“UzAuto Motors” o‘zini-o‘zi fosh etdi: kompaniya import boji to‘lamaydi va u olib-sotar

“UzAuto Motors” o‘zini-o‘zi fosh etdi: kompaniya import boji to‘lamaydi va u olib-sotar

"Oxirgi yillarda hukumatning erkatoy monopolisti “UzAuto Motors”ga maxfiy qarorlar bilan boj to‘lamasdan avtomobil olib-sotishga imkon berilgani haqida juda ko‘p yozildi. Shu kungacha na monopolist va na hukumat buni tan ham olmagandi, rad ham etmagandi. 

Malibu importining marjinalliginini hisoblab ko‘rgan kun.uz jurnalistini fosh etmoqchi bo‘lgan UzAuto Motors ne tongki, o‘zini-o‘zi fosh etib qo‘ygan. Mana iqtibosni o‘qing:

"Muallifga qoyil qolish mumkin: u hatto Malibu importining marjinalligini hisoblashga harakat qilgan, lekin negadir u yetkazib beruvchining xarajatlari logistika xarajatlari bilan cheklanadi deb o‘ylagan. Aftidan, uning fikrlarida QQS va utilizatsiya to‘lovlarini “UzAuto Motors” o‘rniga qandaydir boshqa va o‘ta saxovatli tashkilot to‘laydi shekilli. 

Bundan tashqari, mahalliy avtogigantning vakillari qimmatbaho avtomobillarni sotishdan olingan daromad arzonroq modellarini ishlab chiqarish xarajatlarini qisman qoplashi va ular uchun narxlarning o‘sishini ushlab turishini ilgari bir necha bor tushuntirishgan". 

E’tibor bering, avtomobil import qilinganida QQS va utilizatsiya to‘lovlari bilan birga import boji ham to‘lanadi. UzAuto Motors hukumatning maxfiy qaroriga ko‘ra import boji to‘lamaydi va tabiiyki, buni piar maqolada ko‘rsatib o‘tishni lozim ko‘rmagan.

Ikkinchi nuqtada qimmatbaho avtomobillarni sotishdan olingan daromad haqida gap ketmoqda. Ya’ni aslida avtomobil ishlab chiqaruvchisi bo‘lishi kerak bo‘lgan kompaniya olib-sotar chayqovchiga aylangan-qolgan va buni ishlab chiqarish xarajatlarini qisman qoplashi bilan oqlamoqda. Bugun monopolist moliyaviy natijalarining negizini olib-sotarlikdan tushgan daromadlar tashkil etadi.

Darvoqe, butun uzun matn davomida UzAuto Motors Malibu avtomashinasining har biri Koreyadan qanchadan import qilayotganini baribir ko‘rsatmagan. Buning uchun "Davletovuz" havola qilgan shartnomaning ilovasiga qarash kifoya bo‘lardi.

Nega UzAuto Motors Malibu qanchadan import qilinayotganini aytishni lozim ko‘rmagan, chunki jurnalistning fikrlari o‘rinli, oldinga o‘tib aytish mumkinki, Koreyadan Malibu sotib olish narxi u gumon qilgan narxlardan ham arzonroq bo‘lishi ehtimoli yuqori. 

Bahsga nuqta qo‘yish uchun Malibuning import narxi bo‘yicha aniq ma’lumotni 10.02.2022 yildagi GP-2022-02 shartnoma bo‘yicha yuk-bojxona deklaratsiyasi orqali ham bilsa bo‘ladi. Buni Bojxona qo‘mitasi ham e’lon qilishi mumkin (hech qanday tijoriy sir yo‘q). Lekin qo‘rqamizki, ularning hammasining tili bir, e’lon qilmaslik uchun albatta bahona topishadi.

Aytganday, UzAutoMotors  IPO doirasida taklif etadigan aksiyalariga bir so‘m ham tikmang. Chayqovchi va maxfiy qarorlar bilan boj to‘lamaydigan kompaniyaning investori bo‘lish bir kun kelib ham ma’naviy, ham huquqiy va albatta moliyaviy yo‘qotishlarni keltiradi. Bu borada Abdulla Abduqodirov 146 foiz haq.

MANBA

Carzone.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!