ikkinchi bosqichini davom ettirib, Sergeli yo‘nalishi bilan bog‘lash, zamonaviy qurilish uslublarini tatbiq etish, metro poyezdlarini yangilash, yo‘lovchi oqimini yanada oshirish rejalari haqida axborot berilgan.

Davlat rahbari barcha yo‘llarda insonlarga qulaylik va xavfsizlik birinchi o‘rinda bo‘lishi lozimligini ta’kidlagan. Metropoliten uchun 14 ta yangi poyezd olib kelish, yo‘lovchilar xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha 2022—2025-yillarga mo‘ljallangan chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqish bo‘yicha ko‘rsatmalar berilgan. Innovatsion yondashuvlarni keng qo‘llagan holda metropolitenni kompleks rivojlantirish hamda Transport universtiteti bilan birgalikda professional kadrlar tayyorlash uchun xorijdan yuqori malakali mutaxassislarni jalb qilish muhimligi ta’kidlangan.

Toshkentda jamoat transporti yetib bormagan 26 ta mahallaga avtobus yo‘nalishlari ochilib, metro bilan bog‘lanadi. Buning uchun qo‘shimcha elektrobuslar xarid qilinadi.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, Toshkent viloyatidan poytaxtga kuniga 1 milliondan ziyod yo‘lovchi kirib keladi. Ularni metro bekatlariga yo‘naltirib, ham aholiga, ham transportlarga yengillik yaratish zarurligi aytilgan. Zamonaviy elektropoyezdlar keltirib, Toshkent—Xojikent, Toshkent—Bekobod va Toshkent—Angren yo‘nalishida tezyurar qatnov yo‘lga qo‘yilishi belgilangan. Yangi metropoliten yo‘nalishi bo‘yida joylashgan mahallalarni obodonlashtirish muhimligi ta’kidlangan.

Loyihalarni takomillashtirib, qaror loyihasi ishlab chiqish vazifasi qo‘yilgan.

Carzone.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!