Yaqin o‘tmishdagi elektromobillar haqida bilasizmi?

Yaqin o‘tmishdagi elektromobillar haqida bilasizmi?

Germaniya avtomobil sanoatining mahsulotlari bugun dunyoning turli davtlatlarida o‘zining ashaddiy ishqibozlariga ega.  Avtomobilsozlik sohasida raqobat muhiti kundan-kunga rivojlanib borayotgan bugungi kunda esa nemis avtomobillari tobora salobatli va hashamatli ko‘rinishda ishlab chiqarilayotgani hech kimga sir emas. Shu boisdan bugungi kunda biror kishini «xetchbek BMW», «elektrokar BMW», «gibrid BMW» kabi iboralar bilan hayron qoldirish biroz qiyinroq, nazarimizda. Biroq 1990 yillar boshlarida esa bu kompaniyaning imiji boshqacharoq edi.

1991 yilda Frankfurtdagi avtosalonda namoyish etilgan «Ye1» elektr xetchbeki (Z11)  bor-yo‘g‘i  50 ot kuchiga teng elektr dvigatel bilan jihozlangan bo‘lib,  orqa g‘ildiraklari  ildamlovchi xususiyatga ega bo‘lgan. Kuzovi plastikdan, shassisi esa alyuminiydan tayyorlanganligi bois mazkur prototip juda yengil bo‘lgan. Uning zahira yurishi 200 kilometrga yetar,  eng yuqori tezligi esa soatiga 120 kilometrga teng edi. Bugungi kundagi elektromobillar bilan solishtiradigan bo‘lsak, bu yomon natija emas. Lekin «E1» avtomobilining quvvatlanish  tizimi sinovdan o‘tkazilayotgan paytda avtomobil kuyib kul bo‘lgan.  Shu bois, elektromobil faqatgina fotosuratlarda qolgan.

Shundan keyin «BMW» yana bir «yashil» prototip tayyorladi, bu safargisi undan ham kichkina edi. 1993-yilda Frankfurtdagi avtosalonda nemis avtoishlab chiqaruvchisi «E1 Z15» konsept-karini namoyish qildi. «E1 Z15» yonib ketgan mashinadan unchalik farq qilmasdi. Dizayni va akkumulator tuzilishi biroz o‘zgargan bo‘lib, oltingugurt-natriyli akkumulator o‘rniga nikel-tuzli akkumulator o‘rnatildi. «E1» nomi ostidagi har ikki loyiha ham  2013-yilda dunyo yuzini ko‘rgan  «BMW i3» xetchbekining tamal toshi hisoblanadi.

«Citroen Scarabee D'Or» prototipi 1990-yilning martida Jeneva avtosalonida namoyish qilingan. Kuzov panellari ostida hech qanday mexanik unsurlari bo‘lmagan mashinani tayyorlash bilan Fransiyaning taniqli «Heuliez» injiniring va dizaynerlik kompaniyasi shug‘ullangandi. Ushbu avtomobilning salonida atigi ikkita – haydovchi va old yo‘lovchi o‘rindig‘i ko‘rinib turardi. Ikkita orqa o‘rindiq esa yukxona ichiga yashirilgan. 1990-yilda, Jenevada «Citroen Scarabee D'Or»ning premerasidan keyin musiqa prodyuseri Eddi Barklay konsept-karni sotib olish istagini bildirdi, lekin «Heuliez» kompaniyasi «Citroen» ruxsat bermaganligi uchun avtomobilga motor o‘rnatishga rozi bo‘lmadi.

«Fiat 850 City Taxi» prototipi 1968-yilda Turin avtosalonida debyut qilgan. Nomidan ham tushunish mumkinki, avtomobil shahar uchun mo‘ljallangan taksi loyihasi  edi.  Mashina asimmetrik shaklda bo‘lib o‘ng tarafiga elektr yordamida ochiluvchi suriladigan, chap tarafiga esa oddiy eshik o‘rnatilgandi. Ixcham o‘lchamiga qaramasdan, «850 City Taxi» haydovchidan tashqari yana uch kishini o‘ziga sig‘dira olgan. 1968-yilda  taqdim etilgan ushbu avtomobilda hattoki, oynai jahon borligi ko‘pchilikning hayratiga sabab bo‘lgan.

1972-yilda Turindagi motorshouda italiyaliklar  «Fiat X1/23» konseptining yura olmaydigan ko‘rinishini namoyish etgan bo‘lsa, to‘rt yildan so‘ng yana Turinda elektromotor o‘rnatilgan rusumini taqdim etishgan. To‘g‘ri, bu kichkintoyning vazni og‘ir edi – u 800 kilogramm bo‘lib, 160 kilogrammini batareyaning og‘irligi tashkil etardi.

Shuning uchun «Fiat X1/23» bir martalik quvvat bilan atigi, 80 kilometr yo‘l bosar, tezligini soatiga yuz kilometrga yetkazish esa amrimahol edi. «Fiat»ning yana bir avtomobili 1976-yilda namoyish etilgan. Suriladigan eshikli prototip «126 Vettura Urbana» deb nomlangan. Konsept-karni yaratishda «Fiat»ga sportkarlar dizayneri Jovanni Michelotti yordam bergan. Ishonch bilan aytish mumkinki, bu uning eng antiqa ishlaridan biri. Chunki u turli yillarda «Ferrari», «Maserati», «Triumph», «Lancia» va «Alpine» uchun modellar yaratgan.

Dizayni afsonaviy «Pininfarina»  atelesida yaratilgan yana bir «Fiat» pikapi 1992 yilda Turin avtosalonida namoyish etilgan.  U rallida ishtirok etish uchun yaratilgan, lekin qatnashmagan. Prototipga quvvati 600 ot kuchiga teng 1,8 litr hajmli turbodvigatel o‘rnatilgan. Uzunligi 3,7 metrli avtomobil to‘qqiz soniya ichida tezligini soatiga ikki yuz kilometrga yetkaza olgan.

1980-yil boshlarida «Mercedes-Benz» «190 E Stadrwagen» deb nomlangan prototipni namoyish etgan. Avtomobil 222 santimetrgacha qisqartirilgan «W201» g‘ildirak bazasiga qurilgan. Avtomobil ichki sinovlar uchun tayyorlangan bo‘lsada, uni yo‘llarda ko‘rib qolgan Yevropa matbuoti  «Mercedes-Benz» kichkina shahar avtomobili tayyorlayotgani haqida bong urgan.

1982-yilda Jeneva avtosaloniga «Opel» kompaniyasi ochiq «Korsa»ning prototipini olib keldi. Avtomobilga yo‘lovchi o‘rindiqlarini yopadigan maxsus qopqoq  o‘rnatilgan. 1982-yildagi avtomobilda raqamli panel, rulning chap va o‘ng taraflarida joylashgan pultlar bo‘lib, ular hozirgi avtomobillarda ham kam uchraydi.

«Peugeot Tulip» prototipi 1996-yilda Parij avtosalonida debyut qilgan. Mashinaning uzunligi atigi, 2,2 metrni tashkil etadi. «Peugeot Tulip» nikel-kadmiyli akkumulatorlar va elektrodvigatel bilan jihozlangan bo‘lib, akkumulatorlarni simsiz ham quvvatlantirish mumkin edi.

Agar «Lancia ECV2» ushbu ro‘yxatdagi eng zo‘r prototip bo‘lsa, «Peugeot e-Doll» eng g‘aroyibi hisoblanadi. Avtomobil 2000 yili Parij avtosalonida namoyish qilingan. U «Peugeot City Toyz» deb nomlangan konsept-karlar turkumining bir qismi bo‘lib, «e-Doll» bilan birga turkumga «Kart up», «Bobslid» va «Vroomster» konseptlari kirgan.

Avtomobil xuddi «McLaren F1»dagi kabi uchta o‘rindiq bilan jihozlangandi: haydovchi oldinda, ikki yo‘lovchi esa uning shundoqqina orqasida birin-ketin joylashardi. Prototip ikkita elektrodvigatel yordamida harakatlangan.

Fransuzlarning «Renault Zoom» prototipi velosipeddan tortib qurol va aviatsiya uskunalari ishlab chiqaradigan «Matra» kompaniyasi bilan hamkorlikda tayyorlangan. Konsept-kar ommaga ilk marta 1992-yilda Parij avtosalonida ko‘rsatilgan. Avtomobilning o‘ziga xos jihati, kuzovining orqa qismi yig‘ilishi edi. Asl holatda «Renault Zoom»ning uzunligi 2650 millimetr bo‘lsa, yig‘ilgan holatda  2300  millimetrga  teng bo‘lgan. Prototipga elektr dvigatel o‘rnatilgan.  

«Volvo» kompaniyasi uzoq 1977-yilda elektromobillar borasida tajriba o‘tkazishni  boshlagan. O‘shanda «Electic Car» deb nomlangan ikkita prototip ommaga namoyish etilgan. Tabiiyki, ular ixcham edi: avtomobilning uzunligi atigi, 268 santimetrga teng edi. «Electic Car» orqa o‘qiga o‘rnatilgan 13 ot kuchi quvvatiga ega elektrodvigatel yordamida harakatga kelgan. Kamtarona ko‘rsatkichlarga  qaramasdan, «Volvo» prototipi soatiga 70 kilometr tezlikda yura olardi.

«Bond Bug» – prototip emas, balki turkum ishlab chiqarilgan rusum. 1970-yildan 1974-yilgacha 2270 dona shunday rusumdagi avtomobil ishlab chiqarilgan.  Avtomobillarni ishlab chiqarish bilan «Bond Cars Ltd» kompaniyasi shug‘ullangan. Britaniya injenerligi bu mo‘’jizasining orqa qismida ikkita va old qismida atigi bitta g‘ildirak joylashgandi. Rusumga dastlab 0,7 litrli (29 ot kuchi), keyinroq esa quvvati 31 ot kuchiga teng 0,75 litrli motor o‘rnatilgandi. Darvoqe, ushbu avtomobil asosida «Samoviy janglar» filmidagi Lyuk  Skayuokerning  spideri tayyorlangan.

Сайтимиз хабарларини Одноклассникидаги саҳифамизда кузатиб боринг!