Yashil iqtisodiyot: Yevropa va AQSH elektromobillarning “yuragi”- akkumlyator ishlab chiqarishda Xitoyga qaramlikdan qutulmoqchi

Yashil iqtisodiyot: Yevropa va AQSH elektromobillarning “yuragi”- akkumlyator ishlab chiqarishda Xitoyga qaramlikdan qutulmoqchi

Kam uglerodli Global elektr transport vositalari kelajagi porloq bo‘lib, iqtisodiyotning barqaror o‘sishini ta’minlaydi. Iqlim o‘zgarishi yildan-yilga dolzarb masalaga aylanib borayotgan bir vaqtda, iqtisodiyot va ekologiya sohalari o‘zaro tutashmaydigan, ikki qutbdagi tushunchalarga aylanib bormoqda.

Shu boisdan atmosferani eng ko‘p ifloslantiruvchi vositalardan biri bo‘lmish avtomobilsozlikda ham yangi yo‘nalishdagi, iqlimga salbiy ta’siri kam bo‘lgan elektromobillar ishlab chiqarishga bo‘lgan ehtiyoj ortib borayotgani sir emas. Shu jumladan, yetakchi mamlakatlar elektromobillarning “yuragi” hisoblanadigan akkumlyatorlar ishlab chiqarish yo‘nalishiga allaqachon milliardlab mablag‘larini sarflay boshlagan. Akkumlyator ishlab chiqarishdagi poygada allaqachon Xitoy ilgarilab ketgan bo‘lsa ham, ayni paytda AQSH va Yevropa mamlakatlari yangi startaplar va loyihalar ustida ishlamoqda.

AQSH va Yevropa avomobil sanoatiga 160 milliardlik sarmoya kiritish orqali 2030 yilga kelib elektromobil akkumlyatorlari bo‘yicha Xitoyga qaramligini kamaytirmoqchi. Investitsiya banki tahlilchilarining fikricha, Janubiy Koreyaning LG va SK Hynix konglomeratlarining kiritgan sarmoyalari evaziga tayyor akkumlyatorlarga bo‘lgan talab yaqin 3-5 yil ichida Xitoysiz qondirilish mumkin. Bu haqda Financial Times nashri o‘z manbalariga tayanib, xabar bermoqda. Hisobotda o‘z-o‘zini ta’minlash tizimini yo‘lga qo‘yish maqsadida, Xitoy bilan raqobatdosh mamlakatlar batareyalariga 78.2 mlrd. dollar, butlovchi qismlarga 60.4 mlrd. dollar hamda litiy, nikel, kobalt qazib olishga 13.5 mlrd. dollar, shuningdek, neftni qayta ishlashga 12.1 mlrd dollar sarflanishi mo‘ljallanyapti.

Tahlilchilarning prognozlariga ko‘ra, koreyalik akkumlyator ishlab chiqaruvchilarning o‘tgan yilda qayd etilgan 11 foizlik AQSH bozoridagi ulushi, uch yil ichida 55 foizga oshishi kutilyapti. Hozircha Xitoy akkumlyator ishlab chiqarishda, jumladan kerakli xom ashyoni qazib olish va qayta ishlashda ustunlik qilyapti.

Elektromobil akkumlyatorlari G‘arbda Xitoy mahsulotlariga muhtojlikni oshiruvchi asosiy texnologiyalardan biridir. Hukumatning ko‘p yillar davomida qo‘llab-quvvatlashi, shu bilan birga Pekinning neft importiga bo‘lgan ehtiyojini kamaytirish istagidagi izlanishlari tufayli, ayni paytda Xitoy dunyodagi akkumlyatorlarning to‘rtdan uch qismini ishlab chiqaradi. Akkumlyatorlarni ishlab chiqarishda qo‘llaniladigan materiallar va kerakli qismlar tayyorlash salohiyatiga ko‘ra ham Xitoy yetakchilikni boy bermayapti.

Investitsiya banki tahlilchilarining fikricha, Yevropa va Qo‘shma Shtatlardagi proteksionistik siyosat va Xitoyga tegishli bo‘lmagan kompaniyalar bilan hamkorlik qilish orqali keyingi yetti yil davomida ushbu sohadagi Pekinga qaramlikni bartaraf qilsa bo‘ladi. Avgust oyida qabul qilingan inflyatsiyani pasaytirish to‘g‘risidagi qonunga binoan, elektromobil akkumlyatorlarini yetkazib berish sohasiga katta miqdordagi soliq imtiyozlari va boshqa subsidiyalar ajratilishi va’da qilingan. 

So‘nggi paytlarda elektr avtomobillari uchun akkumlyatorlar ishlab chiqaruvchi kompaniyalar raqobatli jarayonlarda Xitoyni ortda qoldirish, arzonroq materiallardan foydalanish tashabbusini ham ilgari surishayotgan edi. Jumladan, 2025 yildan keyin taqdim etiladigan elektromobillarda natriy-ion yoki litiy-oltingugurtli batareyalar bo‘lishi mumkin. Bu litiy-ionli batareyalarga qaraganda uchdan ikki baravar arzonroq bo‘lib, avtomobillarni ko‘pchilikning cho‘ntagi ko‘taradigan narxda sotib olish imkonini beradi. Yuqoridagiga o‘xshash o‘nlab startaplarni qo‘llab-quvvatlash va yangi turdagi akkumlyatorlarni ishlab chiqarish uchun millionlab AQSH dollari miqdoridagi sarmoyalar hamda davlat grantlari jalb qilinmoqda.

Buyuk Britaniyada joylashgan Benchmark Mineral Intelligence consulting  kompaniyasining hisob -kitoblariga ko‘ra, Xitoy dunyodagi kobaltni qayta ishlash quvvatining 75 foiziga va litiyni qayta ishlash quvvatining 59 foiziga egalik qiladi.

“Biz hali ham Xitoy ta’minotiga muhtojmiz. Agar buning geosiyosiy oqibatlariga nazar tashlasak, iqtisodiy mustaqilligimiz xavf ostida qolayotganligini ko‘rishimiz mumkin”, - deydi Jeyms Kuin, natriy-ionli akkumlyatorlarni ishga tushiruvchi Faradion kompaniyasining bosh ijrochi direktori.

Elektromobil avtomobillari akkumlyatorlarining yagona eng qimmat elementi katod bo‘lib, u batareya narxining uchdan bir qismini tashkil qiladi. Bugungi kunda aksariyat elektromobillar ikki turdagi katodlardan birini ishlatadi: nikel-kobalt-marganes(NCM) yoki litiy-temir-fosfat(LFP).

NCM katodlari ko‘proq energiya saqlashga qodir, lekin nikel, kobalt singari qimmat materiallardan foydalaniladi. LFP katodlari esa odatda unchalik ko‘p energiyaga ega emas. Arzonroq va xavfsizroq ekanligi bilan e’tiborli. Hozirgi elektromobil akkumlyatori paketlari 10 ming AQSH dollaridan 12 ming AQSH dollarigacha narxlanadi.

Qiyin iqtisodiy sharoitlar va pandemiya natijasida davom etayotgan ta’minot zanjiridagi uzilishlarga qaramay so‘nggi uch yil ichida elektr transport vositalarining global zaxirasi taxminan uch baravarga ko‘paydi. O‘tgan yili birgina Yevropada yangi elektromobillar 65 foizga ortdi. Shu jumladan, avtomobil batareyalari ishlab chiqarish va yetkazib berish masalasi ham kun tartibiga chiqib ulgurdi. Masalan, Faraday instituti hisob-kitoblariga ko‘ra, 2040 yilga kelib Buyuk Britaniya o‘zining ichki batareyaga bo‘lgan barcha talablarini qondira olsa, elektromobil akkumlyatorlari ta’minoti mobaynida 186 mingdan 246 minggacha ish o‘rinlari yaratilishi mumkinligini ma’lum qildi.  Mamlakat shimoliy-sharqida qurilayotgan Britishvolt startap gigafabrikasi ushbu maqsad yo‘lida qurilayotgan birinchi qadamlardan hisoblanadi. Elektromobil akkumlyatorlari tarkibidagi metallarni kimyoviy qayta tiklashning an’anaviy usuli, mahalliy sanoatni rivojlantirish xarajatlarini kamaytirish potensialiga ega. Shuningdek, qayta ishlash jarayoni global xom ashyo qazib olinishi, chiqindilarning ortishi xavfi va boshqa atrof muhitga yetkaziladigan zararlarni kamaytiradi.

Akobir SAYIDOV