Transport vositasining old oʻrindigʻidagi yoʻlovchi xavfsizlik kamarini majburiy taqishi boʻyicha qoʻshimcha izoh berildi

Transport vositasining old oʻrindigʻidagi yoʻlovchi xavfsizlik kamarini majburiy taqishi boʻyicha qoʻshimcha izoh berildi

Amaldagi Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi Kodeksning 125-moddasi (Transport vositalaridan foydalanish qoidalarini buzish) birinchi qismida haydovchilarning transport vositalarini boshqarish va yoʻlovchilar tashishda xavfsizlik kamaridan foydalanish qoidalariga, xuddi shuningdek mototsikl va mopedlar haydovchilarining motoshlemlardan foydalanish qoidalariga rioya etmasligi bazaviy xisoblash miqdorining ikkidan bir qismi miqdorida jarima solishga sabab boʻlishi belgilangan.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 12-apreldagi 172-son qarori bilan tasdiqlangan “Yoʻl harakati qoidalari”ning 2-bob (Haydovchilarning umumiy vazifalari) 9-bandiga koʻra, konstruksiyasida xavfsizlik kamarlari nazarda tutilgan transport vositasini boshqarayotgan haydovchi va uning old oʻrindigʻidagi yoʻlovchilar harakatni boshlashdan oldin xavfsizlik kamarlarini taqib olishlari shartligi hamda 5-bob (Yoʻlovchilarning majburiyatlari) 23-bandining ikkinchi xatboshisiga koʻra, mazkur Qoidalarning 9-bandiga muvofiq yoʻlovchilar xavfsizlik kamarlari bilan jihozlangan transport vositalarida harakatlanishdan oldin ularni taqib olish, mototsikl yoki mopedlarda harakatlanishidan oldin esa motoshlemni qadab olishi shartligi belgilangan. Ushbu tartib 2022-yil 1-maydan boshlab amalga kiritiladi.

2022-yil 11-fevral kunidagi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti raisligida “Xavfsiz va ravon yoʻl” tamoyili asosida yoʻllarda inson xavfsizligini taʼminlash borasidagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlariga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishida belgilab berilgan vazifalar ijrosini taʼminlash borasida Yoʻl harakati xavfsizligi xizmati va boshqa masʼul vazirlik va idoralarning xodimlaridan iborat ishchi guruhi tashkil etilgan.

Hozirgi kunda ishchi guruh tomonidan yoʻlovchining xavfsizlik kamarini taqmaganligi uchun javobgarlik masalasini belgilash borasida amaldagi qonunchilik normalariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish yuzasidan ishlar olib borilmoqda. Ushbu oʻzgarishlar haqida kelgusida jamoatchilikka qoʻshimcha ravishda maʼlum qilinadi.

Ijtimoiy tarmoq vakillaridan yoʻl harakati sohasidagi normalarga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalarga eʼtiborsiz boʻlmaganligi uchun minnatdorchilik bildiramiz, deya qo'shimcha izoh kiritdi O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamenti Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati.

Carzone.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!