Elеktr yoki gidrokuchaytirgichli chambarak: qay biri afzal?
Keyingi yillarda dunyo avtomobil sanoatiga fan va texnika hamda axborot texnologiyalarining so‘nggi yutuqlarini joriy etish sababli sohada butunlay yangi bosqich boshlangani hech kimga sir emas. Buning natijasida, avtomobillardagi yon oynalarni avtomatik ko‘tarib tushirish yoki yonilg‘i datchiklari hamda o‘z davrida yangilik sifatida zo‘r quvonch bilan qarshi olingan funksiyalar, bugungi kunda o‘tmishning ixtirosi sifatida esga olinadigan bo‘ldi.
Bir paytlar avtomobil boshqarishdan oladigan zavq hisobiga mexanik rul chambaragini burish uchun qancha energiya sarflashimiz xayolimizga ham kelmasdi. Ayni paytda rul boshqaruvi turli kuchaytirgichlar bilan jihozlangan zamonaviy avtomobillarni boshqarishga ko‘nikib qolgan aksariyat yurtdoshlarimiz bunday kuchaytirgichlarsiz avtomobillarda rul chambaragini aylantirish biroz kuch talab etgani bois, ularni boshqarishdan butunlay voz kechib qo‘ya qolishmoqda.
Bugungi kunda nafaqat dunyodagi zamonaviy avtomobillar, balki yurtimizda ishlab chiqarilayotgan avtomobillar ham gidrokuchaytirgichli (gidravlik) yoki elektrkuchaytirgichli rul boshqaruvi bilan jihozlanmoqda. Ularning fuksiyasi juda oddiy bo‘lib, avtomobil old g‘ildiraklarining rul chambaragi orqali burilishini yengillashtirish bilan birga haydovchiga nafaqat qulaylik yaratish, balki haydovchi va yo‘lovchilarning xavfsizligini ta’minlashdan iborat.
Gidrokuchaytirgichli rul boshqaruvi − yuqori va past bosim ostida maxsus suyuqlik harakatlanishi uchun mo‘ljallangan o‘zaro birikuvchi o‘tkazgich quvurlarni o‘zida jamlagan bo‘lib, ulardagi suyuqlik nasos yordamida tizimga haydaladi. Gidrokuchaytirgichli rul boshqaruvining maxsus suyuqligi nasos bilan birikkan qutida saqlanadi. Rul chambaragini burish jarayonida mazkur suyuqlik bosim ostida taqsimlagich orqali boshqaruv mexanizmiga uzatib beriladi. Bu yerda suyuqlik rul chambaragi burilishini osonlashtirishga imkon beradigan bosimni hosil qilish maqsadida gidrosilindrga tortiladi.
Qachonki avtomobil to‘g‘ri yo‘nalish bo‘yicha harakatlanayotganda boshqaruv mexanizmiga uzatilgan maxsus suyuqlik yana qutiga kelib tushadi.
Elektrkuchaytirgichli rul boshqaruvi elektr dvigatel va elektron boshqaruv blokidan iborat tizimni o‘z ichiga oladi. Gidrokuchaytirgichli rul boshqaruvidan farqli ravishda elektrokuchaytirgichli rul boshqaruvi bevosita rul chambaragiga yoki rul valiga o‘rnatiladi. Burash lahzasi esa rul boshqaruvi tizimiga ko‘ndalangiga o‘rnatilgan val orqali amalga oshiriladi.
Agar gidrokuchaytirgichli rul boshqaruvida rul chambaragiga tushadigan kuch tizimda harakatlanuvchi suyuqlik yordamida yengillashtirilsa, elektrkuchaytirgichli rul boshqaruvida esa bu ish bevosita elektr energiyasi yordamida amalga oshiriladi. Misol uchun rul chambaragi burilayotgan paytda kuch ko‘ndalang val orqali rul mexanizmiga uzatilsa, elektrkuchaytirgichning burash lahzasi datchigi bu harakatni boshqaruv blokiga yuborish orqali vaziyatdan chiqadi.
Gidrokuchaytirgichli rul boshqaruvining afzalligi
1. Narxining arzonligi bilan alohida ajralib turadi.
2. Elektrkuchaytirgichli rul boshqaruviga qaraganda rul mexanizmiga burash lahzasini uzatish quvvati ancha katta bo‘lib, bu yuqori bosim ostida ushlab turishni ta’minlaydi.
Gidrokuchaytirgichli rul boshqaruvining kamchiliklari
1. Gidrokuchaytirgichli rul boshqaruvi bilan jihozlangan avtomobillarda rul chambaragini eng oxirgi holatda besh soniyadan ortiq ushlab turib bo‘lmaydi. Chunki bunday holatning ko‘p takrorlanishi tizimdagi maxsus suyuqlikning qizishiga hamda rul gidrokuchaytirgichining ishdan chiqishiga olib keladi.
2. Gidrokuchaytirgichli rul boshqaruvini kamida yiliga ikki marta muntazam nazorat qilib yurish zarur. Shuningdek, doimo tizimdagi maxsus suyuqlikni ma’lum muddatlarda almashtirish uning darajasini kuzatib borish hamda shlang va o‘tkazgichlarda yoriqlar paydo bo‘lmaganini nazorat qilib zarur.
3. Gidrokuchaytirgichli rul boshqaruvi to‘g‘ridan-to‘g‘ri dvigatelning ishiga qaram bo‘lib, qachon nasos faoliyatini boshlaganda dvigatel quvvatining bir qismini o‘zi uchun tortib oladi. To‘g‘ri yo‘lda katta tezlikda harakatlanayotganda esa nasos tortib oladigan dvigatelning ma’lum quvvati bekor sarflanadi. Chunki bunday paytda gidrokuchaytirgichli rul boshqaruviga deyarli, ehtiyoj sezilmaydi.
4. Gidrokuchaytirgichli rul boshqaruvi bilan jihozlangan avtomobillarda haydovchi tomonidan avtomobilning harakatlanishi va foydalanish holatidan kelib chiqib, gidrokuchaytirgich ishini sozlash imkoni yo‘q. Katta tezlikda harakatlanayotganda gidrokuchaytirgichning rul chambaragi harakatiga ta’sirchanligi kamayadi. Bu esa bunday paytda haydovchi to‘satdan qisqa manevrlarni amalga oshirishiga imkon bermaydi.
Elektrkuchaytirgichli rul boshqaruvining afzalligi
1. Tuzilishi va foydalanishning oddiyligi. Bunday rul boshqaruvi bilan jihozlangan avtomobillarni boshqarayotgan haydovchidan faqatgina tebranib turuvchi podshipniklarning holatini kuzatib turish talab etiladi.
2. Elektrkuchaytirgichli rul boshqaruvining ixcham o‘lchamlari joyni tejash uchun imkon beradi. Bir qancha avtomobillarga aynan, kapot ostiga emas, balki rul vali bilan yaxlit holda avtomobil saloniga o‘rnatiladi.
3. Elektrkuchaytirgichli rul boshqaruvi tufayli yonilg‘ini tejash imkoni paydo bo‘ladi. Chunki elektrkuchaytirgichli rul boshqaruvida gidrokuchaytirgichli rul boshqaruvidan farqli ravishda, nasos motori faqatgina rul burilayotganda faol holatga keladi. Bundan tashqari, u dvigatelni zo‘riqtirmaydi va uning quvvatini tortib olmaydi.
4. EBU yordamida elektrkuchaytirgichning ishlash holatini ehtiyojingizga va ma’lum bir foydalanish sharoitiga qarab sozlash mumkin.
5. Elektrkuchaytirgichli rul boshqaruvi o‘rnatilgan avtomobillarda rul chambaragini eng oxirgi holatda vaqt cheklovlarisiz bemalol ushlab turish mumkin.
6. Katta tezlikda harakatlanayotganda rul chambaragining kichik harakatiga ham ta’sirchanlik ortadi.
Elektrkuchaytirgichli rul boshqaruvining kamchiliklari
1. Narxining balandligi.
2. Elektr motorning quvvati kamligi bois, uni biroz og‘irroq bo‘lgan transport vositalari, jumladan, yirik krossover, pikap va yuk avtomobillariga o‘rnatib bo‘lmaydi.
Shuni alohida ta’kidlash kerakki, har ikkala kuchaytirgichli rul bosharuviga ega bo‘lgan avtomobillar ham haydovchilarga qulaylik yaratish bilan birga, ularning xavfsizligi uchun xizmat qilishi turgan gap. Shuning uchun avtomobil xarid qilishda, aynan mana shu jihatga alohida e’tibor qaratishni maslahat bermaymiz. “GM Uzbekistan” avtomobil zavodida ishlab chiqarilgan avtomobillardan Matiz, Nexia, Cobalt, Lacetti, Captiva avtomobillari va Sparkning LS M/T, LT M/T modifikatsiyalari gidrokuchaytirgichli rul boshqaruvi bilan jihozlangan.
Malibu, Orlando avtomobillari va Sparkning LT A/T modifikatsiyasi elektrokuchaytirgichli rul boshqaruvi bilan jihozlangan.