Metro poyezdlarining o‘rtacha yoshi 38 yoshni tashkil qiladi

Metro poyezdlarining o‘rtacha yoshi 38 yoshni tashkil qiladi

Bugun, 3 oktyabr kuni “Novza” metro bekatidan harakatlangan 10-sonli poyezd harakati vaqtida qisqa tutashuv sodir bo‘lgan. Mashinist esa belgilangan yo‘riqnomaga asosan “Mustaqillik maydoni” bekatida yo‘lovchilarni tushirgan hamda harakat tarkibini tekshiruv yo‘lagi tomon olib borgan.

“Toshkent metropolitelini”  DUK  matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, hozirda barcha poyezdlar belgilangan jadval asosida harakatlanmoqda.

Toshkent metropoliteni bosh muhandis o‘rinbosari Abdutohir Abduqodirovning ma’lum qilishicha, hozirga qadar metropolitenda mavjud bo‘lgan 59 ta metro poyezdlaridan 44 tasi ishga tushirilganiga 21-40 yil bo‘lgan. 

Mutaxassis tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda metro poyezdlarining o‘rtacha yoshi 38 yoshni tashkil qiladi. O‘tgan 2021 yil oxirida Toshkent metropoliteni infratuzilmasiga mos bo‘lgan 5 ta, joriy yilda 14 ta to‘rt vagonli metro poyezdlari olib kelinishi rejalashtirilgan edi. Shunda poyezdlarning umumiy soni 80 taga yetkazilib, metro poyezdlarining o‘rtacha yoshi 38 yoshdan 26 yoshga qisqartirilishi belgilangan. 

Shuningdek, Abdutohir Abduqodirovning so‘zlariga ko‘ra, yo‘lovchilarga qulaylik yaratish maqsadida eski vagonlarni ham kapital ta’mirlash ishlari amalga oshirilgan. 2022 yilda 10 ta vagonni kapital ta’mirdan chiqarish rejalashtirilgan. Belgilangan tartibga ko‘ra, poyezdlar har 6 soatda texnik ko‘rikdan o‘tkaziladi. Ularni kapital ta’mirlash muddati – 31 yil. Hozirda 23 ta shunday o‘z muddatini o‘tagan vagonlar mukammal ta’mirdan chiqarilib, yo‘lovchilar uchun xizmat qilmoqda. 

Qayd etilishicha, xodimlar tomonidan 24 soat davomida metrodagi yo‘lovchilarning xavfsizligi uchun harakat qilinadi. Texnik nosozliklar kuzatilganda mutaxassislar tomonidan kompyuterlashtirilgan tizim orqali tekshiriladi va kamchilik bartaraf etiladi.

Сайтимиз хабарларини Одноклассникидаги саҳифамизда кузатиб боринг!

Мавзу:

#поезд