UzAuto Motors yangi ishlab chiqarish rekordini o'rnatdi!

UzAuto Motors yangi ishlab chiqarish rekordini o'rnatdi!

“UzAuto Motors” kompaniyasi O’zbekiston Respublikasi Prezidenti topshirig’ini bajarib, 2022-yilning birinchi yarim yilligida 160 000 dona avtomobil ishlab chiqardi.

Kompaniya o’z faoliyatini boshlaganidan buyon, birinchi marta birinchi yarim yillikda zavodda 160 000 dona avtomobil ishlab chiqarildi. Shunday qilib, korxona mehnat jamoasi nafaqat Prezident topshirig’ini bajaribgina qolmay, balki ishlab chiqarishning yangi rekordini o’rnatdi.

Yangi ishlab chiqarish rekordi sharafiga yig'ish sexida 160 000-chi avtomobilning chiqishiga tantanali tadbir tashkil etildi.

Korxona rahbarlari o’z chiqish so’zlarida yig‘ilgan xodimlarni jamoaning erishgan g‘alabasi bilan samimiy tabriklashdi.

"UzAuto Motors" AJ bosh direktori Bo Anderson mamlakat prezidenti tomonidan jamoa oldiga qo'yilgan maqsadga erishishda qo’shgan hissasi uchun barcha xodimlarga o’z minnatdorchilik bildirdi. Shuningdek, u kompaniya birinchi yarim yillikda nafaqat rekord miqdordagi avtomobil ishlab chiqaribgina qolmay, balki o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 72 foizga ko‘p avtomobillarni xaridorlarga yetkazib berganini alohida  ta’kidlab o’tdi. Chevrolet Lacetti va Cobalt avtomobil modellarini kutish muddatini qisqartirilgani hmada kompaniyaning eng yaqin orada maqsadi, Chevrolet Tracker va Onix avtomobillari ishlab chiqarilishini muvaffaqiyatli yo'lga qo'yish ekanligini ma’lum qildi.

Ishlab chiqarish va texnologiyalarni rivojlantirish bo’yicha boshqaruvchi direktor Iqbol Jo’rayev barcha xodimlarni mehnatsevarligi, qat'iyati va sabr-toqati  uchun minnatdorchilik bildirdi.

Xorazm filiali boshqaruvchi direktori Sobir Jumaniyozov barchani a'lo natija bilan tabrikladi, xodimlarni boshqarish direksiyasi direktori Ilhom Tairov esa, kompaniya bunday yuqori natijalarga butun jamoaning sa'y-harakati, birdamlik va hamjihatlilik bilan qilgan mehnati hamda yuqori darajadagi tashkilotchiligi sababli erishganligini alohida ta’kidlab o’tdi.

Kompaniya kasaba uyushmasi raisi O’ktam Mirzayev “160 000 – bu kimlardir uchun shunchaki raqam bo’lishi mumkin. Ammo faqat bizning xodimlarimiz ushbu raqamlar ortida qanday investitsiya, qanday mashaqqat va qanday mehnat borligini bilashadi.” – deya gapirib o'tdi.

Shuningdek, o’z ishini yaxshi ko’rsatkichlar bilan qayd etgan xodimlar faxriy yorliq va qimmatbaho sovg'alar bilan taqdirlanishdi. Tadbirdan so’ng, butun jamoa uchun bayramona tushlik dasturxoni tashkil etildi.

Сайт янгиликларидан доимий хабардор бўлиш учун Телеграм каналимизга қўшилинг!

Мавзу:

#GM